15:53 / 17.05.2018
4 011

Jeyms Moran: "O‘zbekiston jahon sahnasida yorqin yulduzlardan biri bo‘ladi!"

Жеймс Моран: "Ўзбекистон жаҳон саҳнасида ёрқин юлдузлардан бири бўлади!"
Taniqli amerikalik siyosatchi, AQSh Kongress vakillari palatasi a’zosi Jeyms Patrik Moran “Uzbekistan Today” muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida o‘z fikrini bildirdi.

– Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi – ikki davlat munosabatlarini mustahkamlash uchun muhim voqeadir. Bu haqda nima deb o‘ylaysiz?

– Bu tarixiy tashrifdir. O‘zbekiston Afg‘onistonda muhim rol o‘ynaydi va shu munosabat bilan Qo‘shma Shtatlarning ittifoqdoshi sifatida qaralishi kerak. Ushbu tashrif bilan AQShda ko‘plab odamlar mamlakatingiz, iqtisodiyot, madaniyat va ijtimoiy hayotdagi yosh mustaqil respublikaning taraqqiyoti haqida ko‘proq bilib olishadi. Ammo bu faqat birinchi qadamdir.

Misol uchun, men O‘zbekiston amerikaliklar uchun asosiy sayyohlik “Makka” bo‘lishiga ishonaman. Sizning davlatingiz dunyodagi eng mashhur, tarixiy joylardan biri bo‘lib, ota-bobolaringiz insoniyat tamadduni rivojlanishida muhim rol o‘ynagan. Amerikaliklar va yevropaliklar O‘zbekiston tarixi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lganlarida, shubhasiz, u yerga safarga borishni xohlaydilar. Turizm esa respublika iqtisodiyotiga yordam beradi. Sayohatchilar va turistlar ortidan bizning tadbirkorlarimiz siz bilan birga biznes yuritishni istaydilar. Iqtisodiyot, xalqaro savdo O‘zbekiston aholisining turmush darajasini ham oshiradi. Va bu Prezident Mirziyoyev Prezident Tramp bilan gaplashadigan mavzudir.

– Afg‘oniston haqida eslab o‘tdingiz. Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasida yangragan istiqbollar haqida qanday fikrdasiz?

– Toshkent konferensiyasi mintaqadagi vaziyatni rivojlantirishda katta yutuqdir. U mintaqaviy o‘yinchilarni bir stol atrofiga to‘plab, tinchlik jarayonida yanada ko‘proq hamkorlikka rag‘batlantirdi.

Afg‘oniston ham O‘zbekiston, ham AQShning ittifoqdoshi bo‘lishi kerak. Prezident Mirziyoyev o‘zining tinchlik tashabbuslari bilan juda muhim tadbirlarni amalga oshirdi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan birgalikda ular bu mamlakatda juda ko‘p muammolar tug‘dirgan ekstremizmga qarshi kurashishdan manfaatdordir. O‘ylaymanki, O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq vaqtdan beri kutilgan tinchlik o‘rnatish uchun harakatda asosiy kuchga aylanishi mumkin. Ishonchim komilki, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston siyosatchilari – Tashqi ishlar vaziri Komilov, senator Safoyev va boshqa ko‘plab kishilarning fikrlarini diqqat bilan tinglaydi. Bu amerikalik rasmiylarga Afg‘oniston bilan qanday qilib yaxshi kelishish va sayyoramizning bu qismiga tinchlik va farovonlik keltirishi haqida xabar berishi mumkin.

– Sizning fikringizcha, bizning mamlakatimizdagi AQSh investitsiyalarini sezilarli darajada oshirish mumkinmi?


– Bunga umid qilaman. Shavkat Mirziyoyev Amerika biznes doiralari O‘zbekistonga sarmoya kiritishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Men Amerika korporatsiyalari vakillari O‘zbekiston Prezidentining muzokaralar davomida nafaqat AQSh Prezidentiga, balki AQShga tashrifi chog‘ida ham amerikalik ishbilarmonlarga yuzlanishiga diqqat bilan quloq soladi, deb o‘ylayman.

Amerika korporatsiyalari pul topish va biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan joyda investitsiya kiritishni xohlashlari aniq. Sizning respublikangizda bunday sharoitlar mavjudligiga aminman. O‘zbekistonda odamlar juda mehnatkash, mutaxassislar va ishchilar savodli va yaxshi ma’lumotga ega. Amerikalik biznesmenlar buni tushunib yetgach, O‘zbekiston porloq istiqbolga ega ekanini anglashgach, ular o‘sha istiqbolni yaratilishida ishtirok etishni va o‘z mablag‘larini investitsiyalashni boshlashni istashadi.

Shu munosabat bilan men O‘zbekiston Adliya vazirligi bilan hamkorlik haqida gapirishni istardim, uning yordamida men hozirda faoliyat olib borayotgan xalqaro huquqiy firma bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashni muhokama qildik. Ushbu hujjat O‘zbekistonda sudyalar va yuristlarni G‘arbning huquqiy tizimi bo‘yicha tayyorlashga yordam beradi. Shu tarzda O‘zbekiston Amerika va Yevropa biznes hamjamiyatini qonun ustuvorligiga rioya qilish ularning tizimiga mos kelishini, O‘zbekistondagi huquqiy normalar xalqaro korporatsiyalarning talablarini qondirishini ta’minlashga qodir bo‘ladi. Bu sarmoyadorlarga va yirik xalqaro kompaniyalarning O‘zbekistonga dadil ravishda investitsiyalar kiritish mumkinligiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

– Sizningcha, Prezident Mirziyoyevning tashrifi amerikaliklarga yangi O‘zbekistonni ochishga imkon beradimi?

– Bunga ishonchim komil! Prezident Shavkat Mirziyoyev – hozirda O‘zbekistonning siymosi. Uning so‘zlarini tinglagan har bir kishi unga ishonishi mumkinligini his qiladi. O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlarning ittifoqchisi bo‘lish istagi borligiga va har ikki mamlakatning yorqin kelajakka ega ekanligiga ham ishonadi. Men Shavkat Mirziyoyevning tashrifi XXI asrda O‘zbekiston tarixida juda muhim bosqich bo‘lib qolishiga shubha qilmayman.

Umuman olganda, men bizni ajratadigan katta masofaga qaramay, o‘zimizni qo‘shnilar va do‘stlar deb bilishimiz kerakligiga chin dildan ishonaman.

So‘zim oxirida sizning mamlakatingiz Prezident Mirziyoyev rahbarligida barcha postsovet davlatlari uchun iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy taraqqiyot va texnologik rivojlanish nazaridan standartlarni o‘rnatishi mumkinligini ta’kidlashni istardim. Umid qilamanki, O‘zbekiston jahon sahnasida yorqin yulduzlardan biri bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Jeyms Moran: "O‘zbekiston jahon sahnasida yorqin yulduzlardan biri bo‘ladi!"