O'zbek ishchilari Italiya fermalariga qo'shiladi

O'zbekiston va Italiya rasmiylari O'zbekiston fuqarolarini Italiyaning qishloq xo'jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga yuborish masalasini muhokama qildi. Uchrashuvda Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri Ibrokhim Abdurakhmonov, Italiya qishloq xo'jaligi vaziri Francesco Lollobrigida va "Confagricoltura" vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralar chog'ida tomonlar o'zbekistonlik ishchilarni Italiyaning fermerlik tarmog'iga jalb etish bo'yicha kelishuvlarga erishdi. Shu ishlar doirasida O'zbekiston Migratsiya agentligi Italiyaning "Associazione Imprese Ortofrutticole" uyushmasi bilan hamkorlik bitimini imzoladi.
Kelishuvga ko'ra, O'zbekiston fuqarolari uch oydan to'qqiz oygacha davom etadigan mavsumiy ishlarga yuboriladi. Uyushma prezidenti Marco Salvi pilot loyiha doirasida 2026 yilda 100 kishini ish bilan ta'minlashga tayyor ekanini bildirdi.
Mazkur tashkilot meva-sabzavot sohasidagi 35 dan ortiq yirik Italiya kompaniyasini birlashtiradi. Uning faoliyati dehqonchilik va ishlab chiqarishdan tortib eksportgacha bo'lgan to'liq qishloq xo'jaligi zanjirini qamrab olib, O'zbekistondan qonuniy mehnat migratsiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!