
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi hujumchisi va sardori Eldor Shomurodov Misrga qarshi muhim bellashuvdan so‘ng jurnalistlar bilan muloqot qilib, maydondagi vaziyatlar, jamoa taktikasi va finalga oid fikrlarini bayon qildi. Uning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, bu o‘yin nafaqat natija, balki o‘zaro tushunish va birgalikda harakat qilish bo‘yicha ham jamoa uchun katta tajriba bo‘lgan.
Shomurodov o‘yinning birinchi qismida jamoa katta ustunlikka ega bo‘lganini ta’kidlar ekan, amaldagi vaziyatlardan unumli foydalanilmaganini eng asosiy kamchilik sifatida tilga oldi.
«Birinchi bo‘limda tashabbus to‘liq bizning tomonda edi. Agar imkoniyatlardan yaxshiroq foydalanganimizda, 2 gol bilan cheklanmasdan, yana bir necha bor darvozani ishg‘ol qilishimiz mumkin edi. Ikkinchi bo‘limda esa, biroz himoyaga ko‘proq e’tibor qaratdik. Misr ham taktikasiga o‘zgarish kiritdi va biroz bosim ostida qoldik. Lekin eng asosiysi — gol o‘tkazmadik», — dedi Eldor.
Uning fikricha, vaziyat yaratish — jamoaning eng katta yutug‘i bo‘ldi. Chunki o‘zaro tushunish va jamoaviy harakat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini aynan shu jarayonlar ko‘rsatib turibdi.
«Imkoniyatlarni golga aylantira olmaganimiz — xatomiz. Lekin vaziyat yarata oldik, bu esa jamoamiz o‘zaro bir-birini qay darajada anglayotganini ko‘rsatadi. Bu Oston bilan ham, Azizbek bilan ham maydonda qanchalik yaxshi uyg‘unlikka ega ekanimizning yana bir isboti», — deya qayd etdi u.
Shomurodov zamonaviy futbolda jamoa har ikki fazada — himoya va hujumda — barcha ssenariyga tayyor turishi kerakligini alohida ta’kidladi.
«Zamonaviy futbolda barcha narsaga tayyor turish shart. Ba’zi o‘yinlarda aktiv pressing qilishga to‘g‘ri keladi, ba’zida esa raqibning ustun sifati tufayli himoyadan turib o‘ynash kerak bo‘ladi. Misrga qarshi dastlabki bo‘limda yaxshi pressing qildik, tashabbusni olib yurdik. Ikkinchi qismida esa himoyada ishonchli to‘plandik. Eng muhimi — har ikki fazada ham tayyor bo‘lish», — dedi sardor.
Suhbat yakunida Eldor jamoaning finaldagi maqsadi aniq va o‘zgarmaydiganini bildirdi:
«Eron bilan o‘yin doimo qiziq va mas’uliyatli bo‘ladi. Bir narsa aniq — biz g‘alaba uchun kurashamiz».
Shomurodovning bu fikrlari jamoa ichidagi ruhiy tayyorgarlik yuqori ekanini, o‘yinchilar bir-biriga ishonayotganini va final oldidan jamoada mustahkam birlik shakllanganini ko‘rsatadi. Muxlislar esa endi 18-noyabrdagi hal qiluvchi bahsni mantiqan katta kutish bilan qarshi olmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.