Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi mumkin: Tramp yangi bayonot berdi

AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin vaqt ichida strategik jihatdan nihoyatda muhim sanalgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishi ehtimolini istisno qilmasligini ma’lum qildi. U bu haqda jurnalistlar bilan muloqoti chog‘ida to‘xtalib o‘tdi.
Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, agar barcha jarayonlar reja asosida kechsa, yaqin kunlarda dengiz orqali kema qatnovi to‘liq tiklanishi mumkin. Trampning fikricha, bu yo‘nalish ustidan AQSH va Eron tomonidan birgalikda nazorat o‘rnatilishi ham ehtimoldan xoli emas.
Shuningdek, Amerika yetakchisi Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarga ham alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “samarali va konstruktiv” muloqotlar natijasida Vashington hozircha Eronning energetika infratuzilmasiga zarba berish rejasini kechiktirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner 22 mart kuni kechqurun Eron tomonining yuqori martabali vakili bilan muzokara o‘tkazgan. Tomonlar ehtimoliy kelishuvga erishishdan manfaatdor ekanini bildirgan va aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan.
Biroq Tramp muzokaralar natijasiga hali ham ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Uning aytishicha, agar kelishuv amalga oshsa, muammo tinch yo‘l bilan hal qilinishi mumkin. Aks holda, AQSH o‘z pozitsiyasidan chekinmasligini va bosimni kuchaytirishda davom etishini bildirdi.
Eron rasmiylari esa hozircha AQSH rahbari bilan hech qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita muloqot bo‘lmaganini ta’kidlab, bu boradagi ma’lumotlarni rad etmoqda.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon energetika bozori uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi. U orqali neft va gaz ta’minotining qayta tiklanishi global bozorda narxlarning pasayishiga, shu bilan birga yoqilg‘i qiymatining arzonlashishiga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 3 mart kuni Eron ushbu bo‘g‘oz yopilganini e’lon qilgan edi. Mamlakat harbiylari bu hududdan o‘tishga urinilgan har qanday kemalarga nisbatan kuch ishlatilishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Shu orada xalqaro maydonda ham bu masala dolzarb bo‘lib qolmoqda. Xususan, NATO bosh kotibi Mark Ryutte a’zo davlatlar bo‘g‘ozni birgalikda ochish masalasini muhokama qilayotganini bildirgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH tomoni Eronni bosim ostiga olish maqsadida Xark oroli atrofidagi vaziyatni ham ko‘rib chiqmoqda.
Qisqasi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi geosiyosiy o‘yinlar yanada keskin tus olmoqda. Kelgusi kunlar esa nafaqat mintaqa, balki butun jahon energetika bozori taqdiri uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!