
Oxirgi yillarda Dubay shokoladi ijtimoiy tarmoqlarning yangi fenomeniga aylandi. TikTok'da millionlab foydalanuvchilar yashil pista kremi bilan to‘ldirilgan qarsildoq shokolad plitkalarini ochayotgan videolarni tomosha qilishdan charchamaydi.
Daily Mail yozishicha, Oksford universiteti professori Charlz Spens bu virusli muvaffaqiyatning sirini “kuchli vizual kontrast” bilan izohladi. “Jigarrang shokolad fonidagi yorqin yashil qatlam miyamiz uchun jozibali signaldir. Shu sababli u fotosurat va videolarda ajoyib ko‘rinadi”, — deydi olim.
Bu shirinlik 2024 yilda Fix Dessert Chocolatier asoschisi Sara Hamude tomonidan yaratilgan. U pista kremi, taxini va qarsildoq kataifi xamiri bilan tayyorlangan shokoladni homiladorlik davridagi “shirinlik xohishi”dan ilhomlanib ishlab chiqqan. Inflyuyenser Mariya Vexera uni sinab ko‘rgan videosidan so‘ng, internet ASMR roliklariga to‘ldi — foydalanuvchilar shokoladning qarsillashi va cho‘ziluvchan nachinkasini zavq bilan namoyish etishdi.
Spensning ta’kidlashicha, odamlar bunday shirinliklarga nafaqat rangi, balki yuqori kaloriyasi sababli ham maftun bo‘ladi. “Miyamiz energiyali, mazali oziq-ovqatni xursandlik bilan qabul qiladi. Shuning uchun bunday mahsulotlar kuchli hissiy ta’sir qiladi”, — deydi u.

Shu bilan birga, shokoladning “ekzotik jihati” ham uning mashhurligini oshirgan. Ko‘pchilik uchun bu shunchaki shirinlik emas, balki “yangi tajriba” bo‘lib, ular o‘zlarini oziq-ovqat kashfiyotchisi sifatida his qilishadi.
Professorga ko‘ra, muvaffaqiyatning yana bir kaliti — teksturada. Qarsildoq qatlam va mayin krem birlashmasi nafaqat og‘izda, balki videoda ham ta’sirli ko‘rinadi. “Food-kontentda ta’mni his qilishning iloji yo‘q, shuning uchun blogerlar vizual va ovoz orqali zavq yetkazish yo‘llarini topishgan”, — deya izohlaydi u.
Bugun Dubay shokoladi trendini yirik brendlar ham ilib oldi. Olimlar bu holat ijtimoiy tarmoqlarning gastronomiya dunyosiga qanday ta’sir ko‘rsata olishini ko‘rsatishini ta’kidlaydilar.
Shokoladni me’yorda yeyish foydali: u magniy, temir va “sevgi gormoni” deb ataluvchi feniletilaminga boy. Shuning uchun Dubay shokoladi TikTok'ning eng sevimli shirinligi bo‘lib qolishi ajab emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!