00:12 / 03.01.2019
4 563

Moliya vaziri: O‘zbekistonda qancha oltin mavjudligi e’lon qilinadi

Moliya vaziri: O‘zbekistonda qancha oltin mavjudligi e’lon qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston oltin zaxirasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tez kunlarda e’lon qilinishini ma’lum qildi deb yozadi Kun.uz nashri.

«2018 yil davomida ochiq jamiyat sharoitida yashashga o‘rgandik. Bu hammamiz uchun yangilik, bu - prezident siyosati. Xalq bilan muloqot. Bu degani faqat prezident qabulxonasida emas, hamma joyda (muloqot - tahr.) bo‘lishi kerak. Shuning uchun, e’tibor qilgan bo‘lsangiz, Hukumat barcha bloklarda, xususan iqtisodiyot bloki haqida gap ketganda, doimiy ravishda hamma ma’lumotlarni ochiq-oydin e’lon qilish tartibiga o‘tdi.

Hozircha berkitilgan hech nima qolmadi. O‘zbekistonda qancha oltin zaxirasi mavjudligi, o‘ylaymanki, yaqin haftalarda e’lon qilinadi. Chunki, u mamlakatning boyligi», - deydi u.

Hozirgacha mamlakat Markaziy banki 2018 yil boshidan buyon oltin-valyuta zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ommaga e’lon qilib kelyapti. 2018 yil oktyabrda e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi oltin-valyuta zaxiralari 26,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Ulardan xorijiy valyutadagi aktivlar - 12,4 mlrd dollar (sentyabrda 12,9 mlrd dollar bo‘lgan), monetar oltin - 13,9 mlrd dollar. Sof oltin-valyuta zaxiralari 25,4 mlrd dollarga teng, deya e’tirof etilgandi.

Oltin-valyuta zaxiralari davlatning yuqori likvidligi bilan ajralib turuvchi aktivlaridir. Ular maxsus davlat strukturalari (davlat g‘aznasi va markaziy banklari, AQShda Federal zaxira tizimi) tomonidan nazorat qilinadi.

Oddiy so‘z bilan aytganda, oltin-valyuta zaxiralari davlatning oltin va boshqa mamlakatlar valyutalaridagi rasmiy zaxirasidir. Davlatning oltin-valyuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishini kafolatlaydi.

Davlat zaxiralari bilan ta’minlash qator vazifalarni amalga oshirish imkonini beradi. Ular jumlasiga mamlakat valyutasini qo‘llab-quvvatlash, davlat siyosatiga ishonchni saqlab turish, pul-kredit vositalarini boshqarish, inqirozli vaziyatlarda karaxtlikka tushib qolmaslik, mamlakatning ishonchlilik reytingini ushlab turish kabilar kiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Moliya vaziri: O‘zbekistonda qancha oltin mavjudligi e’lon qilinadi