22:33 / 07.02.2021
1 939

Jo Bayden tashqi siyosatining dastlabki 100 kunidan nimalarni kutsa bo‘ladi?

Jo Bayden tashqi siyosatining dastlabki 100 kunidan nimalarni kutsa bo‘ladi?
Sobiq prezident Donald Tramp lavozimga kirishganidan so‘ng o‘tgan dastlabki 100 kunda prezident Barak Obama merosining asosiy unsurlarini bekor va yo‘q qilishga va “Eng avvalo Amerika” platformasini ilgari surishga qaratilgan bir uyum farmonlarga imzo chekkan edi. Bu hol uzoq yillardan beri tashqi siyosat borasida 2 ta partiya o‘rtasida saqlanib kelgan murosa muvozanatini buzib yubordi.

Kutilishicha, AQShning yangi prezidenti Jo Bayden milliy xavfsizlikka bo‘lgan ko‘plab tahdidlarga qarshi turish maqsadida ushbu siyosatni iziga qaytaradi. Ushbu tahdidlar sirasiga davom etayotgan koronavirus pandemiyasidan tortib, AQSh bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar tarangligining keskinlashib ketgani hamda yadro quroli ishlab chiqarish ostonasida turgan Eron muammolarigacha kiradi.

Biroq Senatda Trampga ikkinchi marta impichment e’lon qilinishi bilan bog‘liq ichki siyosiy masalalar Baydenning qonunchilik borasidagi kun tartibini sekinlashtirib qo‘yishi mumkin, ushbu kun tartibini prezident maslahatchilari u o‘z lavozimiga kirishganining ilk kuniyoq olg‘a surmoqchi bo‘lgan edi. Maslahatchilar prezident Bayden tez va dadillik bilan ish ko‘rmoqchi ekanini aytmoqda: “U ikki yillik vaqt ufqi[1] haqida o‘ylayotgani yo‘q, u dastlabki bir necha oy ichida ko‘p ish qilishni muhim deb biladi”.

AQShning sobiq yuqori lavozimli rasmiy shaxslari va ekspertlari fikricha, milliy xavfsizlikka tahdidlar va partiyalar o‘rtasidagi keskin kelishmovchiliklar birikuvi yangi ma’muriyat uchun jiddiy muammo tug‘dirmoqda. Biroq tashqi siyosatda Bayden zudlik bilan ittifoqlarni tiklashga o‘tishi va butun dunyoni Amerika yana yetakchilikni qo‘lga olishga tayyor ekaniga ishontirishi zarur. Ekspertlar bildirishicha, boshqa tarafdan, Bayden Obama boshlagan ishni davom ettirish o‘rniga AQShning tashqi siyosati nimalarni anglatishini yana bir karra o‘ylab ko‘rishi zarur bo‘ladi.

Umuman olganda, AQSh yangi prezidentining tashqi siyosat borasidagi kutilmalarini, turli ekspertlar bildirayotgan mulohazalarga ko‘ra, quyidagicha umumlashtirish mumkin.

Xitoy – eng asosiy muammo
Trampning Xitoyga nisbatan qattiqqo‘l yondashuvi Bayden davrida ham saqlanib qoladi, biroq bu unchalik ko‘zga tashlanmaydi va AQShning ittifoqchilari bilan yaqindan muvofiqlashtiriladi. Yana bir muhim muammolardan biri Tramp ma’muriyatining AQSh rasmiy shaxslari bilan ularning Tayvandagi hamkasblari o‘rtasidagi ancha oldingi muloqot cheklovini bekor qilishga Pekinning javobi bo‘ladi, chunki Xitoy Tayvanni o‘z hududining bir qismi deb biladi. Yana eng avvalo hal etilishi zarur bo‘lgan vazifalardan biri Gonkongdagi inson haqlari ta’qib qilinishi kuchayib borayotganiga qanday munosabat bildirilishi bo‘ladi. Ma’lumki, u yerda joriy oyda o‘nlab muxolifatchi qonun chiqaruvchilar va faollar hibsga olindi.

Trampdan Baydenga Xitoy bilan savdo urushi meros bo‘lib qoldi, yangi prezident o‘tgan yil dekabrida New York Times gazetasiga bergan intervyusida tariflarni bekor qilish bo‘yicha hech qanday shoshilinch qadam qo‘ymasligini aytgan edi. Tramp Xitoy bilan savdo-sotiqdagi taqchillikdan xavotirga tushgan bo‘lsa, Bayden “o‘rta sinf uchun tashqi siyosat” haqida ko‘p gapirib, ko‘p yozgan edi. Uning fikricha, bunday siyosat ish o‘rinlari va AQSh sanoatini intellektual mulk o‘g‘irlanishidan himoya qiladi. Baydenning Xitoyga nisbatan tashqi siyosatini shakllantiradigan asosiy arboblardan biri Oq uyning Hind – Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi etib tayinlangan Kurt Kempbell bo‘ladi.

Biroq AQShning ayrim sobiq rasmiy shaxslari so‘nggi voqealar Amerika obro‘siga ham ittifoqchilari, ham raqiblari nazdida yuvgan bilan ketmaydigan dog‘ bo‘lib tushganini, ayni hol AQSh bilan Xitoy raqobatini keskinlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Bayden bizni Obama davri voqeligiga qaytarishi umuman erishib bo‘lmaydigan holatdir, – deydi sobiq professional diplomat va Obama ma’muriyati vaqtida Oq uyda global hamkorlik bo‘yicha direktor bo‘lib ishlagan Brett Bruyen. – O‘sib borayotgan tahdidlar va Xitoyning rivojlanishini tiyib turishga umid qilayotgan Amerika diplomatiyasi to‘g‘onidan Tramp prezidentligi davridagi larzalar va 6 yanvar voqealari sabab suv sizib chiqishi davom etmoqda.

Rossiya bilan munosabatlar “qayta yuklanmaydi”
Trampning rossiyalik hamkasbiga tushunarsiz xayrixohligi borligiga qaramay, uning ma’muriyati Moskvani izolyatsiya qilishga, u saylovlarga, noto‘g‘ri axborot tarqatish kampaniyalariga va Ukrainada davom etayotgan urushga aralashgani uchun iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirishga qaratilgan agressiv siyosat yurgizib keldi. Bayden bundan buyon ham Moskvaga nisbatan qattiq pozitsiyada turishi kutilmoqda – buni Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik xizmatidagi muhim lavozimlarni mos ravishda egallaydigan Viktoriya Nuland va Andrea Kendall-Teylor singari “qarchig‘aylar”ning kelishi ham tasdiqlaydi.

Ushbu masalada Bayden ma’muriyati biror qiyinchilikka duch keladi, deb o‘ylamayman, – deydi Jorj Bush ma’muriyatida davlat kotibining Yevropa va Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi bo‘lib ishlagan sobiq diplomat Deniyel Frid.

Bayden milliy xavfsizlikka Rossiya bilan bog‘liq dastlabki tahdidlarga oid muammolarning katta ro‘yxatini meros qilib oladi. Bayden inauguratsiyasidan so‘ng ikki hafta o‘tgach, Rossiya bilan Strategik hujum qurollari (SHQ) haqidagi yangi shartnomaning amal qilish muddati tugaydi. Bayden ham, Rossiya ham shartnomani uzaytirishga tayyor ekanini izhor qildi. Boshqa muammolar qatoriga rossiyalik hakerlarning kamida 20 dan ortiq AQSh federal agentligi vebsaytlarini buzib kirishiga javob qaytarish; Vashington loyihani bekor qilishga jon-jahdi bilan tirishayotganiga qaramay, Rossiyani Germaniya bilan tutashtiradigan va tez orada yakunlanishi kutilayotgan “Shimoliy oqim – 2” gaz quvuri qurilishi; shuningdek, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning zaharlanishi va hibsga olinishi kiradi.

Eron bilan eski muzokaralarga qaytish
Tramp Obama davrida Eron bilan yadro quroli bo‘yicha erishilgan kelishuvni bekor qilish to‘g‘risidagi va’dasini bajarganiday, Bayden ham Tehron bilan diplomatiyaga qaytishga va’da berdi. Biroq o‘sha erishilgan kelishuv taqdiri barbod bo‘layotgani, Eron esa yadro quroli yaratish dasturini tiklash ustida ish olib borayotgani hisobga olinsa, ishni Obama to‘xtagan joydan davom ettirish xuddi shartnomani tiklash singari oson bo‘lmaydi.

Tramp ma’muriyati yaqinda yana bir sanksiyalar turkumini e’lon qildi va bu hol Tramp prezidentligining so‘nggi kunlarida Tehron bilan shusiz ham og‘ir bo‘lgan munosabatlarni yanada keskinlashtirib yubordi. Bayden CNN telekanali sayti uchun o‘tgan yil sentyabridagi maqolasida shunday deb yozgan edi: “men Tehronga diplomatiyaga qaytishning ishonchli yo‘lini taklif qilaman. Agar Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga qattiq amal qilsa, Qo‘shma Shtatlar bo‘lg‘usi muzokaralar uchun boshlang‘ich nuqta sifatida bitimga qo‘shiladi”. Hozirgi kunda Eron yadro bitimi doirasida ruxsat etilganidan ko‘ra 12 marta ko‘p boyitilgan uranga ega, bu unga muzokara vaqtida ta’sir ko‘rsatishi uchun ancha-muncha imkoniyat beradi.

Garchi Baydenning maslahatchilari yangi ma’muriyat Tramp Eron va uni qo‘llab-quvvatlayotgan – yaqinda Yamandagi husiylar terrorchilik guruhi deb e’lon qilingani singari – tashkilotlarga qarshi joriy qilgan ayrim sanksiyalarni bekor qilishga harakat qilib ko‘rishi mumkinligiga oid shamalariga qaramay, Bayden engi yadro bitimi tuzishni istab qolishi mumkin. Ayni choqda ba’zi sobiq amaldorlar yangi prezident Tehronga nisbatan Tramp davridagi sanksiyalardan foydalangan holda yanada qattiqroq yondashuvni qo‘llashi mumkinligini kutmoqda.

Bayden Obama davrida qabul qilingan shartnomani tiklabgina qolmay, qo‘shimcha yon berishlarga erishish va buni o‘z yutug‘i sitfatida taqdim etish maqsadida Tramp Xitoy, Eron va Kubaga nisbatan qo‘llagan radikal pozitsiyalarning ayrimlaridan foydalanishga intilishini ko‘ramiz, – deydi Bruyen.

Abadiy urushlar barham topadimi?
Baydenning Iroq va Afg‘onistondagi siyosati Tramp asos solgan yo‘ldan boradi va mintaqadan qo‘shinlarni olib chiqishni ko‘zlaydi. U ham o‘tmishdoshi singari, AQShning Yaqin Sharqdagi – Osiyo g‘arbidagi deyarli 20 yildan beri davom etayotgan juda qimmat harbiy ekspansiyasini nazarda tutib, “abadiy urushlar”ga barham berishni va’da qildi. Biroq Tramp va Obamaga o‘xshab, urushlarga chek qo‘yish to‘g‘risida va’da berish bilan ularni chindan ham tugatish o‘rtasida katta farq bor.

Bu “abadiy urushlar”ga chek qo‘yish kerak, – deb bayonot bergan edi Bayden o‘tgan yil sentyabrida, keyin shunday deb qo‘shib qo‘ygan edi: “Men qo‘shinlar olib chiqilishini qo‘llab-quvvatlayman. Biroq terrorizm va [Islom davlati] katta muammo bo‘lib turibdi”. Tramp ma’muriyati Islom davlati xalifatiga qaqshatqich zarba bergani bilan maqtanishi mumkin, biroq Baydenga Osiyo sharqida omonat vaziyatni meros qilib qoldirmoqda. Suriya rahbari Bashar al-Asad hali ham hokimiyatni egallab turibdi va uni Rossiya bilan Eron qo‘llamoqda, AQSh Islom davlatiga qarshi janglarda ishtirok etgan kurd jangarilarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirayotgani uchun Turkiya bilan munosabatlarda keskinlik mavjud.

Bayden prezidentlik lavozimiga kirishishidan bir hafta oldin AQSh mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller Amerika qurolli kuchlari Afg‘oniston va Iroqdagi qo‘shinlarini toliblarning zo‘ravonligi avj olib ketganiga qaramay, har bir mamlakatda 2500 kishigacha qisqartirganini e’lon qildi.

Shu tariqa AQShning mamlakatdagi kuchlari 2001 yildan beri eng past darajaga tushirildi”, deyiladi Millerning 15 yanvarda tarqatilgan bayonotida. Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar ikkala mamlakatda ham terrorizmga qarshi kurash missiyasini ado etmoqda va agar joylardagi sharoit imkon bersa, may oyiga borib, qo‘shinlarini butunlay olib chiqib ketishi mumkin.

Yevropa bilan oldingi aloqalarni tiklash
Bir tarafdan Baydenga Yevropa bilan munosabatlarni Tramp to‘rt yil suiiste’mol qilgandan keyin yaxshilash oson bo‘ladi.

Nazarimda, u ko‘p ish qilishi shart emas. Faqat o‘sha yerga borsa bo‘ldi, – deydi Estoniya tashqi ishlar vaziri Marina Kalyurand. U ayni paytda mamlakatining Yevropa parlamentidagi vakilidir.

Bayden hali ham davom etayotgan munozaralarda qatnashishga majbur bo‘ladi, biroq gap ohangi o‘zgarishi tayin, yangi prezident NATO bo‘yicha ittifoqchi mamlakatlar hukumatlarini mudofaa xarajatlarini oshirishga undashi kutilmoqda. Lekin u yana Trampning Germaniyaga joylashtirilgan Amerika qo‘shinlari sonini 1/3 qismga qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlarini qayta ko‘rib chiqishi va bekor qilishi mumkin. AQShning Polsha bilan Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi hozir bo‘lib turishi kelajagi mavhumligicha qoladi, chunki ushbu mamlakatlar Amerika qo‘shinlarining o‘z hududida kengroq rotatsiya usulidagi hozirligiga umid qilayotgan edi.

Ehtimol Bayden Vashingtonda 6 yanvar kuni ro‘y bergan voqealardan so‘ng Yevropadagi ultra o‘ng ekstremizmga yanada ishonchliroq qarshilik ko‘rsatar. Ammo ayrim yevropaliklar fikricha, qit’ani AQShning diplomatik va harbiy qudrati hamda iqtisodiy ta’siriga qaramligini kamaytirish yo‘lidan borish kerak bo‘ladi.

Ishonchsizlikni birdan bartaraf qilish, – dedi Germaniyaning yuqori lavozimli amaldori. – Bundan keyin nima bo‘lishidan qat’i nazar, Amerika endi har doim Trampni saylagan mamlakat bo‘lib qolaveradi.

Saudiya Arabistoni bilan murosa qilinmaydi
AQSh kongressi, jumladan, respublikachi prezident ittifoqchilarining darg‘azab e’tirozlarini e’tiborga olmay, Tramp ma’muriyati Saudiya Arabistonini to‘liq qo‘llab-quvvatlab keldi, qonun chiqaruvchilarning AQShning Yamandagi urushni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni bekor qilish to‘g‘risidagi urinishlarini e’tiborga olmadi. AQSh razvedkasi ma’lumotlariga qaramasdan, Tramp saudiyalik josuslar Washington Post gazetasi jurnalisti Jamol Qoshiqchini o‘ldirgani uchun ushbu mamlakat valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni javobgarlikka tortishni rad etdi.

Bayden jamoasi boshqa yo‘ldan bormoqchi ekanini aniq belgilab oldi. Bayden o‘tgan yil oktyabrida Qoshiqchi o‘ldirilganing yilligi munosabati bilan bergan bayonotida mana bunday degan edi: “Biz Bayden – Harris ma’muriyati hukmronligi davrida Qirollik bilan munosabatlarimizni qayta baholaymiz, Saudiya Arabistonining Yamandagi harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatamiz hamda Amerika qurol-yarog‘ sotish va neft xarid qilishga qadriyatlarini almashmasligiga ishonch hosil qilamiz”.

Baydenning hokimiyatni qabul qilish jamoasiga yaqin bo‘lgan ko‘plab ekspertlar yangi prezident AQSh Saudiya Arabistonining Yamandagi kampaniyasini harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni bas qilishini hamda Saudiya Arabistoni va unga qo‘shni bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklariga ommaviy tarzda qurol-yarog‘ sotishni to‘xtatib turishini kutmoqda. Biroq ar-Riyozning Qo‘shma Shtatlar uchun jug‘rofiy-strategik ahamiyati hisobga olinadigan bo‘lsa, Bayden AQSh bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni qanchalik kuchli o‘zgartirishi mavhum bo‘lib qolaveradi.

Trampning Isroilga oid merosi taqdiri nima bo‘ladi?
Tramp davrida AQSh tashqi siyosati Isroilga juda ko‘p e’tibor qaratib keldi. Tramp falastinliklarga yordam berishni to‘xtatdi, Isroilning Quddus shahriga bo‘lgan da’volarini qabul qildi va AQSh elchixonasini o‘sha shaharga ko‘chirdi – bular barchasi Tramp ma’muriyatining Isroil bilan qalin munosabatlar o‘rnatganini ko‘rsatadi.

Tramp ma’muriyati Isroilning 4 ta arab mamlakati: Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Sudan va Marokash bilan munosabatlari izga solinishiga ham yordam berdi. Diplomatiya sohasidagi ushbu yorib o‘tishni Tramp ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldorlari Yaqin Sharq tarixidagi tarixiy burilish nuqtasi deb atamoqda.

Bayden ma’muriyati ushbu masalada nisbatan xolisroq pozitsiyasini egallasa ajab emas. Tramp siyosatidagi o‘zgarishlarga tanqidiy ko‘z bilan qaragan Bayden uning elchixonani Quddusga ko‘chirishini “kaltabinlik va yengiltaklik” deb atagan edi, biroq saylovoldi kampaniyasi vaqtida elchixonani o‘sha yerda saqlab qolmoqchi ekanini aytdi. U yana Tramp davrida bekor qilingan G‘arbiy qirg‘oq va G‘azo bo‘lgasiga AQSh yordamini va taraqqiyotni moliyalashtirishni tiklashga ham va’da berdi.

Bayden yana bir bor Tramp ma’muriyatining mash’um tinchlik rejasi tahdid qilayotgan ikki davlatning tinch-totuv yashashi to‘g‘risidagi qarorni qo‘llab-quvvatlashi haqida bayonot berdi. Lekin bu o‘rinda ham jiddiy to‘siqlar mavjud. Tramp 14 yanvarda AQShning Markaziy qo‘mondonligiga Isroilni o‘z mas’uliyat hududiga qo‘shishga buyruq berdi, buning uchun Isroilni yoqlovchi guruhlar kurashayotgan edi. Ayni hol Baydenning tashqi siyosat kun tartibiga ta’sir ko‘rsatish uchun so‘nggi daqiqalarda ro‘y bergan ko‘p urinishlardan biri edi. 11 aprelda Isroil ishg‘ol etilgan G‘arbiy sohilda 800 ta yangi uy qurish rejasini e’lon qildi va bu yangi ma’muriyat uchun yana bir boshog‘riqqa aylandi.

Shimoliy Koreya bo‘yicha yangi variantlar yo‘qligi
Tramp ma’muriyatining Shimoliy Koreya muammosini hal etish masalasiga umid ko‘zini tikkaniga, Tramp bilan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘rtasida 2 ta oliymaqom uchrashuv bo‘lib o‘tganiga qaramay, Shimoliy Koreya yaqinda suv osti kemalaridan uchiriladigan yangi ballistik raketaga o‘xshash narsani namoyish etib, Bayden bo‘lg‘usi ma’muriyatining g‘ashiga tegdi.

– Odatda Shimoliy Koreya biror ishni Janubiy Koreya yoki Amerika ma’muriyati faoliyatining dastlabki oylarida ko‘z-ko‘z qiladi, – deydi Heritage Foundation jamg‘armasi eksperti va MRBning sobiy tahlilchisi Bryus Klingner.

Klingner ta’kidlashicha, Shimoliy Koreyaning ilgarigi bunday ig‘vogarliklari oldingi ma’muriyatlarni qattiq pozitsiyani egallashga majbur qilgan edi. Kim Chen Ir partiyaning o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan 8-qurultoyida yangi qurol ishlab chiqish bo‘yicha ulkan rejalarini e’lon qilgan va shu yo‘l bilan Vashingtondagi yangi ma’muriyat o‘z rejimining xulq-atvorini o‘zgartira olmasligini uqtirmoqchi bo‘lgan edi.

Iqlim o‘zgarishi muammosini hal etish
Siyosatdagi eng yirik o‘zgarishlardan biri iqlim o‘zgarishi masalasi bo‘ladi. Rad etib bo‘lmas ilmiy dalillar va tobora ortib borayotgan halokatli tabiiy ofatlarga qaramay, Tramp uzoq vaqt iqlim o‘zgarishi oqibatlarini pasaytirib ko‘rsatib keldi. U 2015 yilda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va is gazlarining atfosferaga chiqishini kamaytirish bo‘yicha Parij bitimidagi ishtirokini to‘xtatgan va AQShning ekologiya me’yorlarini bekor qilgan edi. Iqlim o‘zgarishini “zamonamizning haqiqiy tahdidi” deb atagan Bayden lavozimiga kirishishining dastlabki kuni Parij bitimlariga qayta qo‘shildi va u sobiq davlat kotibi Jon Kerrini prezidentning iqlim masalalari bo‘yicha maxsus elchisi etib tayinladi.

Pandemiya oqibatlarini hal etish
Bayden koronavirus pandemiyasiga qarshi javob choralarini boshqarish uchun sog‘liq saqlash masalalari bo‘yicha 13 nafar maslahatchidan iborat guruh tashkil etilishini va Qo‘shma Shtatlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidagi a’zoligini zudlik bilan qayta tiklashini e’lon qildi.

[1] Vaqt ufqi (inglizcha – time horizon) – rejalashtirish ufqi ham deb ataladi. Kelgusida muayyan jarayonlar baholanadigan va tugadi deb taxmin qilinadigan vaqtning oldindan belgilab olingan nuqtasi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jo Bayden tashqi siyosatining dastlabki 100 kunidan nimalarni kutsa bo‘ladi?