16:08 / 26.11.2016
11 334

So‘nggi lahzalarda omon qolgan baxt

So‘nggi lahzalarda omon qolgan baxt

Tush ko‘rdim, g‘alati tush. To‘yimda kiygan oppoq tuflim eskirib, rangi uniqib ketganmish. Onam: «Endi kiyib bo‘lmaydi, tashlab yubor», debdilar. Tashlayman desam, joyida yo‘q. Shu payt erimni ko‘rib qolibman va undan poyabzalimni so‘rabman. U bo‘lsa: «Tuflingni ta’mirlatib qo‘ydim, yangidek bo‘ldi. Kelsang, kiyib yuraverasan», – dermish…

Besh kundan keyin onamnikiga kelganimga olti oy to‘ladi. Aytishlaricha, er-xotin olti oy birga yashamasa, taloq tusharmish. Shuni o‘ylab, ezilib yurgan kunlarim bu tush yuragimni battar siqdi. Nima qilishga ham hayronman.

O‘n sakkiz yoshimda yor-yoru o‘lanlar bilan ota uyimni tark etib, kelinlik ostonasiga qadam qo‘yganimda, shu xonadonda uvali-juvali bo‘lib, unib-o‘sib ketaman deya niyat qilgandim. Ammo niyatning o‘zi kifoya emas ekan. Katta dargohda qaynona-qaynota, ovsinu qayin-bo‘yinlar bilan til topishib ketishning o‘zi bo‘lmadi. Bu har bir kelinning boshida bor narsa, men ham ko‘nikdim, epladim. Biroq Yaratganning amriga bog‘liq ishlar borki, inson qanchalar urinmasin, ojiz bo‘lib qolaverarkan. Ikki yarim yil davomida bo‘yimda bo‘lmadi. Ovsinlarim kelin bo‘lib tushganiga bir yil to‘lar-to‘lmas tug‘ib bergani uchun men o‘z-o‘zidan «bepusht», «tug‘mas», «qisir sigir»ga chiqdim. Hatto mendan keyin tushgan ovsinim ham farzandli bo‘ldi. Orada gap-so‘z ko‘paydi. Munosabat ham umuman o‘zgardi. Men shunchaki bir xizmatkor, tilsiz-zabonsiz qul edim. Qaynonam yonida ovsinlarimni yal-yal yashnatib turli yig‘inlarga olib borar, men esa ularning bolasini boqib o‘tirardim. Ovsinlarim har ikki haftada onasinikiga ketib, uch kunlab qolib ketishardi, men esa bir oyda bir marta zo‘rg‘a borardim. Hech kim meni biron marta bo‘lsin shifokor yoki tabibga ko‘rsatish haqida o‘ylamasdi. Avvaliga imo-ishorayu turli xatti-harakatlar bilan tug‘masligimni yuzimga solsalar, oxirgi paytlar ochiq-oydin aytadigan va bu xonadonni tark etishimni talab qiladigan bo‘ldilar. Erim bilan munosabatimiz yaxshi bo‘lgani bilan ishga erta ketib, kech qaytgani uchun asl ahvolni bilmas, onasi va kelinoyilarining aytganlariga ishonib ketaverardi. Oxiri sabrim tugab, bir kuni tongda tugun-tersagimni ko‘tardimu, onamnikiga ketvordim. Bu bilan erimga ahvolning naqadar og‘irligi haqida aytmoqchi, jar solmoqchi edim. O‘ylashimcha, u «jonidan o‘tib ketibdi-da, bekorga ketmagan» deb o‘ylaydi va meni olib ketgani keladi. Shunda men ota-onam bilan birga unga hammasini aytib beraman.

Afsuski, unday bo‘lmadi. Mana, oradan olti oy o‘tsa hamki, darak yo‘q.

Kelganimga bir hafta to‘lgach onam meni shifokorga olib bordi. Tekshiruvlardan ma’lum bo‘lishicha, men yigirma birga to‘lmagan durkungina ayol bo‘lganimga qaramay, ichki a’zolarim hali balog‘atga etmagan, onalikka tayyor emas ekanman. Ma’lum muolajalar va dori-darmonlardan keyin tuzalib ketishim va hali bir etak farzandli bo‘lishimni aytib, quvontirdi. Darhol davolashni boshlab yubordik, lekin kelinlik uyimdan sado chiqmadi. Ota-onam ham xor qildirib qo‘yadigan qizimiz yo‘q, deb meni u yoqqa yuborishmadi. Aksincha, eri bilan ajrashdi, deb gap chiqarishdi. Vaholanki, na «taloq» so‘zi tilga olingan va na pasportimga ajrashish muhri bosilgan edi. Shunga qaramay ostonamizga sovchilar kela boshladi. Axir, men endigina yigirma birga to‘layotgan, yosh va go‘zal qiz edim. Buning ustiga farzandim ham yo‘q. Biroq kelayotgan sovchilarni ko‘rib xo‘rligim kelardi. Qirq yoshlardagi bir kishi odam jo‘natibdi, xotini o‘pka kasalidan vafot etgan, besh farzandi bor emish. Menga boshqa farzand kerak emas, shu bolalarimga onalik qilsa bas, debdi. Ammo men hali ona bo‘lishdan umidimni uzmagan yosh ayolman-ku. Qanday qilib mendan farzand ko‘rishni istamayotgan insonga turmushga chiqishim va uning bolalariga onalik qilishim mumkin? Yana biri bo‘lsa shunchaki xotin ustiga so‘rab kelibdi. Aytganimni muhayyo qilarmish, nikoh ham o‘qitarmish, faqat xotinidan ajrashmasmish. Axir, men hali birovning xasmi xaloliman-ku. Birovning xasmiga ko‘z olaytirgan insonning xalol yashashiga ishonish mumkinmi?!

Umuman, bular ikkinchi darajadagi gaplar. Asosiysi, men ko‘z ochib ko‘rganim – turmush o‘rtog‘imni sevardim. Qarindoshlariga xo‘rlatib qo‘ygani, yonimni olmagani, ortimdan kelmagani, olti oygacha sog‘inmagani – bularning barini onam bot-bot yodimga solib tursa-da, o‘zimni boshqa inson bilan tasavvur ham qilolmas, faqat uni derdim. O‘ylayverganim uchun bo‘lsa kerak bugun shu tushni ko‘rdim. Endi bir qarorga kelgandim. Onamga shifokorga ketayapman, dedimu erimnikiga yo‘l oldim. U erda meni qanday xabar kutib turganini bilmasdim xali.

O‘sha kuni 12 mart edi. Bir paytlar oppoq libos bilan qadam qo‘yganim ushbu xonadon bu safar meni tantana bilan kutib olmasligini bilardim. Ammo 24 martda, ya’ni yana o‘n ikki kundan so‘ng erimning uylanayotganidan bexabar edim. Ha, men ana shunday noqulay bir paytda qaytib keldim. Qaynona-qaynotam, ovsinlarim bor gapni aytib, uydan ketishimni talab qilishdi. Mening ham o‘jarligim tutdi. Qolaversa, suyukli yorimni jangsiz birovga berish niyatim yo‘q edi. Avvaliga o‘shanda gap-so‘zlarga chiday olmay, erim bilan bir og‘iz maslahatlashmay ketganim uchun hammadan kechirim so‘radim. Keyin hali ham shar’an va qonunan uning xotini ekanimni, hali erimga bir etak bola tug‘ib berishimni aytib, xonamga o‘tirib oldim. Bu xabar tushayotgan kelin tomonga etib borgach, bo‘lajak (aniqrog‘i, endi bo‘lmaydigan) qudalar etib kelib, to‘yni buzib ketishdi. Erim va qarindoshlari bir muddat menga yovqarash qilib yurishdi, ayniqsa, qaynonam har ikki gapining birida qaytib kelganimni yuzimga solar, baribir tug‘masligimni aytib, erimni meni taloq qilishga undardi. Lekin u taloq qilmadi. Birga yashab ketdik. Buni qarangki, Yaratganning marhamati bilan oradan ikki oy o‘tib homilador bo‘ldim.

Birin-ketin uch qiz ko‘rdik. Erimning boriga ham, yo‘g‘iga ham ko‘nib yashadim. Qiynalgan paytlari ruhan qo‘llab-quvvatlab turdim. Hech qachon «Senga tegib nima ko‘rdim, boqishni eplolmasang, uylanib nima qilarding?» degan gaplarni og‘zimga olmadim. Vaqt o‘tishi bilan hammasi izga tushib ketdi. Erim ham o‘zini o‘nglab oldi. Faqat…

O‘g‘li yo‘qligidan bir oz xafaligini sezardim. Qaynonam va ovsinlarim yana otni qamchilay boshlashdi. «Buning faqat qiz tug‘adi, o‘g‘il ko‘rmay o‘tib ketasanmi? Shuncha davlating bor, o‘g‘il tug‘ib beradiganiga uylan!» — degan gaplar bilan uning qulog‘ini qomatga keltira boshlashdi. Bir kuni yana shundan gap boshlanganda, oynadan eshitib qoldimu, shartta kirib aytdim:

– Qanaqa noshukursizlar-a o‘zi? Tug‘maysan, dedinglar, bir emas uchta tug‘dim. Endi o‘g‘il tug‘maysan, deb yana erimni mendan sovutmoqchisizlar? Axir, Xudoning amriga kim qarshi bora oladi?! Agar bizning birga bo‘lishimizni istamasa, Alloh uchrashtirarmidi, shuncha gap-so‘zdan keyin qayta topishtirarmidi? Mana shu uch qiz ham sizning avlodingiz-ku! Qaysi vijdon bilan ularni otasidan ayirmoqchisiz?

Shunday deb yig‘lab yubordim. Erim «chiq-chiq» deb meni olib chiqib ketdi. Negadir o‘sha kunlarda juda asabiy va injiq edim. Oradan ikki kun o‘tgach sababini bildim: homilador ekanman.

Bu safar o‘g‘il ko‘rdik. Endi baxtimiz to‘kis bo‘ldi. Lekin bu to‘kis baxtga erishish uchun erim ikkimiz rosa mashaqqat chekdik. Ba’zida u hazil aralash: «O‘shanda bir aqling ishlab, zap qaytib kelgansan-da, xotin», – deb qo‘yadi.

Oilaviy baxt shunday narsaki, o‘rni kelganda unga erishish uchun past tushish, yon berish, o‘zingiz ishongan haqiqatlardan voz kechib, yangilarini yaratish kerak. Mening holatimda esa hatto ota-ona ra’yiga qarshi borishga ham to‘g‘ri keldi. Ammo hozir ular mening baxtimdan quvonib o‘tirishibdi. Hech qachon ajrashish masalasida shoshmaslik, oilani turli mayda-chuyda gap-so‘zlarga qurbon qilmaslik lozim. Ajrashish – bu eng so‘nggi choradan keyingi chora, balki umuman chorasizlikdir.

Shahnoza SOATOVA yozib oldi

darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » So‘nggi lahzalarda omon qolgan baxt