date

Fabio Kannavaro Neapolda Olimpiya olovini olib o‘tgani ma’lum bo‘ldi

Fabio Kannavaro Neapolda Olimpiya olovini olib o‘tgani ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Olimpiya olovini olib o‘tish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda xalqaro axborot manbalari xabar berdi. Tantanali tadbir Kannavaroning tug‘ilib o‘sgan shahri — Italiyaning Neapol shahrida o‘tkazilib, sport muxlislari uchun haqiqiy bayramga aylandi.

Marosimda Kannavaro bilan bir qatorda Italiya sportining mashhur namoyandalari ham qatnashdi. Ular orasida eshkak eshish bo‘yicha Olimpiya chempioni Juzeppe Abbanyale, sobiq futbolchi Chiro Ferrara va boshqa taniqli sport yulduzlari bor edi. Ularning ishtirokidagi estafeta Neapol ahli uchun unutilmas manzaralar yaratdi.

Shahar bo‘ylab bayramona muhit hukm surdi. Asosiy tantanalar Neapolning eng yirik va tarixiy maydoni hisoblangan Pyatssa-del-Plebishitoda tashkil etildi. Minglab muxlislar sport afsonalarini yaqindan ko‘rish va Olimpiya olovi bilan bog‘liq tarixiy lahzalarga guvoh bo‘lish uchun jam bo‘lishdi.

Ma’lum qilinishicha, Olimpiya olovi estafetasi Rojdestvo bayramlari munosabati bilan 26 dekabrga qadar vaqtincha to‘xtatilgan. Bir kun avval, 23 dekabr kuni esa olov qadimiy Pompey xarobalari hududida olib o‘tilgan bo‘lib, ushbu tadbirda mashhur aktyor Jeki Chan ham qatnashgan. Bu uning Olimpiya olovi estafetasidagi uchinchi ishtiroki hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, XXV qishki Olimpiya o‘yinlari 6–22 fevral kunlari Italiyaning Milan va Kortina-d'Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqada 90 dan ortiq davlatdan 3,5 mingga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Qizig‘i, ushbu Olimpiada dasturiga ilk bor tog‘ chang‘isida alpinizm bo‘yicha medallar jamlanmasi ham kiritilgan.

Fabio Kannavaroning mazkur marosimda ishtirok etishi nafaqat uning Italiyadagi obro‘-e’tiborini, balki O‘zbekiston futbolining ham xalqaro maydonda tobora tanilib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Fabio Kannavaro Neapolda Olimpiya olovini olib o‘tgani ma’lum bo‘ldi