
Qahva ham, choy ham dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning kundavomat ichimligiga aylangan. Ularni odamlar asosan ertalab uyg‘onish, ishga kirishish yoki kun davomida diqqatni jamlash uchun tanlaydi. Ikkalasi ham kofein manbai, lekin organizmga ta’siri bir xil emas: qahva tez uyg‘otadi, choy esa barqaror va uzoq tetiklantiradi.
Kofein miyadagi adenozin retseptorlarini bloklab, adrenalin va dofaminni oshiradi, natijada inson kuchli hushyorlik va diqqat his qiladi. Bir piyola qahvada 80—100 mg kofein bo‘lsa, choyda bu miqdor odatda 30—50 mg atrofida. Ammo qahva tarkibidagi xlorogen kislotalari kofeinning qonga tezroq singishiga yordam beradi. Shu sababli qahva ichganingizdan 15—30 daqiqa o‘tgach energiya keskin ko‘tariladi, biroq bu stimulyatsiya tez pasayadi.
Choy esa bundan farqli ravishda murakkab tarkibga ega. Uning asosiy o‘ziga xos moddasi — L-teanin. Bu aminokislota faqat choy barglarida uchraydi va miyaga ta’sir qilib, tinch hushyorlik holatini yaratadi. L-teanin dofamin va serotonin darajasini oshirib, stressni kamaytiradi, ammo uyquchanlik bermaydi. Shuning uchun choydagi kofein haddan tashqari kuchli urish hissini keltirib chiqarmaydi.
Choy tarkibidagi taninlar ham katta rol o‘ynaydi. Ular kofein bilan birikkan holda uning so‘rilishini sekinlashtiradi. Shu bois choydan energiya ta’siri 45—60 daqiqa davomida asta-sekin oshadi va 4—6 soat barqaror saqlanadi. Qahvadagi kabi “tez ko‘tarilish — tez tushish” holati choyda deyarli uchramaydi.
Ko‘k choyda L-teanin va kofein nisbati 1:1 yoki 2:1 bo‘lib, tadqiqotlarda bu kombinatsiya diqqatni oshirishda qahvaga nisbatan samarali ekani qayd etilgan. Tajribalarga ko‘ra, 40—100 mg kofein + 97—200 mg L-teanin qabul qilingan ishtirokchilar tezroq fikr yuritgan, kamroq chalg‘igan va stressga chidamli bo‘lgan.
Shuning uchun, kimga qanday tetiklik kerak — shunga qarab tanlash maqsadga muvofiq. Agar tez kuch to‘lqini yoqsa — qahva, tinch va uzoq hushyorlik kerak bo‘lsa — choy eng to‘g‘ri variant.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.