Dunyoda oziq-ovqat tanqisligi xavfi tobora oshmoqda

Mamlakatlar oziq-ovqat tanqisligi paytiga yaqinlashmoqda. Xususan, dunyodagi oziq-ovqat mahsulotlarining 50 foizi sun’iy o‘g‘itlarga bog‘liq. Bu haqda tahlilchi Lukas Ekuame ogohlantirdi.
Shimoliy yarim sharda ekin ekish mavsumi boshlanmoqda, ammo o‘g‘itlardan foydalanish imkoniyati eng yuqori darajada cheklangan.
Hormuz bo‘g‘ozidagi muammolar tufayli o‘g‘it yetkazib berishning qariyb 30 foizi, suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berishning esa 20 foizi to‘xtab qolgan. Xitoy ham eksportga cheklovlar qo‘ydi, bu esa bozorning yana 30 foizida xavf paydo qilmoqda. Aksariyat sun’iy o‘g‘itlar tabiiy gazdan tayyorlanishi sababli, uning yetishmovchiligi o‘g‘it tanqisligiga olib keladi.
“Financial Times” nashri ham dunyo eng katta oziq-ovqat tanqisliklaridan biriga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Bunga Yaqin Sharqdagi ziddiyat sabab bo‘lib, u o‘g‘it yetkazib berishni xavf ostiga qo‘ydi va energiya resurslari narxining tez ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Bu vaziyatda rivojlanayotgan davlatlar eng zaif holatda qoladi. Shuningdek, Hindiston, Bangladesh va AQSHning qishloq xo‘jaligi hududlari ham xavf ostida: u yerda fermerlar allaqachon gaz, yoqilg‘i va o‘g‘it yetishmovchiligiga duch kelmoqda.
Bu uzilishlarga Qatar va Jazoirdagi o‘g‘it ishlab chiqaruvchi korxonalarning to‘xtab qolishi sabab bo‘lgan. Hormuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi, chunki energiya narxlarining oshishi mahsulotlarni tashish, qayta ishlash va saqlash xarajatlarini ko‘paytirdi.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi davomli urush dunyoda oziq-ovqat narxlarini keskin ko‘tarishi mumkin. Eng katta zarar makkajo‘xori yetishtiruvchilarga tegadi, chunki bu ekin azotli o‘g‘itlarga eng ko‘p ehtiyoj sezadi. O‘z navbatida, omuxta yomning asosi bo‘lgan makkajo‘xori narxining oshishi chorvachilik va parrandachilikda mahsulot tannarxining qimmatlashishiga olib keladi.