date

Grin-karta lotereyasida ro‘yxatdan o‘tish qoidalari o‘zgardi

Grin-karta lotereyasida ro‘yxatdan o‘tish qoidalari o‘zgardi

AQSH Davlat departamenti 2027 yilgi Diversity Visa (DV-2027) lotereyasi bo‘yicha yangi texnik o‘zgarishlar kiritilganini ma’lum qildi. Bu haqda vedomstvo rasmiy sayti orqali xabar berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Grin-karta dasturi bekor qilinmaydi, balki faqat ariza topshirish va natijalarni e’lon qilish muddatlarida tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Ya’ni, dasturning mexanizmi va ishtirok qoidalari avvalgidek qoladi.

Qayd etilishicha, DV-2027 g‘oliblari 2026-yil 1-oktyabrdan 2027-yil 30-sentyabrgacha bo‘lgan davrda immigratsiya vizasi uchun hujjat topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangilangan sana va jarayonning aniq tartibi keyinroq e’lon qilinadi.

Shu bilan birga, Davlat departamenti 2024-yil 16-sentyabrdan boshlab lotereyaga ro‘yxatdan o‘tish uchun 1 AQSH dollari miqdorida yig‘im joriy etganini ham ma’lum qildi. Bu chora konsullik xizmatlari haqidagi to‘lov tizimini qayta ko‘rib chiqish doirasida kiritilgan.

Diversity Visa (DV) dasturi AQSHga migratsiya darajasi past bo‘lgan mamlakatlar fuqarolari uchun har yili 50 mingga yaqin immigratsiya vizasi taqdim etadi. Dasturning asosiy maqsadi — Amerikaga ko‘proq turli millat vakillarini jalb etish va demografik muvozanatni ta’minlashdir.

Lotereya natijalarini an’anaviy tarzda Entry Status Check (ESC) tizimi orqali tekshirish mumkin bo‘ladi. Bu tizim orqali ishtirokchi o‘z raqami va ma’lumotlari asosida g‘olib yoki yo‘qligini aniqlaydi.

Avvalgi yillarda Grin-karta dasturiga ariza qabul qilish har yili oktyabr oyining boshida ochilib, noyabr boshida yakunlanar edi. Masalan, DV-2026 dasturi uchun ariza qabul qilish 2024-yil 2-oktyabrdan boshlangan. Biroq 2025-yilda bu an’ana buzilib, Davlat departamenti vaqtinchalik tanaffus haqida izoh bermagan edi.

Ekspertlar fikricha, yangi tashkiliy o‘zgarishlar dasturni yanada aniq, shaffof va barqaror qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida to‘lov kiritilishi firibgarlik holatlarini kamaytirishga xizmat qilishi ham ta’kidlandi.

AQSHga ko‘chib o‘tishni orzu qilayotgan minglab fuqarolar uchun Grin-karta dasturi hali ham asosiy imkoniyat bo‘lib qolmoqda. Yangi qoidalar esa bu jarayonni yanada tartibli va shaffof qilishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Grin-karta lotereyasida ro‘yxatdan o‘tish qoidalari o‘zgardi