11:11 / 11.11.2020
4 124

Qorabog‘da Ozarboyjon va Armaniston jang qildi, g‘alaba esa boshqa bir davlatga nasib etdi

Qorabog‘da Ozarboyjon va Armaniston jang qildi, g‘alaba esa boshqa bir davlatga nasib etdi
Foto: RIA «Novosti»
Tog‘li Qorabog‘ hududida joriy yil 27 sentabrdan boshlangan qurolli to‘qnashuvlar poyoniga etdi. Ozarboyjon hamda Armaniston Kreml vositachiligida 10 noyabrdan urushni to‘xtatish haqida uch tomonlama bitimni imzoladi. Kelishuvga binoan nizoli hududga Rossiya harbiy kontingenti kiritiladi.

Sirtdan qaraganda, qonli urushda Ozarboyjon zafar qozondi. Zero, rasmiy Boku bundan chorak asr avval qo‘ldan ketgan yerlari – Qorabog‘ atrofidagi 7 tumanni yana o‘z nazoratiga olmoqda. Bundan tashqari, tarixiy Shusha shahri qaytarib olindi. Katta harbiy talafot ko‘rgan Armaniston esa mag‘lubiyatni ochiq tan olishga majbur bo‘ldi. Ammo aksar tahlilchilar Qorabog‘dagi urushda Ozarboyjon va Armaniston jang qilgani, g‘alabani esa Rossiya ilib ketganini yozmoqda.

Siyosiy fanlar nomzodi Ivan Preobrajenskiyga ko‘ra, imperiyachilik mantig‘idan kelib chiqilsa, g‘alaba gulchambari prezident Vladimir Putinga nasib etdi. Kreml yuzaga kelgan vaziyatdan ustalik bilan foydalandi va voqealar rivojini o‘z manfaati tomon burib yubordi. Hozirga qadar Armanistonda Rossiya harbiy bazasi mavjud edi, endilikda Tog‘li Qorabog‘ hududida ham 2000 kishilik rus qo‘shini joylashmoqda. Shu tariqa Rossiya mintaqa chegaralarida nazoratni qo‘lga kiritayotir.

«Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, Rossiya ikki muhim koridorni (Qorabog‘dan Armanistonga hamda Naxichevondan Ozarboyjonning g‘arbiy tumanlariga), demakki, Armanistonning ikki chegarasini qo‘lga olib, butun mamlakat ustidan nazorat o‘rnatmoqda. Ayrimlar tomonidan Armaniston 2020 yil 10 noyabrdan Rossiyaning Kavkazdagi vassali deb e’lon qilingani ham bejiz emas», – deydi Ivan Preobrajenskiy.

Istanbul universiteti siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti, doktor Xoqon Guneshga ko‘ra, muammo to‘laqonli bartaraf etilmadi, Rossiya 26 yil avval bo‘lganidek, ixtilofni «muzlatib» qo‘ydi, xolos Xavotirli jihati, Kreml ushbu ziddiyatdan istagan paytda yana foydalanishi mumkin.

«Kutilgandek bo‘ldi. (Qorabog‘ning) o‘tgan 26 yildagi valine’mati yangi bitim bo‘yicha ham valine’mat maqomini oldi. Xo‘sh, ertaga nima bo‘ladi? Bu masala yana Rossiya inon-ixtiyoriga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ya’ni Rossiya tinchlik rejasiga emas, balki muzlatilgan ziddiyat rejasiga homiylik qilmoqda», – deydi Xoqon Gunesh.

Ukraina kelajak instituti eksperti Iliya Kusa esa ushbu vaziyatda nafaqat Rossiya, balki Turkiyaning ham omadi kelganiga urg‘u beradi.

«Rossiya Federatsiyasi Tog‘li Qorabog‘ga harbiy yordam borasida mablag‘ xarjlamadi, avval-boshda ziddiyatga ham aralashmadi. Urushda sillasi qurigan rasmiy Yerevan zaiflashuvi ortidan bitim imzoladi. Shu tariqa Rossiya Armanistonga ta’sir va nazorat ko‘lamini oshirmoqda... Sirasini aytganda, harbiy yurish xotimasida Rossiya Federatsiyasi hamda Turkiyaning oshig‘i olchi keldi», – deydi Iliya Kusa.

Telegramdagi «Tashqarida» kanali muallifi Rossiya harbiy nazoratiga o‘tayotgan Qorabog‘ hududi keyinroq na Ozarboyjon, na Armanistonga nasib etmasligi mumkinligini taxmin qiladi.

«Qorabog‘ taqdiri ham Moldaviyadagi Dnestrbo‘yi hududiga o‘xshab qoldi – aynan rus harbiylari borligi uchun Moldaviya 30 yildirki butun bo‘lolmaydi. Ham masofa, ham vaqt jihatidan yaqinroq misol – Gruziyadan «tinchlikparvarlar» tomonidan tortib olingan Janubiy Osetiya va Abxaziya. Ilhom Aliyevning kelishuvda Qorabog‘ statusi haqida hech qanday so‘z yo‘qligi va endi muzokaralarda Boku taklif qilib kelayotgan avtonomiya ham bo‘lmasligi haqidagi gaplariga qaramay, hozir qo‘lga kiritilmagan hududlar de-fakto Rossiya nazoratiga o‘tmoqda va Ozarboyjonga (va balki Armanistonga ham) qaytmasligi ehtimoli yuqori. Zero, rus «tinchlikparvar kuchlari» kirgan mojarolarning birortasi shu paytgacha yechilmagan, faqatgina Moldaviya, Ukraina hamda Gruziyaning yaxlitligiga putur yetgan», – deb yozadi «Tashqarida» kanali.

Darvoqe, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qorabog‘ urushi yakunlari haqida fikr bildirar ekan, jangda «Ham Ozarboyjon, ham Armaniston g‘alaba qozondi, chunki qon to‘kilishiga barham berildi» deya lutf qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qorabog‘dagi ziddiyat 1988 yil fevrl oyida Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati Ozarboyjon tarkibidan chiqishini e’lon qilgach boshlangan. 1992-1994 yillarda davom etgan urush davomida Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 tuman arman kuchlari tomonidan egallangan, hududda «Tog‘li Qorabog‘ respublikasi» tuzilgani e’lon qilingan. Ammo ushbu tuzilmani biror davlat tan olmagan. Rasmiy Yerevan ham «Tog‘li Qorabog‘ respublikasi»ni rasman tan olmagan, ammo respublikaning budjeti va armiyasi Armaniston bilan chambarchas bog‘liq ekani aytiladi.

Fransiyaning «L’Obs» jurnaliga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatining tamal toshi bir asr avval Iosif Stalin tomonidan qo‘yilgan. Qayd etilishicha, fitna urug‘ini qadagan sho‘ro dohiysi ham ozar, ham armanlarni qopqonga tushirishni ko‘zlagan. Ushbu mojaro hozir ham richag – ta’sir ko‘rsatish vositasi sifatida qo‘l kelmoqda.

S.Salim

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qorabog‘da Ozarboyjon va Armaniston jang qildi, g‘alaba esa boshqa bir davlatga nasib etdi