Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyat haqida Vadim Abramov bilan suhbat

  • 13 aprel 2019, 10:38
  • 531
  • Sport
  • Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyat haqida Vadim Abramov bilan suhbat
    Toshkentning «Bunyodkor» klubi mavsumlar oralig‘ida Vadim Abramovni klub bosh murabbiyi etib tayinladi. Diskvalifikatsiya sabab bir muddat futboldan uzoqda bo‘lgan Abramov yana katta futbolga qaytgani muxlislarni xursand qildi. Tribuna.uz «Bunyodkor» klubi mehmoni bo‘ldi va Vadim Abramov bilan suhbat uyushtirdi.

    «Traktor»da ham, hozirgi «Bunyodkor»da ham futbolni yaxshi ko‘radiganlar yig‘ilgan»
    Abramovning bugungi klubi «Bunyodkor» uning 2000 yillar avvalidagi «Traktor» jamoasini eslatib yuboradi. «Traktor»da ham yosh futbolchilar ko‘p edi, bugungi «Bunyodkor» ham asosan yosh «qaldirg‘ochlar»dan iborat. Murabbiydan ikki jamoasining o‘xshashligi haqida so‘radik va Abramov har ikki jamoasida futbolni yaxshi ko‘radigan yigitlar yig‘ilganini aytdi:

    «Albatta, «Traktor» bilan bog‘liq yaxshi xotiralar qolgan, lekin ular endi tarixga aylandi. Inson kelajak haqida o‘ylashi kerak. Bu jamoalarning o‘xshashligi shundaki, o‘sha «Traktor»da ham, hozirgi «Bunyodkor»da ham futbolni yaxshi ko‘radigan, futbol o‘ynashni o‘rganishni xohlaydigan futbolchilar yig‘ilgan. Bizning vazifamiz ularning o‘sishlariga yordam berish. Hozir 5 ta futbolchimiz olimpiya terma jamoasida o‘ynaydi. Biz ularning sonini ko‘paytirishimiz kerak».

    «Yosh futbolchilarda stabillik yetishmaydi»
    «Paxtakor»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng murabbiy jamoasi tezroq g‘alaba qozonishi kerakligini aytgandi. «Bunyodkor» Superliga 3-turida Namanganda mehmon bo‘lib, «Navbahor»ni mag‘lub etdi. Suhbatdoshimizning aytishicha, uning jamoasida tajribali futbolchilar bo‘lganida, bunday g‘alabalar osonroq qo‘lga kiritilgan bo‘lardi:

    «Mavsumdagi ilk g‘alabamizni qo‘lga kiritgan bo‘lsak-da, muammolarimiz hal bo‘ldi deb ayta olmayman. Chunki hali chempionatning boshi. 5-6 tur o‘yinlaridan so‘ng kimning qanday holatda ekani bilinadi. Bizning tarkibimizda yosh futbolchilar o‘ynashining ustunliklari ham bor, lekin buning o‘ziga xos minuslari ham yo‘q emas.

    Yosh futbolchilar o‘yinga, g‘alabalarga chanqoq bo‘lishadi, lekin ularda stabillik yetishmaydi. Masalan biz Namangandagi o‘yinni xotirjam yutishimiz mumkin edi. Agar tajribali futbolchilar bo‘lganida hisobni saqlab qolishimiz oson bo‘lardi, lekin yosh futbolchilarimizda yetishmagan stabillik sabab 2:0 hisobi 2:2 ga aylandi. «Navbahor»ni yengganimiz bizning omadimiz bo‘ldi.

    Bugun bizda uchta tajribali futbolchi bor: Xurshid G‘iyosov, Dilshod Ahmadaliyev va Murod Zuhurov. Ular yosh futbolchilarni o‘z ortidan ergashtirishi kerak».

    «Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyatimiz sababchisi - futbolchilar»
    Vadim Abramovni mashhur qilgan musobaqa 2011 yilgi Osiyo Kubogi hisoblanadi. Qatarda o‘tkazilgan bahslarda O‘zbekiston milliy jamoasi yarim finalgacha yetib borgandi. Murabbiy o‘sha musobaqadagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi:

    «Biz Osiyo Kubogiga juda yaxshi tayyorlanganmiz. Chempionatgacha 1 oy davomida yaxshi jamoalarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazib, yutqazmaganmiz. Ba’zilar uchun Qatarni mag‘lub etishimiz kutilmagan bo‘lishi mumkin, lekin biz musobaqadan oldin yuqori saviyada o‘ynay olishimizga ishonardik. O‘sha musobaqada yaxshi natija ko‘rsatishimizga asosiy sabab futbolchilar bo‘lgan. Ular ko‘rsatmalarni yaxshi bajarishgani uchun biz yaxshi natijaga erishganmiz».

    Iordaniyaga qarshi chorak final o‘yinida Ulug‘bek Baqoyev ikkita gol urgan va O‘zbekiston milliy jamoasining tarixiy g‘alabasiga sabab bo‘lgandi. Vaholanki, Baqoyev guruh bosqichida o‘ynamagan. Baqoyevning Osiyo Kubogiga borishi oxirgi vaqtlarda aniq bo‘lgandi. U himoyachi Yaroslav Krushelnitskiyning o‘rniga musobaqaga olib ketilgandi. Abramov nega himoyachining o‘rniga himoyachi emas, hujumchi olib ketganini tushuntirdi:

    «Musobaqaga 23 nafar futbolchini olib ketishimiz kerak bo‘lgani uchun hal qiluvchi yig‘inda ikki kishi chempionatdan qolib ketishi kerak edi. Masalan Lutfullo To‘rayev Qatarga bora olmaganidan afsuslangandim. Chunki yarimhimoyada bizda futbolchi ko‘p edi. Krushelnitskiyga keladigan bo‘lsak, u asosiy tarkibda o‘ynashiga meni ishontira olmadi. Shu sabab uning o‘rniga boshqa futbolchini taklif qildik. Himoyachilardan ko‘nglim to‘q edi, shuning uchun hujumchi olishga qaror qildim. Ulug‘bek Baqoyev to‘purarlik xususiyati bilan ajralib turadigan futbolchi. Uni olib ketdik va bu bizga foyda berdi».

    «Odil markaziy himoyada bor mahoratini ko‘rsata olgandi»
    Osiyo Kubogi-2011 bahslarida Odil Ahmedov markaziy himoyada o‘ynagan. Tayanch yarim himoyasida mamlakatning tengsiz futbolchisi ekanini isbotlagan Odil jamoaning eng muammoli nuqtasini to‘ldiradi. Abramov Odilni nega markaziy himoyada o‘ynatgani va futbolchi bunga qanday munosabat bildirganini hikoya qilib berdi:

    «Osiyo Kubogidan oldin Odilni markaziy himoyada o‘ynatishni boshlagandik. Shunda Odil mening oldimga kelib «Karlenich, agar tayanch yarimhimoyasida mendan yaxshiroq futbolchi bo‘lsa, zaxirada o‘tiraveraman», degandi xafa bo‘lgandek ko‘rinib. Lekin men unga Germaniya tayanch yarimhimoyachisi Frans Bekkenbauerni markaziy himoyaga o‘tkazganidan so‘ng jahon chempioni bo‘lganini, Matias Zammer hamda Lotar Matteuslar ham markaziy himoyaga ko‘chganidan so‘ng Germaniya jahon chempioni bo‘lganini tushuntirdim.

    Bizda hujumni boshlab beruvchi himoyachilar bo‘lmagani sabab Odilni o‘sha chiziqda o‘ynatishga qaror qildim. Birinchidan bunga majbur bo‘ldim, ikkinchidan jamoa manfaatlari uchun shunday o‘zgarish qildim. Chunki Odil bo‘shliq bo‘lsa, yaxshi o‘ynaydi. U to‘pni olib uzoq masofaga yugurishni yaxshi ko‘radi. Tayanch yarim himoyasida esa futbolchilar zerikib qolishadi. Odil o‘zining bor mahoratini ko‘rsatishi uchun markaziy himoya qulay nuqta deb hisoblagandim.

    Odil 2-3 nafar futbolchini bemalol aldab keta oladi. Shu sabab unga oldinga borishi imkonini berdik va Odil yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Markaziy himoyachining hujumni boshlab berishi juda muhim. Himoyachi to‘pni yarim himoyachiga uzatadi, yarim himoyachi hujumchiga. Shunda futbol muxlislar yoqtiradigan ko‘rinishda bo‘ladi. Agar darvozabon to‘pni to‘g‘ri hujumga qarab tepib yuborsa, bu ko‘proq amerikancha futbolga o‘xshab qoladi».

    «Koreyslar bo‘shashib qolishdi deganimda Jeparov jilmayib qo‘ygandi..»
    2011 yilgi Osiyo Kubogining 3-o‘rin uchun o‘yinida O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan o‘ynagan va 2:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi. O‘sha o‘yinda Abramov shogirdlari mag‘lub bo‘lganlariga qaramay, iroda ko‘rsatishgandi. Murabbiy o‘sha o‘yinni yaxshi xotiralar bilan esladi:

    «Avstraliyaga qarshi 0:6 hisobida mag‘lub bo‘lganimizdan so‘ng 3-o‘rin uchun o‘yinga futbolchilarni tayyorlash oson bo‘lmagandi. Chunki finalgacha bir qadam qolganida alamli tarzda mag‘lub bo‘lganmiz. Biz uchta gol o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng Geynrix tanaffusdan avval penaltidan gol urgan. O‘sha vaziyatda Olim Navkarovga qarshi qo‘pollik ishlatilgandi.

    Tanaffusda yigitlarga koreyslar bo‘shashganlarini, ular o‘yin hal bo‘ldi deb o‘ylay boshlaganlarini aytdim. Bu gapni eshitgan Jeparov esa koreyslar bo‘shashmasligini aytib, istehzoli kulib qo‘ydi. Men unga «Ishon, biz g‘alaba qozona olamiz», dedim. Biz ikkinchi golni ham urdik va keyinchalik katta ustunlikka ega bo‘ldik, lekin omadimiz kelmadi. Salomov yaratilgan vaziyatdan foydalanganida hammasi boshqacha bo‘lardi».

    «Taktik kartochkalar» haqida
    Abramov jamoasi JCh-2014 3-saralash bosqichining 5-turida Tojikistonga qarshi o‘ynagan va o‘sha o‘yinda ko‘plab futbolchilarimiz sariq kartochka olishgan. Keyinchalik murabbiy shunday ko‘rsatma bergani ma’lum bo‘ldi. Maqsad o‘sha futbolchilar keyingi saralash bosqichi o‘yinlaridan avval kartochkalardan «tozalanib olishi» bo‘lgan. Biroq OFK ataylab sariq kartochka olgan futbolchilarni diskvalifikatsiya qildi va Eronga qarshi 4-saralash bosqichi o‘yinida 9 nafar futbolchi o‘ynay olmaydi. Abramov o‘sha holatga izoh berdi:

    «Bizni feyr pleyga mos kelmaydigan ish qildi, deb diskvalifikatsiya qilishdi, lekin biz hech kimni xafa qilmadik-ku? Hech kimga jarohat yetkazmadik. Futbol bu taktik sport. Biz futbol taklif qilgan qoidalardan kelib chiqib harakat qilamiz. Nega men o‘z xayolimga kelgan ishni qilmasligim kerak?

    Avvalo, OFKning saralash sikli tushunarsiz tuzilgandi. Biz guruhda Yaponiya, Shimoliy Koreya va Tojikiston kabi kuchli jamoalarga qarshi o‘ynarkanmiz, lekin boshqa final bosqichiga chiqqan jamoalar Kambodja kabi jamoalar bilan o‘ynasharkan. Men hech bir jamoani kamsitmoqchi emasman, lekin bizning guruhdoshlarimiz kuchliroq edi.

    O‘z-o‘zidan kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlarda kontakt ko‘p bo‘lib sariq, qizil kartochka olish xavfi oshadi. Biz shuning oldini olish maqsadida taktika ishlatmoqchi bo‘lgandik, xolos. Bir saralash bosqichidan so‘ng kartochkalar «tozalanishi» kerak deb o‘ylayman, lekin OFKda bunday emas».

    » » Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyat haqida Vadim Abramov bilan suhbat