12:47 / 20.12.2019
4 338

Propiska tizimida jiddiy o‘zgarish kutilmoqda

Propiska tizimida jiddiy o‘zgarish kutilmoqda
2021 yilga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy va vaqtinchalik propiska qo‘yish tartibida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev va IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Muhamedov «Kun.uz» nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Jurnalist tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga propiskaga qo‘yish masalasi Sobiq ittifoqdan qolgan tizim ekanligi, tarmoqlarda fuqarolar bundan norozi ekanligi to‘g‘risidagi savolga IIV o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ushbu masala ustida ish olib borilayotganini bildirgan. Bu masalani bir kunni o‘zida hal qilishni o‘zi noto‘g‘ri bo‘lishini, masala uzoq tahlillarni talab qilishini qayd etgan.

«Bugungi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska masalasi avvalo qonun bilan tartibga solingan. Bu qonunni tartibga solish esa o‘rganishlarga asoslangan. Aytib o‘tganingizdek, bu masalada murojaatlar juda ko‘p.

Nima uchun Toshkent shahriga propiska yopiq? Biroz izoh bermoqchiman. Propiska yopiq, degan ibora sal noo‘rin, deb hisoblayman. Sababi qonun bilan tartibga solingan 12 ta modda bor. Unga ko‘ra kimlar propiskaga o‘tishi belgilab berilgan.

Prezidentning 2018 yil 26 dekabrda qabul qilingan ‘O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida’gi 4079-sonli qarori bilan 2021 yildan respublika hududida personallashtirilgan ID kartalar joriy qilinadi.

Hozirda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalari o‘rganilmoqda. ID kartalarni kiritish chog‘ida propiska masalasini ham soddalashtirish rejalashtirilmoqda», — deydi Ulug‘bek Muhamedov.

Doniyor Toshxo‘jayevning ta’kidlashicha, bu masala hozirda Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha ta’lim va boshqa vazirliklar bilan ushbu masala o‘rganilmoqda. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra propiska ochilsa, millionlab fuqaro Toshkentga keladi va tabiiyki, davlat o‘sha fuqarolari oldidagi majburiyatlarini bajarishi kerak bo‘ladi. Ya’ni maktab o‘quvchilari maktabga, bog‘cha yoshidagilar bog‘chaga joylashishi, fuqarolar ishga joylashishi, tibbiy va boshqa xizmatlardan foydalanishi kerak. Vazirliklar esa bu borada imkoniyatlarni o‘rganmoqda.

Vazir o‘rinbosari bu o‘rganishlarning yakuniy muddatini aniq ayta olmadi, lekin eng uzog‘i 2021 yilgacha, ya’ni ID kartalarga o‘tish paytida bu masala hal bo‘lgan bo‘lishini bildirdi.

«Savolni aniq berdingiz, propiska tizimi qachon bekor qilinadi? Shu o‘rinda bir narsani eslatib o‘tmoqchiman, bizga propiska tizimini bekor qilish masalasi qo‘yilgan, lekin qayd qilish masalasi bor. Barcha vazirliklar imkoniyati o‘rganib chiqilgach, ID kartalar orqali fuqarolarga yengillik yaratiladi. Bu tizim orqali propiska tizimini to‘la yo‘qotish nazarda tutilgan», — deydi Ulug‘bek Muhamedov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Propiska tizimida jiddiy o‘zgarish kutilmoqda