Vaqtincha propiskada turganlar saylov payti qanday ovoz beradi?

  • 08 dekabr 2019, 19:15
  • 588
  • Jamiyat
  • Vaqtincha propiskada turganlar saylov payti qanday ovoz beradi?
    Saylov kuniga ham oz qoldi. Shu kunlarda aholini eng koʻp oʻylanirayotgan savollardan biri, rasman vaqtincha propiskada turgan yoki umuman biror joyda vaqtincha hisobga olinmasdan, shunchaki boshqa hududda yashab yurgan fuqarolar qayerdan ovoz berishi mumkinligi haqida boʻlmoqda.

    Markaziy saylov komissiyasi ushbu masalaga oydinlik kiritdi.
    Fuqarolarni saylovchilar roʻyxatiga kiritish masalalarida yagona amaliyotni qoʻllash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qaror qabul qilingan. Unda quyidagilar belgilandi:

    Birinchidan, saylovchining qaysi saylov uchastkasi boʻyicha (doimiy yoki vaqtincha propiska (hisobda turish) joyi boʻyicha) saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi uchastka saylov komissiyasi oʻtkazadigan uyma-uy yurish natijalariga koʻra aniqlanadi. Bunda, saylov uchastkasi hududida vaqtinchalik yashayotgan fuqarolar boʻlsa, ularning ovoz berish kuni ushbu hududda boʻlishi yoki boʻlmasligi oʻzaro suhbat chogʻida uchastka saylov komissiyasi aʼzosi tomonidan aniqlanadi va saylovchini vaqtincha yashab turgan joyi boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga kiritish masalasi hal etiladi.

    Saylov uchastkasi hududida vaqtinchalik yashayotgan fuqarolar bilan shaxsan suhbat qurish imkoniyati boʻlmasa, ular vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi saylovchilar roʻyxatiga kiritilmaydi.

    Ikkinchidan, agar saylovchi propiskada turmasa, vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi va ovoz berishi mumkin.

    Bunda saylovchi yashab turgan joyidagi saylov uchastkasi boʻyicha roʻyxatga kiritilishi uchun shu hududdagi uchastka saylov komissiyasiga saylovga kamida uch kun qolgunga qadar (19-dekabrgacha) murojaat qilishi mumkin.

    Fuqaro haqiqatan saylov uchastkasi joylashgan hududda vaqtincha yashayotganini qoʻshimcha hujjatlar (vaqtincha yashash maʼlumotnomasi va boshqalar) bilan tasdiqlashni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yaʼni shunchaki “saylov kuni men mana shu hududda boʻlaman”, deb murojaat qilsa yetarli boʻladi.

    Uchastka saylov komissiyasi fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida saylovchining qaysi saylov uchastkasi boʻyicha roʻyxatga kiritilganligini saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan (SYAER) izlab topadi va muddatidan oldin ovoz bergan yoki bermaganligini aniqlashtiradi. Muddatidan oldin ovoz bergan boʻlsa roʻyxatga kiritilmaydi.

    Uchinchidan, saylovchi ovoz berish kuni (22-dekabr) doimiy yoki vaqtincha propiska (hisobda turish) joyi boʻyicha murojaat qilganda, agar u saylovchilar roʻyxatiga kiritilmagan boʻlsa, uchastka saylov komissiya aʼzosi tizimga kirib ushbu fuqaroni SYAERdan izlab topadi.

    Izlab topgandan soʻng aloqa vositalari orqali saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylov uchastkasida ovoz bergan/bermaganligini aniqlashtiradi. Shundan soʻng saylovchini saylovchilar roʻyxatining ilovasiga kiritgan holda unga saylov byulletenini beradi. Narigi uchastka saylov komissiyasi saylovchi boshqa saylov uchastkasida ovoz berganini qayd etib qoʻyadi.

    Agar fuqaro boshqa saylov uchastkasida ovoz bergan boʻlsa, unda ovoz berish rad etiladi, chunki 1 kishi 1 ovozga ega.

    Toʻrtinchidan, agar saylovchi ovoz berish kuni (22-dekabr) hisobga olinmagan (propiskada turmagan) joyi boʻyicha uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilganda, fuqaroning doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi boʻyicha boshqa saylov uchastkasida ovoz berishi kerakligi tushuntiriladi hamda ovoz berish rad etiladi.

    Xulosa qilib aytganda, rasmiy vaqtincha propiskaga ega boʻlgan fuqarolar saylov kuni bemalol yashab turgan saylov uchastkasiga borib ovoz berishlari mumkin, rasmiy roʻyxatdan oʻtmasdan yashayotganlar esa 19-dekabrgacha murojaat qilib qoʻyishlari kifoya qiladi. Saylov kuni borsa, roʻyxatdan oʻtmasdan yashayotgan hududida ovoz bera olmaydi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Vaqtincha propiskada turganlar saylov payti qanday ovoz beradi?