
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOT) davlatlari O‘zbekistonning mazkur ittifoqqa to‘laqonli a’zo bo‘lib qo‘shilishini mamnuniyat bilan qabul qilgan bo‘lardi, dedi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko. Uning so‘zlarini TASS agentligi keltirdi.
Yuqori darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Lukashenko, O‘zbekiston YEOT bilan chuqur integratsiya sari harakat qilayotganini va bu yo‘nalishda izchil qadamlar qo‘yayotganini ta’kidladi.
“Siz bu yo‘nalishda harakat qilmoqdasiz, bu borada ko‘p ishlar qilinyapti. Ammo O‘zbekiston bizning oila a’zomiz bo‘lsa, juda ajoyib bo‘lardi. Biz sizni har doim mamnuniyat bilan qabul qilamiz,” — dedi u.
Toshkent 2020 yil dekabr oyida YEOTda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi. 2024 yilga kelib, O‘zbekiston va savdo alyansi o‘rtasidagi tovar aylanmasi 17,5 milliard dollarni tashkil etdi.
Ushbu ko‘rsatkichdan 5,8 milliard dollar eksportga, 11,6 milliard dollar esa importga to‘g‘ri keladi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.