17:33 / 30.08.2020
2 307

Tramp: «Agar Bayden g‘alaba qozonsa, Amerikaga Xitoy xo‘jayin bo‘ladi»

Tramp: «Agar Bayden g‘alaba qozonsa, Amerikaga Xitoy xo‘jayin bo‘ladi»
Alex Brandon / AP / Scanpix / LETA
Amerika prezidenti Donald Tramp 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan 59-prezidentlik saylovlarida AQSH prezidentligiga respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etishga rasman rozi bo‘ldi. U 27 avgust kuni kechqurun Oq uyning janubiy maysazorida irod etgan nutqida nimalar haqida gapirdi?

Quyida bir soat-u 10 daqiqa davom etgan va taxminan 6 ming so‘zni o‘z ichiga olgan mazkur nutqdagi eng asosiy jihatlarga e’tibor qaratiladi.

«Mamlakat tarixidagi eng muhim saylov»
Tramp Respublikachilar partiyasi tomonidan o‘tkazilgan 4 kunlik qurultoyining so‘nggi kunidagi ushbu nutqining kirish qismida vatandoshlarga yuzlanib, bu kecha «minnatdorchilik va cheksiz optimizmga to‘la qalbi» bilan AQSH prezidentligiga nomzodlikni qabul qilishini bildirdi.

Tramp yangi davrda Amerika iqtisodiyotini o‘z tarixidagi eng yaxshi kunlarga qaytarishini va AQSHni barcha tahdid va xatarlardan himoya qilishini aytdi.

U AQSHda 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari «mamlakat tarixidagi eng muhim saylov» ekanligini ta’kidladi:
«Avvallari hech qachon saylovchilar ikki partiya, ikkita qarash, ikkita falsafa yoki ikkita kun tartibi o‘rtasidagi tanlovga duch kelishmagan. Bu saylovda Amerika orzusini himoya qilamizmi yoki sotsialistik kun tartibi qimmatli taqdirimizni yo‘q qilishiga qo‘yib beramizmi – mana shu masalada qaror beramiz. Biz millionlab yuqori maoshli ish joylarini yaratamizmi yoki o‘n yillar davomida ahmoqlik qilinganidek, o‘z sanoatimizni abgor etib, millionlab ish o‘rinlarini chet elga jo‘natamizmi – mana shu masalada qaror qilamiz. Sizning ovozingiz bilan biz qonunlarga bo‘ysunadigan Amerika xalqini himoya qilamizmi yoki fuqarolarimizga tahdid soluvchi zo‘ravon anarxistlarga, buzg‘unchilarga va jinoyatchilarga erkinlik beramizmi – mana shu masalada qaror beramiz».

Bayden va Xitoy siyosati
Tramp o‘z nutqi davomida demokrat raqibi Jo Bayden nomini qirq martadan ortiq tilga oldi va beayov tarzda uning «po‘stagini qoqdi»:
«Demokratlarning milliy konvensiyasida Jo Bayden va uning partiyasi Amerikani irqiy, iqtisodiy va ijtimoiy adolatsizlik mamlakati o‘laroq tavsifladi. Shuning uchun men bu oqshom sizga oddiy bir savolni bermoqchiman: mamlakatimizni parchalash uchun shunchalar ko‘p vaqt sarflagan demokratlar partiyasi qanday qilib bu yurtning yetakchisi bo‘lishi mumkin? Jo Bayden Amerika qalbining xaloskori emas. U Amerikaning ish joylarini yo‘q qiladi va agar imkoniyat berilsa, u Amerikaning buyukligiga nuqta qo‘yadi».

Tramp Baydenning 47 yillik siyosiy hayoti va Xitoy siyosatini tanqid qildi:
«Jo Bayden butun karerasini o‘z niyatlari va amerikalik ishchilarning orzu-havaslarini autsorsing qilish, ish joylarini offshor qilish, chegaralarini ochish va o‘g‘il-qizlarni abadiy xorijiy urushlarga, adog‘i yo‘q jang-u jadallarga jo‘natish uchun sarflagan».

«Avvalgi hayotimni ortda qoldirganimdan beri – va bu yaxshi hayot edi – men siz uchun kurashishdan boshqa hech narsa qilmadim. Men Vashington siyosatining tub qoidalarini buzgan holda bizning siyosiy tashkilotimiz hech qachon kutmagan va hech qachon kechira olmaydigan ishni qildim. Men bergan va’damni bajardim. Biz birgalikda muvaffaqiyatsizlikka uchragan siyosiy sinf hukmronligini tugatdik va endi ular o‘z kuchlarini har qanday usul bilan qaytarib olishga intilishadi. Siz buni ko‘rgansiz. Ular menga g‘azablanishadi, chunki ularni birinchi o‘ringa qo‘yishning o‘rniga men shunchaki «Amerika birinchi» dedim».

«Biz ilgari hech kim ko‘rmagan stavka bo‘yicha rekord darajadagi soliq va tartibga solish imtiyozlaridan o‘tdik. Qisqagina uch yil davomida biz dunyo tarixidagi eng kuchli iqtisodiyotni qurdik. Vashington insayderlari mendan Xitoyga qarshi chiqmasligimni so‘rashdi. Ular mendan xitoyliklar ishimizni o‘g‘irlashda davom etishiga, mamlakatimizni vayron etishiga va uni ko‘r-ko‘rona talon-toroj qilishiga ruxsat berishimni so‘rashdi. Ammo men Amerika xalqiga bergan va’damni bajardim. Biz Xitoyga qarshi Amerika tarixidagi eng qattiq, eng jasur, eng kuchli zarbalarni berdik. Agar saylovlarda Bayden g‘alaba qozonsa, mamlakatimizning xo‘jayini Xitoy bo‘ladi».

«Biz so‘nggi to‘rt yilni Jo Baydenning so‘nggi 47 yil ichida yetkazgan zararini qoplashga sarfladik. Baydenning qilgan ishi – hayotimizdagi eng halokatli xiyonat va qo‘pol xatolarning sharmandali chaqirig‘idir. U butun karerasini tarixning noto‘g‘ri tomonida o‘tkazdi. Bayden NAFTA halokati uchun ovoz berdi, bu eng yomon savdo bitimi edi. U Xitoyning Jahon savdo tashkilotiga kirishini qo‘llab-quvvatladi, bu eng katta iqtisodiy ofatlardan biri edi. Baydenning o‘sha falokatlaridan keyin Qo‘shma Shtatlar har to‘rtinchi ishlab chiqarishidan birini yo‘qotdi. Michigan, Ohayo, Nyu-Hempshir, Pensilvaniya va boshqa ko‘plab shtatlarda odamlar ishdan bo‘shashga majbur bo‘ldi. Ular Baydenning hamdardlik so‘zlarini eshitishni emas, o‘z ish joylarini qaytarib olishni istashdi».

Tramp ta’minot zanjirlari va ishlab chiqarish tarmoqlarini mamlakat ichkarisida ushlab turish uchun harakat qilishlarini ta’kidladi va «Jo Baydenning rejasi Xitoy ishlab chiqarishi, mening rejam esa Amerika ishlab chiqarishidir», deb qo‘shimcha qildi.

Koronavirus muammosi
Tramp koronavirusga qarshi kurash doirasida amalga oshirilayotgan ishlarda qo‘lga kiritilgan yutuqlarni e’tirof etdi va mamlakatda o‘lim ko‘rsatkichi Yevropa mamlakatlariga nisbatan ancha past ekanini ma’lum qildi:
«So‘nggi oylarda millatimiz va butun sayyoramiz yangi va kuchli ko‘rinmas dushmanga duch keldi. Bizdan avvalgi jasur amerikaliklar singari biz ham mashaqqatlar bilan yuzma-yuz kelyapmiz. Biz hayotni saqlab qoluvchi muolajalarni amalga oshiryapmiz va yil yakuniga qadar va hatto undan ham oldinroq vaksinani ishlab chiqaramiz. Biz virus va pandemiyani yengib, har doimgidan ham kuchliroq bo‘lamiz».

U yana mavzuni Baydenga «burdi»:
«Agar Jo Bayden saylansa, Xitoy mamlakatimizga xo‘jayinlik qiladi. Baydendan farqli o‘laroq, men ulardan butun dunyo bo‘ylab fojiaga sabab bo‘lganlarining hisobini so‘rayman. So‘nggi oylarda pandemiya xalqimizga va butun dunyoga zarar yetkazdi. Xitoy butun dunyo bo‘ylab uning tarqalishiga yo‘l qo‘yib berdi. Ular buni to‘xtatib qo‘yishlari ham mumkin edi, biroq uning chiqishiga yo‘l qo‘yib berishdi.

Agar biz Joni tinglaganimizda, yana yuz minglab amerikaliklar o‘lgan bo‘lar edi. Jo Bayden ilm-fanga ergashish o‘rniga, butun mamlakatni og‘ir ahvolga solmoqchi. Uning hukumatga kelishi millatimiz bolalariga, oilalariga va turli ijtimoiy kelib chiqishga ega bo‘lgan fuqarolarga aqlga sig‘maydigan darajada doimiy zarar yetkazishi mumkin. Baydenning hokimiyatga kelishi giyohvand moddalar miqdorining oshishi, depressiya, alkogolga moyillik, o‘z joniga qasd qilish, yurak xuruji, iqtisodiy halokat, ish joyini yo‘qotish va boshqa holatlar bilan o‘lchanadi. Jo Baydenning rejasi virusni hal qilish emas, aksincha, bu virusga taslim bo‘lishdir
».

Qora tanlilar va Yaqin Sharq siyosati
Tramp mamlakatdagi qora tanlilar uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilayotganliklarini bildirdi:
«Men afroamerikaliklar jamiyati uchun respublikachilarning birinchi prezidenti Avraam Linkolndan keyingi har qanday prezidentdan ko‘ra ko‘proq ish qilganimni juda kamtarlik bilan aytmoqchiman. Men uch yil ichida qora tanlilar jamoasi uchun Jo Bayden 47 yil ichida qilganidan ko‘ra ko‘proq ish qildim».

Shuningdek, Tramp hokimiyatga kelgan davrini ham esga oldi.
«Men lavozimga kirishganimda, Yaqin Sharq butunlay xaosda edi. ISHID quturib, Eron tobora kuchayib borayotgan, Afg‘onistondagi urushning esa adog‘i ko‘rinmayotgandi. Men Eronning dahshatli bir tomonlama yadroviy kelishuvidan chiqdim. O‘zimdan oldingi ko‘plab prezidentlardan farqli o‘laroq, va’damni bajardim. Isroilning haqiqiy poytaxtini tan oldim va elchixonamizni Quddusga ko‘chirdim».

Xavfsizlik kuchlari va politsiya masalasi
U demokratlar va Bayden AQSHning ko‘plab qadriyatlarini yo‘q qilishini ta’kidladi va «Bayden sotsializmining Troya oti» haqidagi iddaolarini ham ilgari surdi.
«Bayden zaif. U buyruqlarni liberal riyokorlardan oladi. Bu odamlar xarobalardan qochish asnosida o‘z shaharlarini vayron qilgan odamlardir».

Tramp, shunindek, agar saylovda Bayden g‘alaba qozongudek bo‘lsa, politsiya tashkilotlariga beriladigan mablag‘lar qisqartirilishini ta’kidladi.
«Demokratlar mamlakat bo‘ylab xavfsizlik kuchlarini kamaytiradigan qonunlarni qabul qilishadi. Shu tariqa barcha shaharlar Portlend kabi bo‘ladi. Baydenning Amerikasida hech kim xavfdan xoli bo‘lmaydi. Biz esa har doim Amerika xavfsizlik kuchlari tomonidamiz».

Tramp Amerika xalqining xavfsizligi va qadr-qimmatda yashashi uchun harakat qilishlariga va’da berdi:
«Demokratik partiya anarxistlar, talonchilar, buzg‘unchilar, isyonchilar, bayroq yoquvchilar bilan yonma-yon turishni istasa, bu ularning tanlovi. Ammo men prezident ekanman, hech qachon bu ishning bir qismiga aylanmayman».

Oq uy oldida namoyishlar o‘tkazildi
Tramp nutq qilayotgan paytda Oq uy oldida mingga yaqin odam to‘plandi va mamlakatdagi irqchilik va politsiya zo‘ravonligiga qarshi namoyish o‘tkazildi.

Black Lives Matter (Qora tanlilarning hayoti qadrlidir) ko‘chasida yig‘ilgan namoyishchilar politsiya zo‘ravonligi tufayli vafot etgan Jorj Floyd va yakshanba kuni politsiyaning o‘t ochishi natijasida jiddiy jarohat olgan Jeykob Bleykni yodga olishdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp: «Agar Bayden g‘alaba qozonsa, Amerikaga Xitoy xo‘jayin bo‘ladi»