date
views 3 849

Pandemiyadan keyin musulmonlarning ahvoli nima bo‘ladi?

Pandemiyadan keyin musulmonlarning ahvoli nima bo‘ladi?
Butun dunyoda bir tomondan yangi koronavirus (Covid-19)ga qarshi chora-tadbirlar va davolash usullari muhokama etilar ekan, boshqa tomondan pandemiyaning tibbiy, siyosiy, ijtimoiy, psixologik, madaniy va teologik oqibatlari qanday bo‘lishi haqida biroz futuristik rejalar va taxminlar, hatto fitna nazariyalari haqida gap-so‘zlar yuribdi. “Pandemiyadan keyin” – “postpandemik” atamasi allaqachon ilmiy adabiyotga kirib bo‘ldi. G‘arbdagi mashhur jurnallar, gazetalar, siyosatchilar va olimlar Sovid-19 pandemiyasidan keyingi vaziyat bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirmoqda.

Pandemiyadan keyin xalqaro maydondagi tartib qanday bo‘ladi? Hozirgi holati juz’iy o‘zgarishlar bilan davom etadimi yoki bizni tub o‘zgarishlar kutib turibdimi? Pandemiya jarayoniga tomoshabin bo‘lib, deyarli hech narsa qilmagan BMT, Yevropa Ittifoqi (YEI), Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST), Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) singari tashkilotlarning ahvoli qanday kechadi? YEI parchalanib ketadimi?

Butun dunyo Xitoyning ta’siri ostida qoladimi? Globalistlarning oshig‘i olchi bo‘ladimi yoki ularga qarshilarning? Yoxud har ikki toifadan ham xalos bo‘lib, musulmonlar ham hissa qo‘shadigan yangi xalqaro tartib bunyod etiladimi? Ayni payt ana shu savollar borasida bahs-munozaralar avjiga chiqdi. Hatto bunday vaziyatlarda erkinliklar va demokratiyani to‘xtatib qo‘yib, avtoritar boshqaruv usuliga ruxsat berilishi kerakligini, Uchinchi jahon urushi boshlanib bo‘lganini iddao qilayotganlar ham bor.

Sovid-19 va dindorlar
Koronavirus masalasida musulmonlar umuman olganda sinovdan yaxshi o‘tayotganini aytib o‘tish zarur. Ka’ba tavof qilinmayotgan, Masjidi Nabaviy va Masjidi Aqso yopilgan, haj mavsumi tarixda qirqinchi bor bekor qilingan davrdan o‘tmoqdamiz. Bu pallada musulmonlarning aksari chora-tadbirlarga amal qilyapti deyish mumkin.

Biroq pandemiyaning boshlarida Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Bangladeshda ba’zi guruhlar namozlarni jamoat holida o‘qishni davom ettirdi. Bangladeshda omma yig‘ilib, koronavirusga qarshi duo o‘qidi. Eronda ba’zi diniy yetakchilar Qumni muqaddas shahar deb hisoblagani uchun u yerning karantinga olinishini istamadi. Indoneziyada esa ayrim musulmonlar “Biz koronavirusdan emas, Allohdan qo‘rqamiz”, deb juma namozining to‘xtatilishiga qarshi chiqdi.

“Tablig‘i jamoat” a’zolari Hindiston, Pokiston va Malayziyada ommaviy tadbirlar o‘tkazib, koronavirusning tarqalishiga sababchi bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Madinaga vabo kirmasligi haqidagi rivoyatni keltirib, Saudiya Arabistoni hukumatining Masjidi Nabaviyni yopish haqidagi qarorini tanqid qilganlar bo‘ldi. Hukumat esa masjidni yopish bilan cheklanmay, Makka va Madinada komendantlik soati joriy etdi.

Nasroniylar ham koronavirusga turlicha yondashmoqda. Masalan, Niderlandiyada har qanday yig‘ilishlar taqiqlandi, cherkovlarda esa ko‘pi bilan 30 kishi ishtirok etish sharti bilan ibodatlarga ruxsat berildi. Biroq protestantlarning oliy boshqaruv organi hisoblanuvchi Niderlandiya protestant cherkovi ibodatlar salomatlikdan muhimroq emas deb, ibodatlar 20 maygacha onlayn o‘tkazilishini ma’lum qildi. Urk, Kampen va yana bir nechta shaharlarda ba’zi cherkovlar ibodatlarni 20-25 kishi ishtirokida o‘tkazishni davom ettirmoqda.

Mamlakat bosh vaziri Mark Ryutte bunday istisno konstitutsiyaning 6-moddasida belgilab qo‘yilgan din erkinligi bilan bog‘liqligini aytdi. Biroq bu istisno niderlandiyalik musulmonlarga nisbatan qo‘llanmadi. Boshqa tomondan, bunday istisno koronavirus tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan hukumat tanqidga uchramoqda. Mahalliy kalvinistlar (kalvinizm – protestant oqimi) esa koronavirus xudobexabar odamlarni ogohlantirish uchun Tangri tomonidan yuborilganini aytib, hammani jamoaviy duoga chiqardi.

“Biz koronavirusdan emas, Tangridan qo‘rqamiz”, – dedi ular ham. Fransiyaning Myuluz shahrida yevangelistlarning cherkovida ikki mingdan ortiq kishi qatnashgan ibodatlardan keyin koronavirusga chalinganlar soni ortdi. AQSHning Floridasida ba’zi rohiblar qo‘l berish salomlashishni to‘xtatmaslikka chaqirdi. Londondagi Qirollik cherkovi rohiblari “koronavirusdan asraydigan muqaddas yog‘”ni 91 funt-sterlingdan sotishga urindi.

Koronavirusning musulmonlar imidjiga ta’siri
Pandemiyada kunlarida Andalus, Bryussel, Rotterdam va Gaaga, Palermo va Parma, Berlin va Kyoln singari Yevropaning muhim shaharlarda azon ovozkuchaytrigichlar orqali chaqirildi, chaqirilyapti. Bilbordlarga oyat va hadislar yozildi. Islomiy tashkilotlarning yosh vakillari keksalarning uylariga borib, ularga yordam beryapti. Ramazonda g‘arblik yetakchilar masjidlarda yaxshi gaplarni gapirmoqda.

Ba’zi sog‘liqni saqlash-psixiatriya markazlari musulmonlar shifokorlar va psixologlarga bemorlarning ruhiyatini ko‘tarish uchun tavsiyalar berishlari mumkinligini aytmoqda. Ro‘molli tibbiyot xodimalari oldingi saflarda turib bemorlarga yordam berishga oshiqmoqda. Bularning bari G‘arbda islom va musulmonlarga qaratilgan, oxirgi yillarda ancha kuchaygan “madaniy irqchilik”ni kamaytirishi mumkinmi?..

Vaziyat nekbinlikka turtki berayotgan bo‘lsa-da, islomga qarshiliklar yaqin orada yo‘q bo‘lishi kutish soddalikdan boshqa narsa emas.

Shuning barobarida G‘arbda hatto nasroniylar ham e’tirof etgan, musulmonlar 1400 avval qo‘llay boshlagan karantin va gigena choralari ko‘pchilikning zehnida islom va musulmonlar borasida ijobiy tasavvur uyg‘onishiga sabab bo‘lishini aytish mumkin. Pandenmiyaning ilk kunlarida “Nyusuik” nashriga intervyu bergan nasroniy teolog Kreyg Konsidayn kim birinchi bo‘lib epidemiya paytida karantin, ijtimoiy ihota va shaxsiy tozalikni tavsiya qilgan degan savol shunday javob berdi: “Hazrat Muhammad. U hakim yoki mutaxassis emasdi, lekin epidemiya borasida muhim tavsiyalar bergan”. Shuningdek, Konsidayn hadislardan misollar ham keltirdi.

Bundan holatlar G‘arbda musulmonlarning imidjini oshirishga xizmat qilishi aniq.

Koronavirus odamlarni dinga yaqinlashtiradimi?
Ayni paytda koronavirus musulmonlarga ham aloqador bo‘lgan ko‘plab diniy-falsafiy munozaralarni keltirib chiqarmoqda. Pandemiyadan keyin odamlar dinga yaqinlashadimi yoki uzoqlashadimi degan mavzu ana shu munozaralarda eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzulardan biridir. Shu ma’noda teoditseya (dunyoning ezgu Xudo tomonidan boshqarilishini oqlaydigan aqida) mavzusi, Alloh yomonlikni yaratgani yoki yaratmagani, yomonlikka roziligi borligi yoki yo‘qligi, bu bilan odamlarga azob berishi yoki bermasligi singari batafsil teologik izoh talab etiladigan masalalar tez-tez kun tartibiga chiqmoqda.

Odatda ofatlar va epidemiyalar paytida dinga moyillik ortadi. Bu fenomen biroz reduksionist yondashuv bilan dinni mushkul paytlarda antidepressant sifatida qabul qilishdan kelib chiqqan bo‘lsa-da, bunday paytlarda metafizik izlanishlar ko‘payishini aytish joiz. Masalan, koronavirus pandemiyasi paytida guglda diniy mazmundagi qidiruvlar 20 foiz ortgani aniqlandi. Lekin bu taxlit dinga moyillik doimiy ekani yoki emasligini ayon bo‘lishi uchun vaqt kerak bo‘ladi.

AQSHda Joshua jamg‘armasi o‘tkazgan tadqiqotda nasroniylarning 44 foizi koronavirus Tangriga qaytish uchun ogohlantirish yoki qiyomat alomati ekanini aytgan. Qariyb 50 foizi pandemiya kunlarida ko‘proq Injil o‘qiyotganini, cherkovlarning onlayn konferensiyalarida qatnashayotganini, diniy savol-javoblarni kuzatib borayotganini bildirgan.

Tadiqiqotda qatnashgan ateistlarning 22 foizi koronavirus pandemiyasi paytida Tangrining mavjudligi haqida izlanganini yoki diniy mazmundagi materiallar bilan tanishganini ma’lum qilgan. Yahudiylarning 42 foizi ham koronavirus bu qiyomat alomati degan fikrni bildirgan.

Islomofobiya kamayib, sinofobiya ortadimi?
Pandemiyadan keyin dunyoda sinofobiyaning (Xitoy va xitoyliklarga nisbatan toqatsizlik, qo‘rquv) ortishi taxmin qilinmoqda. Yuz tuzilishi o‘xshagani tufayli yaponlar va koreyslar ham sinofobiyadan benasib qolmayapti. Bu holat islomofobiyaning kamayishini bildiradimi?.. Amerikalik yevangelistlar va prezident Donald Trampning gap-so‘zlari hamda pandemiya paytida sinofobiyani qo‘zg‘ashlari, G‘arbdagi nafrat to‘lqinini Xitoyga burishga bo‘lgan urinishlar islomofbiya kamayishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Britaniya va Germaniya singari mamlakatlarda islomofoblarning g‘imirlashlari kuzatilsa-da, pandemiya paytida G‘arbda islom va musulmonlarga qarshi chiqishlar kamayganini aytish mumkin.

Islomofobiyaning yangi markazi – Hindiston
Koronavirus pandemiyasi davrida islomofobiya eng kuchaygan mamlakat Hindiston bo‘ldi. Bu davlatga islomofobiyaning yangi markazi sifatida qaralmoqda. Pandemiya paytida bu yerda musulmonlarga og‘zaki, jismoniy va psixologik hujumlar juda ko‘paydi. Hukmron Hindiston xalq partiyasi (BJP) tarafdori bo‘lgan radikal hindlar musulmonlarga “koronavirus jihodchilari”, “biojihodchilar”, “Sovid-19 terrorchilari” degan ayblovlar qo‘ydi, koronavirus musulmonlar hindlarga yuqtirishi uchun o‘ylab topilgan tuzoq ekanini iddao qildi.

“Tablig‘i jamoat” mart oyi boshlarida Nyu-Dehlida o‘tkazgan yig‘ilish esa hind islomofoblar uchun bahona bo‘ldi. Hukumat koronavirus bilan kasallanish holatlarining beshdan bir qismi ana shu yig‘ilishdan keyin aniqlanganini ma’lum qildi. Haydarobod universiteti professori Tanvir Fazal esa buni hukumatning koronavirusga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatsizligini musulmonlarga ag‘darishi deya izohladi.

Boshqa tomondan, “Tablig‘i jamoat” mart oyi boshlarida Malayziya va Pokistonda ham shunga o‘xshash yig‘ilishlar o‘tkazgani, shu orqali kamida 6-7 mamlakatga virus tarqalgani inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Bu holat Hindistonda musulmonlarga nisbatan noo‘rin ayblovlarning yangrashiga, islomofoblar uchun bahona topilishiga sabab bo‘ldi. Hindistonlik jurnalist Ra’no Ayub “Vashington Post”da yozganidek, Hindistonda koronavirus epidemiyasining yagona sababchisi musulmonlar sifatida ko‘rsatilishining ortida islomofobik tutum borligini ko‘zdan qochirmaslik kerak. Shu o‘rinda Kuvaytning Hindistonda islomofobik hujumlarni to‘xtatish haqida Islom Hamkorlik Tashkilotiga chaqirig‘i muhim ahamiyatga ega. Arab davlatlarida millionlab hindistonlik ishlashi e’tiborga olinsa, bu chaqiriq javobsiz qolmasligi mumkin.

O‘zjan Xidir,
Istanbul Sabahattin Zaim universiteti professori

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pandemiyadan keyin musulmonlarning ahvoli nima bo‘ladi?