
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba, 4-noyabr kuni Vashingtonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida u Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi hamda “S5+1” sammitida ishtirok etadi.
Mirziyoyev, shuningdek, AQSh Kongressi a’zolari, hukumat vakillari va biznes doiralarining vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining ta’kidlashicha, asosiy tadbirlar 5 va 6-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
“S5+1” sammiti 6-noyabr kuni Vashington shahrida o‘tkaziladi va unda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari hamda AQSh Prezidenti ishtirok etadi. The Diplomat nashri ta’kidlaganidek, “S5+1” formati Vashington uchun mintaqaviy masalalarni hal etishda moslashuvchan vosita sifatida xizmat qilmoqda.
Bu masalalar qatoridan energetika xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik va strategik ahamiyatga ega minerallar o‘rin olgan. Shu bilan birga, Oq uy “S5+1” formatini yangi sharoitlarni hisobga olgan holda yangilash masalasini hal qilishi kerak bo‘ladi.
Misol uchun, Janubiy Kavkaz davlatlarini formatga taklif qilish yoki resurslarga investitsiya qilishga diqqatni qaratish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. The Diplomat nashri Ozarbayjonni “S5+1” formatiga qo‘shish imkoniyatini ham ko‘rib chiqqan.
Nashrga ko‘ra, bu davlat “Markaziy yo‘lak” logistik marshrutining muhim bo‘lagi hisoblanadi. “Ozarbayjonning Amerika platformasiga qo‘shilishi geosiyosiy haqiqatlarni aks ettirgan bo‘lardi.
Markaziy Osiyoning G‘arb bilan aloqalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bokudan o‘tadi va mintaqaviy hamkorlikka qaratilgan platformadan Bokuni chetda qoldirish tobora sun’iy harakat bo‘lib ko‘rinmoqda”, — deb ta’kidlanadi maqolada. Ammo ba’zi kichik Markaziy Osiyo davlatlari Ozarbayjonning qo‘shilishi ularning “S5+1” formatidagi ta’siri va AQShning e’tiborini kamaytirishidan xavotirda ekani qayd etilgan.
Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga tashrif buyurdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar