40 yoshli Manuel Noyer fantastik o‘yini bilan hafta qahramoniga aylandi

Yevropa Chempionlar ligasida yana bir yorqin hafta ortda qoldi va unda o‘z mahorati bilan barchani hayratga solgan futbolchi sifatida “Bavariya” posboni Manuel Noyer tan olindi. 40 yoshli tajribali darvozabon turnir matbuot xizmati tomonidan haftaning eng yaxshi futbolchisi deb eʼlon qilindi.
Chorak final bosqichida “Real Madrid”ga qarshi kechgan keskin bahsda (1:2) germaniyalik kiper haqiqiy devorga aylandi. U o‘yin davomida to‘qqizta seyv amalga oshirib, jamoasini yana-da yirik hisobdan saqlab qoldi. Eʼtiborlisi, bu natija Noyer uchun 2017 yildan beri Chempionlar ligasi pley-off bosqichidagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.

Ovoz berish jarayoni ham ancha qiziqarli kechdi. Noyer o‘z raqobatchilarini ishonchli tarzda ortda qoldirdi. Jumladan, “Arsenal” darvozaboni David Rayya “Sporting”ga qarshi “quruq” o‘yin o‘tkazganiga qaramay, birinchi o‘rinni qo‘lga kirita olmadi. Shuningdek, “PSJ” safida “Liverpul”ga qarshi gol urgan Xvicha Kvarasxeliya va “Atletiko” hujumchisi Xulian Alvares ham ovoz berishda nemis posbonidan ortda qoldi.
Bu natija yana bir bor shundan dalolat beradiki, yosh faqat raqam, haqiqiy klass esa maydonda namoyon bo‘ladi. Noyer esa hali ham yuqori darajada o‘ynab, yoshlarga master-klass ko‘rsatishda davom etmoqda. Muxlislar uchun esa bunday o‘yinlar — to‘liq adrenalin va futbol zavqining o‘zi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!