00:22 / 26.04.2024
172

Markaziy bank raisi oxirgi oylarda dollar kursi nisbatan tezroq oshganiga izoh berdi

Markaziy bank raisi oxirgi oylarda dollar kursi nisbatan tezroq oshganiga izoh berdi
Foto: Markaziy bank
O‘zbek so‘mi yil boshidan buyon AQSH dollariga nisbatan 2,3 foizga qadrsizlandi. 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda devalvatsiya 10,5 foiz atrofida bo‘ldi.

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov 25 aprel kungi matbuot anjumanida joriy yilning birinchi choragida devalvatsiya sur’ati nisbatan tezroq bo‘lganiga izoh berdi.

1-chorakda dollar kursining oshishiga sabab – valyutaga bo‘lgan talab. Buni biz to‘g‘irlanish deb ataymiz. Bu talab 1-chorakda 17 foizga oshdi. Hammasini import bilan bog‘lay olmaymiz, importdan boshqa to‘lovlar bor. Masalan, tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlarimiz o‘tgan chorakka nisbatan 34 mln dollarga o‘sdi. Xuddi shu omillar bilan shakllanadigan jarayon bu.

Qo‘shni davlatlar valyutasi qadri nimaga oshyapti, bizda tushyapti degan savollarni ko‘rdim. Har bir davlatning o‘zining ichki iqtisodiy sharoiti bor. Qozog‘istonni misol qilib keltirishdi, ularda ikkita faktor bor. Birinchisi, davlat tomonidan kafolatlanmagan qarz olib kelish sezilarli oshdi. Ikkinchisi, barqarorlik suveren jamg‘armasi xarajatlari oshdi. Bu valyuta bozorida qo‘shimcha valyuta sotildi degani. Har bir davlatda qaysi rakursdan qarasak, talab va taklifdan kelib chiqadigan holat
”, – dedi Nurmurodov.

Markaziy bank raisi yana bir bor valyuta kursi talab va taklifdan kelib chiqib shakllanishini ta’kidlab, 25 aprelgi kungi valyuta savdolari yakunlariga ko‘ra so‘m dollarga nisbatan 50 so‘mga mustahkamlanganini misol sifatida keltirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunda savdolar vaqtidagi dollar taklifi (16 mln dollar) talabga nisbatan (11 mln dollar) sezilarli yuqori bo‘lgan, natijada milliy valyuta mustahkamlangan.

MB 26 apreldan boshlab belgilagan AQSH dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi – 12 640,21 so‘m bo‘lib, bu 25 aprel kungi kursdan 49,76 so‘mga arzon.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Markaziy bank raisi oxirgi oylarda dollar kursi nisbatan tezroq oshganiga izoh berdi