00:15 / 27.05.2017
9 522

Sevgilisidan ayirib, majburlab uylangan xotinim oxiri mendan qasos oldi…

Sevgilisidan ayirib, majburlab uylangan xotinim oxiri mendan qasos oldi…
Do‘stlarim bilan ziyofat juda quyuq o‘tayotgandi. Yonib o‘chayotgan chiroqlar, baland musiqa, sohibjamol qizlar, zalni bosib olgan tutun isi mana, men sevgan hayot!
— Sen boyligingni qaysi bankda jamg‘arasan? — deya so‘rab qoldi yaqinda tanishgan do‘stim.
— Ba’zilarga o‘xshab, bank yoki boshqa hisob raqamlarini tanlamaganman. Boyliklarimni haligacha otamdan qolgan seyfda asrayman.
Yangi ulfatim menga har tomonlama yoqib qolgandi. Aytishicha, u bir ablahni deb qamalib chiqqan, hozir esa shuning alamida yurgan ekan. Men esa unga bu ishda, albatta, yordam berishimni aytdim.
— Senga juda havasim keldi, birodar, — dedi jingalak sochli yangi do‘stim, — Boyliging etarli, obro‘ing bor, sevimli ishing bilan shug‘ullanasan, oilang ham…
— Har ikki gapining birida «O‘zgarishim kerakligi, bemehrligim» haqida va’z o‘qib, diydiyo qiladigan xotinimdan dam olish uchun aynan shu hayot kerak menga.
Suhbatdoshim biroz hayratlanganday bo‘ldi-yu, indamadi. Men esa o‘z xayollarimga berildim. Hayronman, qaysi karomati uchun xotinimni sevib qolgandim o‘zi? Sevganidan ayirib, o‘zim uylanganim sababini ham tushunolmayman. Xotinim esa bu holatni borib turgan johillik, xudbinlikka yo‘yadi. Har ne bo‘lmasin, undan juda zerikkanman va yaxshiki, yaqinda ajrashamiz. U alvasti esa men bilan ajrashgach, bir tiyinsiz qolishini biladi-da, hech bunga rozilik bermayotgandi.
Kutilmaganda avjiga chiqqan bazmu jamshidni tashlab, mashina to‘xtatdim-u, negadir yarim tunda uyga keldim. Odatimga zid holat. Temir darvozali eshikni zarb bilan tepganim yodimda, xolos…
* * *
Shom mahal uyg‘onib, boshimdan muzdak suv quygach, biroz o‘zimga keldim. Ahvolim rasvoligi etmaganday, ko‘nglim ham ayniyotgandi. Oshxona tarafga qarab baqirdim:
— Hoy, menga muzdak ichimlik bilan aspirin olib kel, hoy, qayerdasan?!
Javob kelmadi. Otam qurib bergan qasrnamo uy jim-jit. «Hoy» degan ovozimning aks-sadosi shiftgacha etar, lekin rafiqamdan hamon darak yo‘q.
«Shaytonning urg‘ochisi, qaerga yo‘qoldi ekan?!» deya yuvinish xonasidagi vanna yonidan zo‘rg‘a turdim. Avval yotoqxonadan, so‘ng uzun yo‘laklardan sudralib, rafiqamni baqirgan ko‘yi izlar, ora-orada so‘kinib ham qo‘yardim. Navbat mehmonxona etgach, boshimni eshikdan suqdim-u, shu on ko‘zlarim katta stol ostidagi oyoqlarga tushdi. Garchi holsizlanayotganimga qaramay, chayqalib-chayqalib shu tomon yurdim va bu.. . Xotinimning ko‘zlari yumiq, labining chetida esa qon qotib qolgan.
— Hoy, h-h-hoy, tentak, nega yotib olding? Tur o‘rningdan, tursang-chi!
Xotinimning yuziga bir-ikki shapatilayotib, chakkasidagi kichik darchaga ko‘zim tushdi. Uning joni uzilganiga shubham qolmadi. Favqulodda tetiklashdim-da, darhol ortga tisarildim. Tez-tez nafas olganim sabab, ko‘ksim havoga to‘lgan, tilimdan esa «Ey, Xudo!» degan nola tushmaydi. «Uni qutqarishga hali kechmasdir, balki jinoyatchi yaqin oradadir?!» degan vahima va yana bilmayman, allaqanday shunga o‘xshash o‘y bilan xona burchagida turgan telefon tomon shoshildim. Eski urfdagi tillarang telefonga yopishib, milisiya raqimini tera boshladim.
— Allo, milisiya eshitadi!
— Allo, allo, h-haligi…
Tilimni tishlagancha bir muddat o‘ylanib, birdan go‘shakni joyiga ildim. Xayolimga shu on «O‘zi bu dardisar qanday o‘lib qoldi ekan?» degan fikr keldi. Boshimni changallab ilkis devorga suyandim, oyoqlarimdan mador qochib erga o‘tirdim. Kechagi voqealarni eslashga urinardim-u, lekin xayollarim tarqoq. «Uyga ketaman!» deb klubda to‘polon qilganim, keyin baqirib-chaqirganim va erda cho‘zilib yotgan megajinni tepganim elas-elas yodimda. So‘ng nimalar sodir etganimni eslolmayman. Lekin har holda uni o‘ldirmagandirman?!» Ne ajabki, boshidagi kichik darchadan u otib o‘ldirilgani aniq. «Jin ursin!» deya asabiylasharkanman, xuddi uyushtirilganday, shu payt ko‘zim sal nariroqdagi darparda ostida yarmi ko‘rinib turgan to‘pponchaga tushdi.
Xuddi detektiv filmlardagi kabi stoldan salfetka oldim-da, to‘pponchani oldim. «Ming la’nat, axir bu meniki-ku!» dedim. Darhaqiqat, bu o‘sha sevimli bobomdan yodgor qolgan noyob to‘pponcham edi. Umuman olganda, menda boshqa qurol ham yo‘q, ammo shu merosni ko‘zimga surtib asrardim. «Lekin bir narsa, men hatto quyon oviga ham ishlatib ko‘rmagan, faqat seyfda saqlaydigan bu «boyligim»ni nega oldim? Undan ham qizig‘i, menga xotinimni o‘ldirish nima uchun kerak edi? Axir shundog‘am ajrashishimizga bir oy qolgandi-ku!» Savollar qiynardi meni. Hech narsaga tushunolmay, garangsirab turganimda, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi va cho‘chib tushdim. Kimdir meni jinoyat ustida qo‘lga olgan-u va men chindan aybdordek edim go‘yo. Sarosima ichra yuragimga g‘ulg‘ula tushdi. Yugurib, eshik tirqishidan qarasam, kechagi jingalak sochli yangi do‘stim ekan. U qayta-qayta qo‘ng‘iroq chalar, men esa nima qilishni bilmasdim. Bir ko‘nglim, «Eshikni ochib, bor gapni ayt, dod-faryod ko‘tar», desa, aqlan bu ishni noto‘g‘ri deb bilardim. Sabri tugagan do‘stim oxiri eshik oldidan ketdi. Chuqur uh tortib, nima qilishni o‘ylay boshladim. Xayolimga kelgan birinchi fikr, yashirin kameralarni tekshirish bo‘ldi. Kameralardagi tasvirni ko‘rib esa ahvolim yana-da og‘irlashdi. Ajabki, qo‘limda to‘pponcha, xotinimning peshonasiga o‘qtalib turardim, u esa orqaga tisarila-tisarila mehmonxonaga kirdi, tabiiyki men ham. Mehmonxonamizga esa kamera o‘rnatilmagandi. «Ey Xudo, nahotki men, ey Xudo!» tilimda aylanayotgan bu gap miyamda ham baravar charxlanayotgandi. Yuragim siqilib aybdorlik hissiga o‘xshash allanima ich-etimni eyayotgandi. O‘n daqiqa boshimni mushtlab o‘tirgach, «Yig‘lashdan foyda yo‘q», dedim-da, o‘rnimdan turdim. Muzdek suvda yuvinarkanman, titrashda davom etardim. Yonginangdagi xonada murda yotsa, kamiga u xotining bo‘lsa, manaman degani ham qo‘rqadi-da. Yarim soat deganda ust-boshimni epaqaga keltirib, garajdan mashinani olib chiqdim va orqa o‘rindiqqa lapatkani joylashtirdim. Qiladigan keyingi ishim kameradagi yozuvlarni o‘chirib, rafiqamni mashina bortiga yuklash va mehmonxonadagi to‘pponchadan izlarni yo‘qotish edi. Boyagina ko‘rgan joyimda, ne ko‘z bilan ko‘rayki, kamera tasviri tushirilgan kaseta yo‘q. Aniq esimda, yarim soat avval uni stol ustida qoldirgandim. Ehtimol, es-hushim o‘zimdamasdir, degan o‘yda mehmonxonaga kirsam erdagi to‘pponcha ham yo‘q. Ikki daliliy ashyoni qidirmagan joyim qolmadi. Tetiklashish uchun oshxona stolida turgan qadahdagi aroqni bir ko‘tarishda sipqordim. Shu on miyamga kelgan qo‘rqinchli fikrdan o‘zim vahimada qoldim. «Aroqni kim quygandi o‘zi?! Nahotki uyda mendan boshqa kimdir bo‘lsa?!» Chakkamdan tomayotgan ter tobora ko‘payib borar, xayollarimni jamlolmasdim. Ammo hozir, tezroq harakat qilmasam, to‘g‘ri panjara ortiga ketishimni o‘ylab talvasaga tushgan ko‘yi xotinimni erdan ko‘tardim. Hovliga chiqib mashinam tomon tez yurdim-da, uni yukxonaga joyladim. Soat millari tungi o‘n ikkini ko‘rsatar, itlarning ovozi bugun har kungidan kuchliroq eshitilar, hatto ko‘chadan uyimizga tushib turadigan chiroqlar ham, bugun negadir o‘chiq edi. Uzoq vaqt hech narsa emaganim sababmi, boshim ham aylanar, holsizlanib borardim. Shunga qaramay darhol rulga o‘tirdim va yo‘lga chiqdim. «Ey Xudo, nimalar qilyapman o‘zi, ey Xudo, nahot hozir borib uni ko‘msam!» Taxminan, bir yarim soatlar yurgach, allaqanday chekka, kimsasiz joyni topdim va mashinadan tushdim. Har tarafni sukunat qoplagan, hatto har kech sayraydigan chigirtkalar ham bugun jimday go‘yo. Vaqt tig‘izligini hisobga olib, belkurakni olish uchun mashina eshigini ochdim. Ammo u erda belkurak yo‘q edi. Uchinchi holat ham tasodif ekaniga endi mutlaq ishonolmasdim. Kiyimlarim nafasimni siqib borar, nima uchundir boshim qattiq chayqalishni boshlagan, oyoqlarim esa chalishib ketayotgandi. Mashinamga suyanib, o‘zimni o‘nglolmay qoldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, shu on mashinamning yukxonasi ochildi va qandaydir ayol chiqib kela boshladi. Albatta, «Qandaydir ayol» bu xotinim ekani xayolimning bir chekkasiga ham kelmadi. Axir murdalar harakatlanmaydi-ku.
— Salom, azizim!
Ayolning yuzi goh tiniqlashib, goh xiralashib ketar, men hansirab nafas olarkanman, uni ko‘rish uchun ko‘zlarimni qisib qarardim. Shu dam hayratdan yoqa ushladim, ha bu mening «o‘lik» xotinim edi.
— S-sen, s-sen…
— Men, azizim, sizning xotiningiz!
Borliq ko‘zimga jivirlab ko‘rinar, endi lanjlik butun tanamni egallagandi. Men harakatlana olmay, erga o‘tirib qoldim.
— Nimalar bo‘lyapti o‘zi? M-men…
— Shoshilmang, uyquga ketguningizgacha hammasini tushuntirib beraman, — dedi xotinim yonimga yaqinlashib, sochlarimni silab qo‘yarkan.
— Uyquga? — dedim men tobora madorim qochib.
— Axir uydan chiqish oldi, doimgiday ichib olgandingiz-ku, o‘shanga bu safar uyqu dori qo‘shdim.
— S-sen, s-sen boya murda…
— Go‘yoki murda edim, ahmoqqinam, — dedi xotinim gapimni kesib, boshini qimirlatib qo‘yarkan. — Aslida-ku, siz bilan shu paytgacha murdadek yashadim. Doimiy kaltaklar, xiyonatlar, xo‘rliklar meni adoyi tamom qilgan.
Men hatto gapirishga ham ojiz edim.
— Iflos! — dedi xotinim ko‘zlarini endi qirning uzoq-uzoqlariga qadab. — To‘rt yil muqaddam sevgan insonim bilan baxtli edim. Siz esa bizni ayirdingiz va «Menga turmushga chiqmasang, o‘sha yigitni qamataman», deya shart qo‘ydingiz. Shunga yarasha baxtli qilsangiz ham mayli edi, aksincha, mudom ezdingiz. Ana endi esa qasos olish mavridi etdi!
Xayolan, video tasmalar, to‘pponcha va hatto belkurakni ham kim olib qo‘yganini tushunardim, lekin ba’zi narsalar hamon mavhum edi.
— T-telba! — deyayoldim zo‘rg‘a.
— Bir hafta davomida atay tinmay asabingizga tegdim. Xudo qarg‘agan tungi klubingizdan ham mening ta’zirimni berib qo‘yish uchun keldingiz. Mastligingizdan foydalanib, meni otolmasligingizni pesh qildim. Siz landovur «sherlik» qilib otolmasangiz ham to‘pponchani menga o‘qtaldingiz. Bularning bari etmaganday, hovlidagi kameralarga ham meni yuklab mashinangizga ortganingiz yaqqol muhrlangan. Qarabsizki, siz endi shubhasiz qotilsiz!
Xotinim yana nimalardir deyayotgandi, ammo men hushimni yo‘qotdim. Erta tongda esa milisiya mahkamasida ko‘zimni ochdim. Bu vaqtda makkora xotinim allaqachon boyliklarimni o‘marib, boshqa mamlakatga qochib ketganiga shak-shubham yo‘q edi. Men uchun esa keyingi kunlar haqiqiy do‘zaxga aylandi. Oxiri yo‘q savol-javoblar, tergov ishlari, men o‘zimni hech qanaqasiga oqlolmas, xotinim, aslida, tirik ekaniga hech kimni ishontirolmasdim.
Mana, bugun qamalganimga bir yil to‘ldi. Xotiralarimni yodga olib o‘tirganimda, meni ko‘rish uchun kimdir kelgani haqida xabar berishdi.
— Ajabo! — dedim uzoqroqdan baqirgancha tanish chehraga qarab kularkanman. — Meni hatto yaqinlarim unutgan bir paytda, seni ko‘rish, juda xursandman.
Jingalak sochli bu yigitchani yaxshi eslardim. Mana shu la’nati fitna bo‘lmasidan sal avval u bilan ulfatchilik qilgandik. Uni bag‘rimga bosdim. U esa jilmaygan ko‘yi menga sinchkov qarardi.
— Qalaysan endi?
U menga boshdan-oyoq razm soldi. Nima uchundir bunday qarashidan meni mayna qilayotgandek tuyilardi.
— Juda alamzadaman! — dedim dardlashmoqchi bo‘lib. — O‘zimni hech qanaqasiga oqlolmadim. Yaqinda yana sud bo‘ladi, tuzukroq advokat yollay, deb uyimni ham sotdim. Anavi iflos, seyfdagi bor boyligimni o‘marib ketgan!
— Senga aytgandim-a, boylikni bankda saqlash kerak deb, — jilmaydi u. — Lekin seni tushunaman, men ham aybsiz aybdorlik ta’mini totganman.
— Esimda, aytib berganding, — dedim men va birdan «yasama qotillik» sodir etilgan kun u uyimga kelgani yodimga tushdi. — Aytganday, o‘sha kuni sen nima uchun uyimga borganding?
U indamadi. Faqat kulib turaverdi, uning sukunatli jilmayishi shu qadar uzoqqa cho‘zildiki, hatto asabiylasha boshladim.
— Endi men boray! — dedi u birdan o‘tirgan eridan ilkis qo‘zg‘alib va meni bag‘riga bosib pichirladi. — Bu qamoqxonada o‘tirganimda, bir bor seni ko‘rishni va bizni ajratib yuborganing uchun basharangga boplab tushirishni juda istardim. Niyatim xolis ekan, boshqachasiga tushirib ketdik. Senga sobiq xotining, mening sevikligimdan alangali salom. Ruxsat berishsa, to‘yga o‘tarsan!
U yuzimga yosh bolani erkalaganday og‘riqsiz shapatilab qo‘yganida ham, gapining mag‘zini chaqishga ulgurmagandim. Faqat uch-to‘rt qadam uzoqlashgachgina, «jingalak sochli do‘stim» o‘sha men qamatib yuborgan yigit ekanini angladim. «U biladi, xotinim qayerdaligini u biladi, ular uyushtirgan hammasini», degan gapimni esa qamoqxona devorlarigina eshitdi, xolos!

Mohigul DIYoRXO‘JAEVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sevgilisidan ayirib, majburlab uylangan xotinim oxiri mendan qasos oldi…