
Toshkent shahrida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan, oldin sudlangan shaxs navbatdagi jinoyat ustida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, advokat o‘z tanish-mansabdorlari orqali jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasini qo‘llamaslikni hal qilib berishni va’da qilgan. Bu “xizmat” evaziga u 2 ming AQSH dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur advokat ushbu mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Aniqlanishicha, gap Shayxontohur tuman IIO FMB Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan, Jinoyat kodeksining 168-moddasi — firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishi haqida ketgan.
Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qarori bilan unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Qayd etilishicha, bu so‘nggi paytlarda advokatlar ishtirokida aniqlangan yagona holat emas. Ilgari ham Toshkent, Samarqand va Guliston shaharlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida bir nechta advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgani ma’lum qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.