date

Eng xavfsiz mamlakatlar reytengida O‘zbekiston nechanchi o‘rinda ekanligi e’lon qilindi

Eng xavfsiz mamlakatlar reytengida O‘zbekiston nechanchi o‘rinda ekanligi e’lon qilindi

Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace, IEP) tomonidan mamlakatlarning xavfsizlik hamda barqarorlik darajasini baholovchi Global Peace Index 2025 reytingi rasman e’lon qilindi. Joriy yilgi tadqiqot 163 ta davlat va hududni qamrab olgan bo‘lib, ular jahon aholisining qariyb 99,7 foizini tashkil etadi. Bu esa reytingni global miqyosda eng ishonchli tahlillardan biriga aylantiradi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, dunyo umumiy manzarada tobora xavfli tus olmoqda. Tadqiqot mualliflari fikriga ko‘ra, global tinchlik darajasi ketma-ket oltinchi yil davomida pasayishda davom etmoqda. Ayniqsa, yirik mintaqaviy va xalqaro mojarolarga olib keluvchi omillar hozirgacha kuzatilmagan darajada yuqori nuqtaga chiqqan.

Tinchlik indeksi qanday shakllantiriladi?

Global Peace Index 23 ta asosiy ko‘rsatkichga tayanilgan holda hisoblab chiqiladi. Ushbu ko‘rsatkichlar uchta yirik guruhga birlashtirilgan:

— jamoat xavfsizligi va aholining himoyalanganlik darajasi;

— ichki va xalqaro mojarolarning mavjudligi hamda ularning ko‘lami;

— mamlakatning militarizatsiya darajasi.

Tahlil jarayonida harbiy xarajatlar hajmi, mojarolardagi qurbonlar soni, jinoyatchilik holatlari kabi aniq statistik ma’lumotlar bilan birga, xalqaro ekspertlarning baholari ham inobatga olinadi. 2025-yil natijalariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha o‘rtacha tinchlik ko‘rsatkichi 0,36 foizga yomonlashgani qayd etildi.

Dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlar

Reytingning mutlaq yetakchisi yana bir bor Islandiya bo‘ldi. Bu mamlakat ketma-ket 17-yil davomida dunyodagi eng tinch davlat sifatida o‘z maqomini saqlab kelmoqda. Shuningdek, 2025-yilda eng tinch besh mamlakat quyidagicha shakllangan:

-Islandiya;

-Irlandiya;

-Yangi Zelandiya;

-Avstriya;

-Shveysariya.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, ushbu davlatlar “ijobiy tinchlik”ning yuqori darajasi bilan ajralib turadi. Ya’ni, barqaror institutlar, jamiyat ichidagi ishonch muhiti va zo‘ravonlik holatlarining past darajasi bu mamlakatlarning asosiy ustun jihatlari hisoblanadi. G‘arbiy va Markaziy Yevropada xavfsizlik darajasi so‘nggi to‘rt yilda biroz pasayganiga qaramasdan, bu hudud hanuzgacha dunyodagi eng tinch mintaqa sifatida baholanmoqda.

Eng xavfli mamlakatlar qaysilar?

Reytingning quyi qismida esa xavfsizlik nuqtayi nazaridan eng og‘ir vaziyat kuzatilayotgan davlatlar joy olgan. Ular orasida:

-Rossiya;

-Ukraina;

-Sudan;

-Kongo Demokratik Respublikasi;

-Yaman.

Mutaxassislar bu mamlakatlarda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar, siyosiy beqarorlik va gumanitar inqirozlar tinchlik darajasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etgan.

O‘zbekistonning natijasi qanday?

2025 yilgi Global Peace Index reytingida O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan ikki pog‘ona yuqorilab, umumiy hisobda 64-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda xavfsizlik va barqarorlik yo‘nalishida muayyan ijobiy siljishlar mavjudligini anglatadi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida reyting quyidagicha taqsimlangan:

-Qozog‘iston – 56-o‘rin;

-Qirg‘iziston – 78-o‘rin;

-Tojikiston – 79-o‘rin;

-Turkmaniston – 78-o‘rin.

Mutaxassislar mintaqada xavfsizlik masalalari ko‘p jihatdan ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy islohotlar va davlat institutlarining samaradorligiga bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Eng xavfsiz mamlakatlar reytengida O‘zbekiston nechanchi o‘rinda ekanligi e’lon qilindi