Toshkentda talaba yigit voyaga yetmagan bolalarga majburan diniy saboq berib kelgani aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Toshkentda talaba yigitning voyaga yetmagan 9 nafar bolaga tazyiq o‘tkazib kelgani aniqlangan. 1992 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan ushbu shaxs poytaxtdagi nodavlat oliy ta’lim muassasasining 2 bosqich talabasi bo‘lib, Yangihayot tumanidagi xonadonlardan birini ijaraga olib, moddiy manfaat evaziga 2014–2021 yillar oralig‘ida bolalarga diniy saboq o‘tkazgan.
Tekshiruv jarayonida 49 dona turli diniy mazmundagi kitoblar, 24 dona diniy darsliklar yozilgan daftarlar va 1 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarga majburiy ravishda saboq berilgan, ayrim hollarda ularga tan jarohatlari yetkazilgan. Shuningdek, bolalardan 6 nafari 2 oydan 8 oygacha umumta’lim maktabidagi darslarga qatnashmagan, uyda majburan saqlangan va ko‘chaga chiqishga ruxsat berilmagan.
Hozirda olingan diniy adabiyotlar va kompyuter texnikasi bo‘yicha ekspertizalar tayinlangan va talaba yigitga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, bolalarning ota-onalariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-moddasi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!