Jangarilar safiga qo‘shilgan O‘zbekiston fuqarosi o‘z oilasini Suriyaga olib ketayotganda qo‘lga olindi

  • 09 avgust 2017, 13:14
  • 6 229
  • Jamiyat
  • Jangarilar safiga qo‘shilgan O‘zbekiston fuqarosi o‘z oilasini Suriyaga olib ketayotganda qo‘lga olindi
    So‘x tuman sudi 27 yoshli Abroriddin Nizomovga 6 yillik qamoq jazosi tayinladi.
    Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida “Jabhat an-Nusra” terrorchilik tashkilotiga qo‘shilishni maqsad qilgan fuqaro aniqlandi.
    Ma’lum bo‘lishicha, 3 aka-uka Abroriddin, Ahkomiddin va Ibrohim Nizomovlar diniy ekstremistik oqimi domiga tushib qolgan. Ular Suriya hududiga o‘z oilalarini ham olib ketishni maqsad qilishgan edi.

    Voqeaning shu darajaga etib kelishi bir necha yil avvalgi hodisaga borib taqaladi. 2014 yilda Ahkomiddin Nizomov ishlash uchun Vladivostok shahriga jo‘nab ketadi. U erda esa u “Jihodizm” diniy tashkilot tarafdorlari orasiga tushib qoladi. Shu tariqa, u guruh a’zolari tomonidan ilk ta’limni olib, keyinchalik “Al-Azxar” universitetida o‘qish uchun Misrga ketadi. 2015 yilda esa Suriyaga xijrat, ya’ni diniy safar uyushtirgan.

    “Jabhat an-Nusra” tashkilotining jangarisiga aylangan Ahkomiddin Nizomov Ibrohim va Abroriddin Nizomovni ham jang qilish uchun oilalari bilan Suriyaga kelishlarini so‘raydi.
    Bu paytda Qozonda ishlagan Ibrohim Ozarbayjon orqali Turkiyaga jo‘nab ketadi. Bu erdan Suriyaga o‘tishni maqsad qilgan edi.
    Abroriddin Nizomov ham Ahkomiddinning chaqiruvini olgach, ketish uchun tayyorlanadi. U oilasiga tegishli barcha mol-mulkni sotib, 2016 yil oktyabr oyida noqonuniy ravishda Qirg‘izistonga jo‘nab ketadi. U erda Murod ismli kishi bilan tanishib, oilasini O‘zbekistondan olib chiqib ketish rejasini tuzadi.

    Aka-ukalarning onasi Saidbi Nizomova, Abroriddinning rafiqasi Bibisalima, 2 nafar voyaga etmagan farzandlari, Ibrohimning rafiqasi Sharifaxon va uning 3 nafar voyaga etmagan bolalari So‘x tumani hududidan chiqib ketishadi. Qirg‘izistonning Batkent viloyati Qadamjo tumanida ularni Abroriddin va Murod kutib olib, O‘sh shahriga olib borishadi.

    Nizomovlar oilasi O‘sh shahridagi xonadonlardan biriga joylashadilar, Abroriddin esa Suriyaga o‘tish rejasini tuzadi. Unga bu borada Qozog‘iston fuqarosi Oljeys ko‘maklashadi. U Nizomovlar oilasi a’zolariga qalbaki hujjatlar tayyorlab beradi. Soxta hujjatlarga ko‘ra, Abroriddin Nizomov Tojikiston fuqarosiga aylanadi. Shundan so‘ng, Oljeys Nizomovlar oilasini Bishkekdagi xonadonga ko‘chiradi.

    2016 yil dekabr oyida Nizomovlar oilasi qirg‘iz-qozoq chegarasini bosib o‘tib, Taraz shahriga etib borishadi. 2017 yilning yanvar oyida ular Qozog‘iston huquqni saqlash idoralari tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga yuborildi.

    Qalampir.uz caytining xabar berishicha, So‘x tuman sudi to‘plangan ma’lumotlar asosida 27 yoshli Abroriddin Nizomovni Jinoyat kodeksining 223 moddasi (chet elga noqonuniy ravishda chiqish va O‘zbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy kirish), 228 moddasi (qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhr, blank tayyorlash va ulardan foydalanish), shuningdek, 244-2 moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamental yoki shu kabi taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etish, tashkil etish va boshqarish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 6 yilga qamoq jazosi tayinladi.

    Uning onasi va rafiqasi, shuningdek, Ibrohim Nizomovning rafiqasi noqonuniy ravishda chet elga chiqib ketgani va O‘zbekistonga noqonuniy kirgani uchun ularga nisbatan 2 yillik qamoq jazosi tayinlandi.

    » » Jangarilar safiga qo‘shilgan O‘zbekiston fuqarosi o‘z oilasini Suriyaga olib ketayotganda qo‘lga olindi