date

Kambodja va Tailand sulh muzokaralarini mustaqil tarzda boshlaydi

Kambodja va Tailand sulh muzokaralarini mustaqil tarzda boshlaydi
Kambodja va Tailand mudofaa vazirliklari vakillari 24 dekabr kuni o‘zaro tinchlik masalasini muhokama qilish maqsadida rasmiy uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda Reuters agentligi Tailand tashqi ishlar vaziri rahbari Sixasak Fuangketkeo so‘zlariga tayanib xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur uchrashuvni o‘tkazish bo‘yicha qaror 22 dekabr kuni Kuala-Lumpurda tashkil etilgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ini davomida qabul qilingan. Tailand tomonining ta’kidlashicha, muzokaralar tashqi kuchlar, jumladan AQSH yoki Xitoy ishtirokisiz o‘tkaziladi. Ikki davlat vaziyatni mustaqil ravishda, o‘zaro kelishuv asosida hal etish niyatida.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi boshlarida Bangkok va Pnompen o‘rtasidagi chegaradosh hududlarda vaziyat keskinlashib, qator qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan edi. Ikki hafta ichidagi janglarda har ikki tomondan qariyb 80 nafar inson halok bo‘lgan, shuningdek, taxminan 500 ming aholi o‘z uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Tailand va Kambodja bir-birini tajovuzkor harakatlarda hamda oldin kelishilgan sulh shartlariga amal qilmaslikda ayblamoqda. Aytilishicha, mazkur sulh rejimi oktyabr oyida AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida kelishib olingan bo‘lib, unda minalarni tozalash, qo‘shinlar hamda og‘ir qurollarni chegara hududlaridan olib chiqish kabi muhim shartlar belgilangan edi.

Mutaxassislar fikricha, navbatdagi uchrashuv mintaqadagi taranglikni yumshatish va uzoq muddatli barqarorlikka yo‘l ochishi mumkin. Shu bois, mazkur muzokaralar nafaqat ikki davlat, balki butun Janubi-Sharqiy Osiyo uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Kambodja va Tailand sulh muzokaralarini mustaqil tarzda boshlaydi