Endi O‘zbekistonda ham har biri kishi majburiy tibbiy sug‘urta qilinadi

  • 10-11-2018, 06:41
  • 1 209
  • O‘zbekiston
  • Endi O‘zbekistonda ham har biri kishi majburiy tibbiy sug‘urta qilinadi
    Bu haqda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

    Prezident rasmiy-veb saytining xabar berishicha, davlatimiz rahbari barcha islohotlardan asosiy maqsad odamlar hayotini yaxshilash ekani, sifatli tibbiy xizmat bu borada muhim o‘rin tutishini ta’kidlagan.

    Keyingi ikki yilda Prezidentning sohaga oid 50 ta farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining 70 dan ziyod qaror va farmoyishlari qabul qilindi. 6 ta yangi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilib, ularning soni 16 taga yetdi. Xalqimizga yanada qulay bo‘lishi uchun hududlarda ularning 10 ta filiali ish boshladi. Tuman va shahar shifoxonalarida 306 ta yangi ixtisoslashgan bo‘limlar, 1 ming 200 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi ochildi.

    Umuman olganda, joriy yilda tibbiyot sohasiga davlat byudjetidan 2017 yilga nisbatan 40 foiz ko‘p mablag‘ ajratildi. Yig‘ilishda kelasi yil sohaga qariyb 30 foiz ko‘p mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgani qayd etildi.

    Prezidentning kuni kecha qabul qilingan “Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi yana bir ijobiy yangilik bo‘ldi. Unga muvofiq, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 1 dekabrdan 20 foizga, 2019 yil 1 apreldan yana 15 foizga oshiriladi.

    Farmon va qarorlar chiqarilib, sohaga shuncha imkoniyatlar yaratildi, dolzarb masalalar hal qilib berildi. Lekin sog‘liqni saqlash tizimida kutilgan natijalar ko‘rinmayapti. Ayniqsa, tumanlar, chekka qishloqlardagi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub o‘zgarishlarni o‘z hayotida sezayotgani yo‘q, dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Joriy yilning o‘tgan davrida Prezidentning Virtual qabulxonasiga tibbiyot sohasiga doir 45 mingdan ziyod murojaat kelib tushgani, bu sohada hali muammolar borligini ko‘rsatishi qayd etildi.

    Masalan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi, tuman markaziy shifoxonalarining moddiy-texnika bazasi va malakali kadrlar bilan ta’minlanish darajasi talabga javob bermaydi. Buning oqibatida hududlardagi bemorlar katta mablag‘ sarflab, Toshkent shahriga kelishga yoki chet davlatlarga borishga majbur bo‘lmoqda.

    Shu bois yig‘ilishda tibbiyot tizimidagi muammolarni vaqtida aniqlash va hal etish, buning uchun hududlardagi holatni to‘liq qayta ko‘rib chiqish, o‘rganishlarda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikadan markaziy tibbiyot muassasalarigacha qamrab olish kerakligi ta’kidlandi.

    Tibbiy xizmat ko‘rsatishda respublika, viloyat, tuman va qishloq bo‘g‘inlari o‘rtasida bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda, avvalo, mahallalarda profilaktika ishlari va tibbiy ko‘riklar yaxshi tashkil etilib, kasalliklarning oldi olinadi, zarur hollarda bemorlar tuman va viloyat markazlariga yuboriladi. Tuman tibbiyot birlashmalari esa kasallarni imkon qadar o‘zida davolab, og‘ir bemorlarni viloyat va respublika muassasalariga yo‘naltiradi. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari esa o‘z ixtisosligi bo‘yicha yagona metodik, texnologik, davolash va profilaktika siyosatini amalga oshirib, aholi salomatligini mustahkamlaydi.

    Yig‘ilishda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Onalar va bolalar o‘limiga sabab bo‘layotgan omillarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

    Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni profilaktika qilish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi. Qator ixtisoslashtirilgan markazlarning bu boradagi faoliyati tanqid qilindi.

    Ayrim hududlarda yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash ishlari ham qoniqarli emas. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida gepatit, o‘pka sili bilan kasallanish soni respublika bo‘yicha 20 foizgacha kamaygan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida kamaymagan.

    Shu bois respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlaridagi moddiy-texnik baza va davolash holatini o‘rganib, mavjud kamchiliklarni hal etish, OITSning oldini olish, xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslarni majburiy test tekshiruvidan o‘tkazishning qonuniy mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

    Xususiy tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yanada kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Xususiy tibbiyotning barcha tarmoqlarini ham rivojlantirish, yirik shaharlarda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki qo‘shni mamlakatlar fuqarolariga ham tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjud.

    Shuning uchun mutasaddilarga xususiy tibbiyot muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, Toshkent, Samarqand, Andijon kabi yirik shaharlarda “tibbiyot xab”larini barpo etish bo‘yicha vazifalar topshirildi.

    Kasalliklarning oldini olishning eng kamxarj va samarali yo‘li aholining sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish madaniyatiga amal qilishidir.

    Afsuski, kamharakatlilik va noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida O‘zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, odamlarimizning 46 foizi qon tarkibida me’yordan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori.

    Shu bois aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini va sog‘lom ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish orqali kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

    Videoselektorda tibbiyot sohasini o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda 2025 yilgacha sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya loyihasini puxta ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

    Masalan, sohani moliyalashtirishning amaldagi smeta usuli eskirgani, tibbiyot muassasalari qancha bemor davolanganiga qarab emas, koyka-o‘rinlar soniga qarab moliyalashtirib kelinayotgani qayd etildi. Bugungi zamon talablari va xorij tajribasidan kelib chiqib, sinov tariqasida mamlakatimizning 14 ta hududida bittadan tibbiyot birlashmasini aholi jon boshiga va statsionar sharoitda davolanganlar soniga qarab moliyalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

    Bugungi kunda barcha rivojlangan davlatlarda majburiy tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilgan. Bu orqali byudjet xarajatlarini kamaytirish, tibbiy xizmat sifatini oshirishga erishilgan.

    Yig‘ilishda 2021 yildan boshlab yurtimizda ham majburiy tibbiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, Janubiy Koreya, Singapur, Germaniya kabi davlatlardan xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda, tegishli qonun va qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

    Tibbiyot sohasida davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirish, ayrim davolash muassasalarini shunday sheriklik asosida yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash, ularga to‘liq moliyaviy mustaqillik berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

    Tibbiy ta’lim tizimini isloh qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari filiallarini ochish, oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ixtisoslashgan tibbiyot markazlari o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish masalalari bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

    Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axborotlari tinglandi.

    » » Endi O‘zbekistonda ham har biri kishi majburiy tibbiy sug‘urta qilinadi