
SERGEI KARPUKHIN/TASS
Rossiyada so‘nggi bir kun ichida koronavirus yuqtirganlar sonida jiddiy o‘sish kuzatildi va ayni vaqtda bemorlar soni 93 kishini tashkil qilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova ma’lum qildi.
Rossiyada 16 mart kuni yana 30 kishida kasallik aniqlangan (ulardan 20 nafari Moskvada), bungacha 63 kishida virus tasdiqlangandi.
Golikovaning so‘zlariga ko‘ra, 93 nafar bemordan 86 nafari - virusni xorijda yuqtirgan, qolgan holatlar mamlakat ichkarisida virus tarqalishi oqibati bo‘lgan. Bosh vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, to‘rt kishi sog‘ayib ketgan.
«79 kishi statsionarda qolmoqda, ulardan 57 nafari yengil formada kasallangan, alohida belgilar yo‘q», degan u
Shu bilan birgalikda, bugun Sankt-Peterburgda qariyb 240 kishi koronavirus yuqtirishda gumonlanib shifoxonalarga yotqizilgan.
Moskva shahri meri Sergey Sobyanin shaharda ommaviy tadbirlarni vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risidagi farmonini imzolagan. Unga ko‘ra 10 aprelga qadar shaharda 50dan ortiq kishi yig‘ilishi mumkin emas.

SERGEI FADEICHEV/TASS
Bundan tashqari, 21 martdan 12 aprelga qadar shahardagi barcha maktablar va bog‘chalar yopiladi. Shuningdek, jamoat transporti haydovchilari yo‘lovchilarga chipta sotishi taqiqlanadi.
Farmonga ko‘ra, Xitoy, Eron, AQSH va Yevropaning istalgan davlatidan keluvchilar ikki hafta muddatga karantinga joylashtiriladi. Ish beruvchilar ihotalanishi kerak bo‘lgan ishchilariga ishga chiqishga ruxsat berishi taqiqlanadi.
Yuqorida sanalgan davlatlardan kelganlarning o‘zlaridan tashqari ular bilan bir joyda yashovchi boshqa kishilar ham izolyatsiya qilinadi.
Yevropa Ittifoqi ham yopilishi mumkin

Italiyada koronavirus qurbonlari soni 2000 nafarga yaqinlashgan / GETTY IMAGES
Yevropa Ittifoqi o‘z hududini xorijliklar uchun yopishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Leyen ma’lum qilgan.
Dastlabki cheklovlar 30 kunga kiritiladi, keyinchalik bu muddat uzaytirilishi mumkin.
Bunday cheklovlar doimiy asosda Yevropa Ittifoqi hududida yashovchi xorijliklar, YEI fuqarolarining oila a’zolari, shuningdek, diplomatlar va tibbiyot xodimlari uchun taalluqli bo‘lmasligi mumkin. Shuningdek, yanvar oyida YEIni rasman tark etgan Buyuk Britaniya fuqarolari ham taqiq ostida bo‘lmaydi.
O‘tgan haftada YEIning ko‘plab davlatlari o‘zaro chegaralarda cheklovlar o‘rnata boshlagandi. Bugundan qator davlatlarda koronavirus tufayli favqulodda holat joriy etilmoqda.
Xususan, Gretsiya o‘z hududiga kiruvchi barcha xorijliklar uchun 14 kunlik karantin joriy etdi, Vengriya o‘z chegaralarini butunlay yopib qo‘ydi, Ruminiya, Serbiya, Bosniya va Gersegovina hamda Armanistonda koronavirus tufayli favqulodda holat joriy etildi. Chexiya hukumati butun mamlakat bo‘ylab karantin e’lon qildi.
AQSH
AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) o‘zining navbatdan tashqari yig‘ilishida federal fondlar bo‘yicha maqsadli stavkalar diapazonini 0-0,25 foziga qadar tushirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Federal zaxira tizimi iqtisodiyot «yaqinda ro‘y bergan voqealarni boshdan kechirib bo‘lgani, shuningdek, maksimal bandlik va narx barqarorligi maqsadlariga intilayotganiga ishonch hosil qilguniga qadar» stavkalarni nolga yaqin darajada ushlab turishni rejalashtirgan.
Federal zaxira tizimi iqtisodiyotni koronavirus ta’siridan himoya qilish uchun bir qator qo‘shimcha choralarni e’lon qilgan. Unga ko‘ra, yaqin oylarda u AQSH davlat obligatsiyalaridagi portfelini kamida 500 milliard dollarga, Ginnie Mae, Fannie Mae va Freddie Mac kabi yarim davlat agentliklari tomonidan chiqariladigan ipoteka obligatsiyalari portfelini esa kamida 200 milliard dollarga oshiradi. Hozirda FZT balansi 2,5 trillion dollardan ortiq davlat obligatsiyalarini va 1,37 trillion dollarlik agentliklarga tegishli ipoteka qog‘ozlarini o‘zi ichiga olgan. Shunday qilib, g‘aznachilik obligatsiyalari portfeli 3 trillion dollarga qadar, ipoteka qog‘ozlari esa — taxminan 1,6 trillion dollarga oshadi. Shu bilan birga, FZT aktivlari 4,3 trillion dollardan 5 trillion dollarga qadar oshib, rekord natijani qayd etadi (bundan oldingi rekord 2015 yilning yanvarida qayd etilgan).
Qo‘shma Shtatlarda 50 nafardan ko‘proq kishi ishtirok etadigan barcha tadbirlarni bekor qilish tavsiya etilgan. Ayni vaqtga kelib amerikaliklarning 4060 nafarida virus aniqlangan, so‘nggi bir kunda o‘sish 380 nafar. Shu vaqtgacha 73 kishi tuzaldi, 71 kishi vafot etdi.
Boshqa mamlakatlar
Ispaniya. Dushanba kunidan bu mamlakat karantin holatiga o‘tdi. Odamlar uylaridan besabab chiqishi taqiqlangan, ular faqat ishga, shifokorga yoki oziq-ovqat mahsulotlari xaridi uchun chiqishlari mumkin. Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches ham karantinda - uning rafiqasi virus yuqtirib olgan.
Buyuk Britaniya. Hukumat bugundan har kuni bosh vazir Boris Jonson va boshqa yuqori martabali amaldorlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazadi va aholi koronavirusga qarshi ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida xabardor etib boriladi.
Lekin olimlarning ochiq xatida (fanning turli sohalariga mansub bo‘lgan 229 nafar mutaxassis tomonidan yozilgan - ular orasida epidemiolog yo‘q) hukumatning pandemiyaga juda sekinlik bilan reaksiya ko‘rsatishi tanqid ostiga olingan, bu xat ayni vaqtga kelib 250 mingdan ortiq imzo yiqqan.
Avstriya fuqarolari o‘z hududiga kirishi taqiqlangan davlatlar ro‘yxatini kengaytirdi, bu ro‘yxatdan Rossiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Ukraina kabi davlatlar ham o‘rin olgan. Sanalgan davlatlardan keluvchilar 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.
Eronda koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichlari keskin oshdi: rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir kunda 129 kishi vafot etdi va qurbonlar soni 853 nafarga yetdi. 14 mingdan ortiq kishi zararlangan. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi eronliklarga uylarini tark etmaslik va barcha safarlarini keyinroqqa qoldirishni tavsiya etmoqda.
Irlandiyada barcha pablar va barlar yopilgan. Avliyo Patrik kunini nishonlash bekor qilingan. Bunday choralar kamida 29 martga qadar amalda bo‘ladi.
Germaniyada bugundan mamlakat hududiga kirishda qat’iy cheklovlar o‘rnatildi - bu ayniqsa Avstriya, Shveysariya va Fransiyadan keluvchilarga taalluqli. Bavariya yerida favqulodda holat joriy etilgan. Berlinda 50dan ortiq kishi ishtirok etadigan tadbirlar bekor qilingan. Barlar, kinoteatrlar, klublar, sportzallar yopilgan. Restoranlar hozircha ishlamoqda. Keln shahrida ham shu kabi choralar qo‘llangan.
JSSTning qayg‘uli prognozi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy vakili Tarik Yazarevich yaqin haftalar ichida Yevropada koronavirus oqibatida vafot etayotganlar sonida o‘sish kuzatilishi haqida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir qator davlatlar hali pandemiyaning dastlabki boqichida turibdi. U Italiyada vafot etganlarning aksariyati bundan ikki-uch hafta oldin kasallikka chalinganini ta’kidladi.
Italiyada koronavirus tez tarqalishi sharoitida bemorlarning boshqalar bilan aloqasini kuzatish qiyinlashgan.
Virus Afrikada yoyila boshladi

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Afrikaning Benin, Somali, Tanzaniya va Liberiya davlatlarida ham koronavirusdan zararlanishning ilk holatlari tasdiqlangan.
Tanzaniyada 15 mart kuni Belgiyadan qaytib kelgan 46 yoshli ayolda virus aniqlangan, u Yevropaga safari davomida Shvetsiya va Germaniyada ham bo‘lgan.
Beninda Burkino-Fasoning 49 yoshli fuqarosida virus aniqlandi - u 21 fevral kuni o‘z mamlakatidan chiqib, keyingi 11 kun davomida Belgiyada bo‘lgan, 4 mart kuni o‘z vataniga qaytgan, 12 mart kuni esa Beninga uchib kelgan.
Liberiyada virusni yuqtirgan ilk odam Atrof-muhit muhofazasi agentligi rahbari Nataniyel Blama bo‘ldi. U shu kunlarda Shveysariyada bo‘lib qaytgandi.
Somalidagi ilk holat esa Xitoy bilan bog‘liq - o‘tgan haftada 4 nafar somalilik Xitoydan qaytganidan keyin koronavirus yuqtirishda gumonlanib tekshirilgandi.
Ayni vaqtda Afrikada virusdan eng ko‘p jabrlangan davlat Misr bo‘lib turibdi - 150 kishida virus aniqlangan, 2 kishi vafot etgan. Misr 19 martdan dunyoning barcha davlatlari bilan aviaaloqalarni to‘xtatmoqchi.
Bundan tashqari, Janubiy Afrika Respublikasi (64 holat), Jazoir (54 holat, 4 o‘lim), Marokash (29 holat, 1 o‘lim), Senegal (24 holat), Tunis (20 holat), Gana (6 holat), Efiopiya (5 holat), Ruanda (5 holat), Kamerun (4 holat), Kot-d-Ivuar (4 holat), Keniya (3 holat), Namibiya (2 holat) va Sudan (1 o‘lim), Kongo (1 holat), Ekvatorial Gvineya (1 holat), Mavritaniya (1 holat), Togo (1 holat) va Gabonda (1 holat) virus aniqlangan.
16 mart holatiga ko‘ra, butun dunyodagi 140ga yaqin davlatda koronavirus yuqtirganlarning jami soni 180 mingga yaqinni tashkil qilmoqda, 78 mingdan ortiq kishi sog‘aygan, 7 mingdan ortiq kishi vafot etgan (4 foizga yaqin).
Virusdan eng ko‘p jabr chekayotgan davlatlar:
Xitoy (80880 holat, 3213 o‘lim)
Italiya (27980, 2158)
Eron (14991, 853)
Ispaniya (9428, 335)
J. Koreya (8236, 75)
Germaniya (6924, 14)
Fransiya (5423, 127)
AQSH (4060, 71)
Shveysariya (2221, 18)
B.Britaniya (1543, 36)
Niderlandiya (1413, 24)
Norvegiya (1313, 3)
Shvetsiya (1103, 7)
Belgiya (1058, 5)
Avstriya (1018, 3)
Daniya (914, 4).
O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusga chalingan ilk bemor qayd etildi. Ayni vaqtga kelib bunday bemorlar soni 8 nafarni tashkil qilmoqda.
O‘zbekistonga koronavirus uchta reys orqali kirib keldi.
Birinchisi, 11 mart kuni Parij-Toshkent reysi. Bu reys orqali uchgan shifokor ayol O‘zbekistonda o‘g‘li, qizi, turmush o‘rtog‘i, nabirasi va qarindoshiga virus yuqtirib ulgurdi.
Ikkinchisi, 15 mart kuni soat 05:15da Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys.
Uchinchisi, 14 mart kuni London–Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys.
Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning ahvoli hozircha qoniqarli darajada ekanini ma’lum qilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar