Bolani urgan tarbiyachi uzr so‘radi: “Xalqim, kechiring”

Ohangaron shahridagi maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan noxush holat keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda tarbiyachining bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatib, uni haqorat qilayotgani aks etgani ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat ortidan tarbiyachi Sh.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani xabar qilingan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, u jamoatchilikka videomurojaat qilib, o‘z qilmishi uchun kechirim so‘radi.
“Qilgan ishimdan chin dildan pushaymonman. Xalqimdan uzr so‘rayman. Bu xatoni boshqa takrorlamaslikka so‘z beraman. Juda qattiq afsusdaman. Iltimos, meni kechiringlar”, — dedi u murojaatida.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi ham mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, voqea atroflicha o‘rganilganini ma’lum qildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, muassasa rahbariyati tomonidan tarbiyachi bilan mehnat munosabatlari videoning o‘zi tarqalgan kuniyoq bekor qilingan.
Mutaxassislar bunday holatlar bolalar tarbiyasi va xavfsizligi masalasiga yanada jiddiy yondashish zarurligini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, jamoatchilik ham bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlikka mutlaqo toqat qilmaslik kerakligini bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!