Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukrainaga qarshi keng qamrovli harbiy harakatlar boshlanganidan buyon, ushbu qurolli mojaroda halok bo‘lgan rossiyalik harbiy xizmatchilar soni kamida 121 507 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda “Mediazona” nashri va Britaniyaning BBC rus xizmati jurnalistlari ko‘ngillilar jamoasi bilan hamkorlikda aniq ma’lumotlar asosida xabar berdi. Oxirgi yangilangan statistika 1 avgust, juma kuni e’lon qilindi. Faqat 18 iyuldan buyon ochiq manbalar orqali yana 2 353 nafar harbiy shaxsning shaxsiyati tasdiqlangan.
“Mediazona” portalida taqdim etilgan raqamlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida Boshqirdiston (5 889), Tatariston (5 565), Yekaterinburg (4 377) va Chelyabinsk (3 649)dan kelgan harbiylar soni eng yuqori. Shulardan 27,3 foizi (33 152 kishi) ko‘ngillilar, 14,8 foizi (17 964) qamoqxonalardan jalb qilingan mahkumlar va 11 foizi (13 356) safarbar qilingan fuqarolardan iborat.
Yosh guruhlar bo‘yicha eng ko‘p halok bo‘lganlar 30–32 yosh (10 366), 33–35 yosh (11 794), 36–38 yosh (11 614) va 39–41 yosh (10 625) toifalariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Rossiya armiyasi va boshqa xavfsizlik xizmatlari tarkibida xizmat qilgan 5432 nafar zobit, jumladan, 12 nafar general ham Ukrainada halok bo‘lgan.
Jurnalistlar ta’kidlashicha, haqiqiy yo‘qotishlar bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki harbiylar o‘limi haqidagi ma’lumotlar doimo ommaviy manbalarda ochiq e’lon qilinmaydi.
2024 yil 14 iyulda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida NATO bosh kotibi Mark Ryutte ma’lum qilishicha, Rossiya armiyasi 2025 yil boshidan beri Ukrainada 100 mingdan ortiq askarini yo‘qotgan. Aprel oyida esa NATO Rossiya qurolli kuchlarining umumiy yo‘qotishlari 250 mingga yetgani va 650 ming nafar askar yaralanganini e’lon qilgan edi.
Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni oshkor etildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar