
Foto: Reuters
Federal qidiruv byurosi (FQB) tomonidan o‘tkazilgan tintuvdan keyin Donald Tramp o‘zining birinchi mitingida prezident Jo Baydenni «davlat dushmani» deb atadi. Shuningdek, Bayden FQBdan o‘zining siyosiy raqibiga qarshi kurash vositasi sifatida foydalanayotganidan shikoyat qildi.
Pensilvaniya shtatining Uilks-Barr shahrida minglab tarafdorlari oldida so‘zlagan sobiq prezident federal agentlar maxfiy hujjatlarni izlagan reyd «Amerika tarixida hokimiyatni suiiste’mol qilishning eng dahshatli misollaridan biri» ekanini aytdi.
Tramp Pensilvaniyaga saylovda qatnashayotgan Respublikachilar partiyasidan ikki nomzodni qo‘llab-quvvatlash uchun tashrif buyurdi.
Doktor Mehmet Oz AQSH Senatiga saylanish uchun, senator Dug Mastriano esa Pensilvaniya gubernatori lavozimiga da’vogarlik qilmoqda. Biroq, ularning ikkisi ham ko‘p gapirmadi. Shanba oqshomidagi miting asosan bir kishi – Tramp uchun edi.
76 yoshli Tramp deyarli ikki soatlik nutqining birinchi qismini avgust oyi boshida FQBning Floridadagi mulkida o‘tkazilgan tintuviga bag‘ishladi.
Tintuv o‘tkazgan FQB xodimlari «maxfiy» deb yozilgan o‘nlab bo‘sh papkalarni topishdi, shuningdek, uning shaxsiy kabinetidan o‘ta maxfiy hujjatlarni olib ketishdi.
Sobiq prezident maxfiy hujjatlar bilan qanday ishlagani bo‘yicha tergov ostida. Trampning o‘zi hech qaysi qonunni buzmaganini aytmoqda.
Reyddan tashqari, Pensilvaniya mitingida sobiq prezident tanish mavzularga qaytdi: 2020 yilgi saylovlar undan o‘g‘irlangani haqidagi asossiz da’volar, Demokratik partiyadagi raqiblariga hujumlar va «mamlakatni qutqarish» haqidagi va’dalar. Shuningdek, giyohvand modda savdogarlariga o‘lim jazosi tayinlashga chaqirdi.
Quyida Donald Tramp mitingidagi muhim nuqtalar ko‘rib chiqiladi.
Adliya vazirligiga hujum
Hozirgi vaqtda sobiq prezident FQB tomonidan olib qo‘yilgan maxfiy hujjatlar bo‘yicha hokimiyat vakillari bilan huquqiy tortishuvlarga o‘ralashib qoldi.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, Tramp Oq uydan bir necha hujjatlarni noqonuniy tarzda olib ketgan va o‘z uyida saqlagan, ularning ba’zilari «o‘ta maxfiy» maqomga ega.
Prokurorlarning ta’kidlashicha, u hujjatlarning qanday qilib uyiga kelib qolgani bo‘yicha o‘tkazilayotgan tergov harakatlariga to‘sqinlik qilgan bo‘lishi mumkin.

Tramp avvalroq tergovni «jodugar ovi» deb atagan va shanba kungi mitingda ham shu ma’nodagi so‘zlarini takrorladi. U FQB reydini «sharmandali reyd va uyimga bostirib kirish» deb atadi va buning odil sudlovga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi.
Sobiq prezident uzoq vaqtdan beri o‘zi va tarafdorlarini siyosiy ta’qiblar qurboni sifatida ko‘rsatishga urinib kelmoqda. Bu safar u tarafdorlariga o‘zining shaxsiy muammolari ularning ham muammosi ekanini yana bir bor uqdirishga harakat qildi.
«Biz FQB va Adliya vazirligi tomonidan hujumga uchradik», dedi Tramp olomon olqishlari ostida. «Bu faqat uyimning tintuv qilinishi emas... bu har bir fuqaroning umidlari va orzulari edi. 2015 yilda oltin eskalatordan tushib, xalqning vakili bo‘lganimdan keyin ular uchun kurashganman».
Tramp tarafdorlari unga «to‘sqinlik» qilinganini aytishmoqda
Miting ishtirokchilari FQB tintuvlari masalasida sobiq prezidentni qo‘llab-quvvatladilar. Bu mintaqa 2020 yilgi saylovda Trampga ovoz bergan, garchi Pensilvaniya shtati Bayden foydasiga moyil bo‘lsa ham.
Tarafdorlardan ikki nafari «FQBni moliyalashtirishni to‘xtating» yozuvi tushirilgan futbolka kiygan holda mitingda qatnashdi. Altuna shahridan kelgan Geyl Makkloski FQB yolg‘on bahonalar bilan tintuv qilib, Trampni obro‘sizlantirishga urindi deb hisoblashini aytdi.
Nyu-York shtatidan 4 soat yo‘l bosib kelgan 60 yoshli Kelli Borgojelli shunday dedi: «Ular Trampni faqat nafrat tufayli ta’qib qilmoqdalar».
Trampga so‘nggi yillarda qo‘yilgan ko‘plab ayblovlar, jumladan, darg‘azab olomonni Kapitoliyga bostirib kirishga undagani, Ukraina prezidentiga siyosiy dushmanlari faoliyatini tekshirish uchun nohaq bosim o‘tkazgani, 2020 yilgi saylovlardagi firibgarlik haqida yolg‘on bayonot bergani haqida qo‘yilgan ayblovlarga ishonasizmi degan savolga Kelli «yo‘q» deb javob qaytardi.
«Ular hech narsani isbotlay olmadilar», dedi u. Uning hamrohi, 62 yoshli Morin Yuartning fikriga ko‘ra, agar Adliya vazirligi Trampga ayblov e’lon qilsa, mamlakat parchalanib ketishi mumkin.
«Ko‘plab odamlar ko‘chaga chiqadi», dedi Yuart. U zo‘ravonlikka qarshi ekanini aytdi, biroq sobiq prezidentga qo‘yilgan har qanday jinoiy ayblov tartibsizliklarga sabab bo‘lishidan xavotirlanadi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, hukumat hujjatlari bilan ishlash bo‘yicha olib borilayotgan tergov «mamlakatda misli ko‘rilmagan noroziliklar»ga sabab bo‘lishi mumkin.
Pensilvaniyaga tashrif – strategik qadam
Bu yil Pensilvaniya saylov byulletenida Trampning ismi yo‘q, ammo trampchilar bor.
U taniqli tibbiyot mutaxassisi doktor Ozni AQSH Senatiga nomzod sifatida shaxsan tanlab oldi. Shtat gubernatorligiga 2020 yilgi saylovlardagi fitna nazariyoti tarafdori, o‘ta «o‘ng» Mastrianoni qo‘llab-quvvatladi.
Ularning noyabr oyida o‘tkaziladigan saylovdagi natijalari ko‘p narsani, jumladan, Trampning qo‘llab-quvvatlashi va Respublikachilar partiyasiga olib kelgan mafkurasi qanchalik qimmatli ekanini ko‘rsatib beradi. Bu 2024 yilgi prezidentlik saylovlariga ham ta’sir qilishi mumkin. Hozircha, Tramp yangi prezidentlik kampaniyasini e’lon qilmadi.
Agar u qo‘llab-quvvatlagan nomzodlar g‘alaba qozonsa, Respublikachilar partiyasi buni Trampning asosiy elektoratda hali ham kuchli ekanligiga dalolat sifatida ko‘rishi mumkin. Agar ular yutqazsa, bu Trampning 2024 yildagi ehtimoliy raqiblariga Oq uyga ko‘chib o‘tish imkoniyati borligini ko‘rsatishi mumkin.
Miting ishtirokchilari doktor Ozdan ko‘ra Mastrianoga – sobiq prezident o‘gitlari bo‘yicha shakllangan nomzodga ko‘proq rag‘bat bildirishdi. Mastriano sahnaga chiqqach, olomon tom ma’noda bo‘kirib yubordi.
Miting boshlanganidan bir soat o‘tgach, doktor Oz nutq so‘zladi. Mashhur shifokor ikki daqiqadan kamroq vaqt davomida gapirdi va uning nutqidan keyin olomon orasida kimdir: «U faqat nomi bilan respublikachi» deb baqirdi, ba’zilar Ozni yetarlicha konservativ deb hisoblamaydi.
Saylovlar ikki partiya uchun ham muhim
Pensilvaniyadagi saylovlar demokratlar uchun ham juda muhim. Ular o‘z nomzodi Jon Fettermanni g‘alaba sari yetaklab, u AQSH Senatidan o‘rin olishiga umid qilmoqda.
Mastriano respublikachilar praymerizida g‘alaba qozongach, gubernatorlik poygasi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. U 2021 yil 6 yanvarda AQSH Kongressiga uyushtirilgan hujumda ishtirok etgan va Pensilvaniyada 2020 yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinish harakatlarida muhim rol o‘ynagan. Agar u gubernatorlikni qo‘lga kiritsa, shtatdagi saylov jarayonini nazorat qila oladi.

Unga qarshi turish uchun demokratlar «og‘ir artilleriyani» – shtat prokurori Josh Shapironi yordamga chaqirishdi. Prezident Bayden demokratlar tarafdorlarini «uyg‘otish»ga yordam beruvchi bir necha katta tadbirlarni o‘tkazdi.
30 avgust kuni Bayden ham Uilks-Barrda bo‘lib, o‘qotar qurollar va jamoat xavfsizligi bo‘yicha nutq so‘zladi. Ikki kun oldin esa Filadelfiyada omma oldida chiqish qilib, Tramp mafkurasi Amerika demokratiyasiga tahdid solayotganini ta’kidladi.
«Har bir respublikachi, hatto respublikachilarning aksariyati ham MAGA-respublikachi (Tramp tarafdorlari) emas, dedi Bayden. - Biroq, shubhasiz, bugungi kunda Donald Tramp va MAGA-respublikachilar Respublikachilar partiyasiga katta ta’sir o‘tkazmoqda, uni boshqarmoqda va qo‘rqitmoqda. Bu mamlakatimiz uchun juda katta tahdid».
MAGA – Donald Trampning «Amerikani yana buyuk qilamiz» (ing. Make America Great Again - MAGA) harakati tarafdorlari.
Tramp bunga javoban «Baydenning so‘zlari – Amerika prezidenti tomonidan qilingan eng shafqatsiz, nafratli va odamlarni bo‘lib yuboruvchi nutq» ekanini aytdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar