20:10 / 06.12.2019
8 149

Xorazmda Prezident maktabi ochildi (foto)

Xorazmda Prezident maktabi ochildi (foto)
5 dekabr kuni Xorazm viloyatida Prezident maktabi ochildi, deb xabar berdi O‘zA.
Maktabning ochilish marosimida deputatlar, senatorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Maktab 168 o‘rinli bo‘lib, 2 qavatli o‘quv binosi, oshxona, 3 qavatli yotoqxona, xorijlik o‘qituvchilar uchun 15 o‘rinli mehmonxona mavjud. Har bir sinf xonada interaktiv doska va tablolar, Science xonalarida alohida laboratoriya xonalari mavjud.

Joriy yilda mazkur maktabning 5-10 sinflariga hujjat topshirgan 6 ming 400 nafardan ziyod o‘quvchidan 144 nafari qabul qilindi. Kelasi o‘quv yilidan boshlab, har yili 5-sinfga 24 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

«Mazkur maktabga o‘quvchilar juda ko‘p talabgorlar orasidan ikki bosqichda o‘tkazilgan imtihonlar natijalariga ko‘ra saralab olindi. Kirish imtihonlari adolatli va shaffof bo‘lishi uchun qattiq nazorat ostida, juda talabchanlik bilan o‘tkazildi. Imtihonlarni Kembrij universitetining malakali o‘qituvchi-ekspertlari oldi. Bu yerda o‘quvchilarga shunchaki bilim berilmaydi. Bu maktabda tahsil olgan yoshlar kelgusida haqiqiy vatanparvar, el-yurtimizga chin dildan xizmat qiluvchi yetuk kadrlar etib tarbiyalanadi», – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxo‘jayev.

Maktab kutubxonasi Kembrij, Oksford universitetlari nashriyotlari hamda Kollinz nashriyotining Steam dasturi bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalari, o‘zbek va jahon badiiy adabiyoti namunalari bilan ta’minlangan. Darsliklarning elektron shakllari ham mavjud, bu o‘quvchilarga ulardan yanada samarali foydalanish imkonini yaratadi.

«Xorazmda Prezident maktabi ochilgani ilmga chanqoq viloyat yoshlari uchun juda katta sovg‘a bo‘ldi. Men maktabga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarning ko‘ziga qarab turib shuni angladimki, xalqimiz, yurtimiz, davlatimiz rahbarining ishonchini oqlash uchun bilim olib o‘zini ko‘rsatadigan katta kuch maydonga keldi. Bu yoshlarning har biri bilan oila a’zolari, mahalladoshlari, qolaversa, butun Xorazm eli faxrlansa arziydi. Chunki, bu maktabga eng bilimli o‘quvchilar saralab olingan», – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Sa’dullayev.

Prezident maktabida darslar Kembrij universiteti ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlari asosida olib boriladi. Maktabga 11 nafar xorijiy yuqori malakali mutaxassis hamda 20 nafar mahalliy o‘qituvchi jalb qilingan. Ular ham xalqaro ta’lim talablari asosida maxsus imtihonlar orqali tanlab olingan.

«Janubiy Afrika Respublikasidan keldim. Buyuk allomalar al-Xorazmiy va al-Beruniy yurtiga kelib ularning avlodlariga dars berayotganimdan mamnunman. O‘zbekistonlik yoshlar ilmga chanqoq, intellektual salohiyati juda yuqori. O‘ylaymanki, bu maktabdan kelgusida o‘z kashfiyotlari bilan ajdodlari singari butun dunyoni lol qoldiradigan olimlar yetishib chiqadi va bunda mening ham hissam bo‘lishidan xursandman», – deydi matematika fani o‘qituvchisi Tangovito Kakama Xayo.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xorazmda Prezident maktabi ochildi (foto)