
Dunyoda qanchalik uzoq yashashingiz va keksa avlodga aylanganda qanday holatda bo‘lishingiz faqat tanovul yoki irsiy omillar bilan emas, balki qayerda yashashingiz bilan ham chambarchas bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Nature Medicine jurnalida e’lon qilingan so‘nggi tadqiqot natijalari orqali Science Focus ma’lum qildi.
Daniya kabi taraqqiy etgan va ekologik hamda ijtimoiy jihatdan qulay mamlakatlarda yashovchi insonlar boshqalarga nisbatan ancha sog‘lom va uzoq umr ko‘rayotgani aniqlandi. Ilmiy tahlilchilar 40 davlatda istiqomat qiluvchi 160 mingga yaqin inson haqidagi ma’lumotlarni o‘rgandi. Ularning xulosasi juda aniq: qayerda yashashingiz qarish jarayonini yo tezlashtiradi, yoki aksincha — sekinlashtiradi.
Bu ma’lumotlar o‘z navbatida Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikadagi ayrim hududlarda sog‘lom qarish ko‘rsatkichlari past ekanini ham ko‘rsatdi. Masalan, Misr aholisi dunyoda eng tez qariydiganlardan biri sifatida qayd etildi — ularning biologik yoshi, ya’ni tanasi holati, o‘z xronologik yoshidan taxminan 2,35 yilga kattaroq hisoblanadi.
Shu bilan birga, Janubiy Afrika va Janubiy Amerikadagi ba’zi davlatlarda ham shunga o‘xshash holat kuzatilmoqda. Yevropa mamlakatlari esa aksincha — insonlarning tabiiy va sog‘lom qarish jarayonida yetakchilik qilmoqda. Xususan, Daniya bu borada birinchi o‘rinni egalladi.
Olimlarning ta’kidlashicha, havo sifati, ijtimoiy tenglik, iqtisodiy barqarorlik, ayollar huquqlarining ta’minlanishi, saylovda ishtirok imkoniyati va siyosiy erkinlik kabi omillar inson qarishiga juda kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bu narsalar inson hayotini nafaqat uzaytiradi, balki uning sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ajablanarlisi, tez qariydigan insonlar kundalik hayotda oddiy vazifalarni bajarishda 8 marta ko‘proq qiynalishadi va aqliy qobiliyatlari 4 marta tezroq pasayadi. Bu esa ularning hayot sifati va mustaqilligini sezilarli darajada cheklaydi.
Shu bois, qaysi mamlakatda yoki muhitda yashash inson salomatligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani yana bir bor tasdiqlandi. Yashash joyi faqatgina manzil emas, balki kelajakdagi sizning organizmingiz holati, faollik darajasi va sog‘lom qarishingiz uchun asosiy omil ekani barchaga ma’lum bo‘ldi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar