22:05 / 01.10.2017
7 360

Omonat g‘or siri (33-qism)

Omonat g‘or siri (33-qism)
Restoranning yerto‘lasida Berdimurod uch-to‘rt yigit bilan qarta o‘ynab o‘tirardi.

— Qolganlar qani? — so‘radi Xalil boyvachcha kirgan zahoti.

— Hozir yetib kelishadi, — dedi Berdimurod shoshib.

— Men yotoqda bo‘laman, hamma yig‘ilgandan keyin chaqirasan, — boyvachcha bilyard stolini aylanib o‘tib, to‘g‘ridagi xonaga kirdi. Bu uning xosxonasi edi. U asabi charchagan yoki oshig‘i olchi paytlari shu yerda dam olar, o‘ziga kelib olgunicha birov bezovta qilmasdi.

Salqin xonada kalta ishton kiyib olgan boyvachcha yumshoq par to‘shakka yonboshlab, xayolga cho‘mdi. U o‘zini so‘lim bog‘da, sharsharalar yonida huzurlanib yotganday tasavvur qilib, yayrab ketdi va ko‘ngli ishrat tusab, yashil tugmachani bosdi. Biroz o‘tib xonaga etagi boldirigacha keladigan, oyoqlari uzun, sochi sariqqa bo‘yalgan, moviy ko‘zli qiz tamanno qilib kirib keldi. Uni ko‘rib boyvachcha yovvoyilarcha na’ra tortdi va gavdasini biroz ko‘tarib, tuyqus yana o‘zini to‘shakka tashladi. Shu zum ko‘ziga hovlisidan mashinani haydab chiqayotganida darvozadan kirib kelgan kenja qizi ko‘rinib ketgandi. “U ham birovlarning ko‘nglini xushlab yurgan bo‘lsa-chi”, degan o‘y o‘tdi xayolidan.

— Yo‘qol! — o‘shqirdi boyvachcha suykala boshlagan qizga. — Qorangni ko‘rsatma! Ko‘rsam, teringni shilaman!

Qizning kapalagi uchib ketdi. Axir, uning erkaliklari doim boyvachchaga xush yoqardi-ku. Erib-eshilib cho‘ntagidagi bor pulini ustidan sochardi-ku. Yana shunday bo‘ladi, deb kutgan qizning rangi gezardi va yig‘lamoqdan beri bo‘lib chiqib ketdi. Xalil boyvachcha shoshilib kiyindi, go‘yo uyiga o‘t tushgan-u, bor bud-shudi olov olib, o‘zi yalang‘och qolganday.

Berdimurod qaynotasining qilig‘idan ajablandi:

— Hali damingizni olaversangiz bo‘lardi. Yana ikkitasi keladi…

— Boshlayveramiz, — uning gapini bo‘ldi Xalil boyvachcha. — Vaqt ziq.

U oromkursiga yastandi, qolganlar uning ro‘parasida qaldirg‘ochday tizildi. Avvalboshda boyvachcha bor gapni shotirlariga aytmoqchi bo‘ldi, lekin darhol niyatidan qaytdi: “Kim bular, mening dardimni eshitadigan! Bular buyruqqa mahtal kimsalar. Ortiga tepkilab ishlatish kerak bularni. Shunga yaraydi, xolos”.

— Baring go‘shtga boqilayotgan bo‘rdoqi qo‘yday semirib ketayapsanlar. Bu ketishda senlarni go‘shtga topshirmasa, boshqasiga yaramaysanlar. Mana, oxirgi ikki oyda bitta ishni qoyil qilmadinglar. Buning uchun hammangning teringni shilish kerak. Hozir men Berdimurod akangga topshiriq beraman — bugunning o‘zida hal bo‘lsin! Menga bahona o‘tmaydi. Uqdinglarmi?!

— Tushundik! — deyishdi shotirlar saf tortgan askarlarday bir ovozda.

— Endi yo‘qollaring!

Xonada boyvachcha bilan Berdimurod qolishdi.

— O‘g‘lim, — gap boshladi Xalil boyvachcha. — Haqiqatan ham, vaqt tig‘iz. Bugun yoningga ikkita yigitingni olib, Boburning uyiga borasan. Ezmalanib o‘tirma. Tog‘dagi g‘orga borish yo‘lini so‘ra. Yaxshilikcha aytsa aytdi, bo‘lmasa onasini ko‘ziga ko‘rsat. Ko‘nmasa, qo‘lini orqasiga qayirib, mening dachamga olib bor. Ketishing oldidan menga telefon qilib qo‘y.

— Xo‘p bo‘ladi, — dedi Berdimurod qaynotasining ko‘zidan ko‘zini uzmay. — Siz xotirjam bo‘ling, hammasi joyida bo‘ladi.

— Bor endi… Boraver, men sal turib ketaman.

Xalil boyvachchaning chap qo‘li titradi. Ilgari hech bunday bo‘lmagandi. Hayron qoldi. Bariga asab sabab deb o‘ylab sigaret olib tutatdi. Titroq butun badaniga yoyildi. Aksiga olib, yuragi bezovta bo‘la boshladi. Bir shisha aroq olib kelishlarini buyurdi, haligina o‘zi quvib-solgan qizni chaqirdi.

Ikki piyola aroqni sipqordi, qo‘lining titrashi bosilganday bo‘ldi. Ichi yonib ketayotganiga qaramay, badanini ohista uqalay boshlagan qizga qayrilib qaradi, boyagina junbushga kelgan ehtiroslar qayoqqadir yo‘qoldi.

— Bo‘ldi, bas, — dedi u qizga yumshoq gapirib, — rahmat. Endi manavidan bitta ich. Qani ol.

Xalil boyvachcha piyolani aroqqa to‘ldirib, qizga uzatdi. Qiz ham noz qilib o‘tirmadi, boyvachchaga tabassum hadya etib, piyolani ko‘tardi.

— O-o, yasha, — maqtadi qizning ichishini tomosha qilib turgan Xalil boyvachcha. — Endi manavini “zakuska” qil.

Qiz boyvachcha uzatgan pomidor bo‘lagini oppoq barmoqlari bilan nari surdi va boyvachchaning labidan bo‘sa oldi.

— Bunisi voobshe original! — hayqirdi boy chapak chalib. — Endi borib ishingni qilaver. Men keyinroq kelaman, shunda yaxshilab gaplashamiz.

— Yo‘-o‘q, — nozlandi qiz, — hozir!

— Hozir vaqt yo‘q, keyin…

Boyvachchaning kayfi oshib qolgan edi. U mashinani timirskilanib yurgan yigitlaridan biriga berib, o‘zi orqa o‘rindiqqa o‘tirib, ko‘zini yumdi. Yuragi yana g‘ashlana boshladi. “Nima bo‘layapti menga? — ajablandi boyvachcha. — Nahotki umrim oxirlab qolgan bo‘lsa. Hali biroz borday tuyuluvdi… Hali yoshman-ku. Men tengilar ikki-uchtadan xotin olayotgan bo‘lsa… Ertaroq uyga yetib olish kerak, do‘xtir-po‘xtir chaqirarman”.

U haydovchining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Yigit ham xayolga cho‘mgan ekan shekilli, cho‘chib tushdi:

— Uxlayapsanmi? — kuldi boyvachcha. — Tezroq hayda.

— Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin!

Boyvachchaning tanasidagi titroq kuchaydi, yuragi ko‘kragiga sig‘may ketayotganday gursillab ura boshladi. U o‘zini ovutmoqchi bo‘lib, derazadan yo‘laklarga qaradi, biroq hech narsa uni chalg‘itmas, tobora nafasi siqib kelardi.

— To‘xta! — tuyqus baqirib yubordi Xalil boyvachcha. — Aptekaga chop, validol opke!

Yigit mashinani keskin burib, tormoz bosdi. Mashina g‘iyqillab to‘xtadi, Xalil boyvachcha oldingi o‘rindiqqa yopishib qolayozdi.

— Hov, itdan tarqagan! — bo‘kirdi u. — Nima qilayapsan?!

— Anavi, anavi… — deya haydovchi yigit yo‘l chetidagi kampirni ko‘rsatdi. — Yo‘limdan chiqib qoldi.

— Ularni bosib ketsang savob olasan! — boyvachcha o‘kirgancha yigitning boshiga musht tushirdi. — Bor tez, aptekaga!

Yigit mashina eshigini ochib, pastga quyonday sakrab tushib ketdi. Boyvachcha titroq qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib sigareta oldi va qaltiragancha labiga qistirib, endi tutatmoqchi bo‘lganida, kimdir mashina oynasini chertdi. Boyvachcha battar tutaqib, vajohat bilan boshini ko‘tarib qaradi va ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib turgan, yuzini ajin bosgan kampirni ko‘rdi. Uni tilanchi xayol qilib:

— Senlarga to‘xtash ham gunoh. To‘xtagandan yugurib kelasan! — deya baqirdi.

— Hay, bolam, — yolvordi kampir qaltirab, — moshinangni astaroq hayda, urib ketay deding-ku meni.

— Chetroq tur-da! — bo‘kirdi Xalil boyvachcha, — kampir bo‘lsang ko‘chada balo bormi, o‘tirmaysanmi bolalarning topganini yeb, xudoga shukur qilib?..

— Bolam bo‘lganida bunday yurmasdim, hech kimim yo‘q mening, — kampir ko‘ziga yosh olib, oqsab keta boshladi.

— Bola, bolam… — o‘zicha ming‘irladi Xalil boyvachcha uning ortidan. — Mening ikkita qizim bor. Qarib kuchdan qolsam… Nilufar bor. Nilufar meni ko‘chada qoldirmaydi.

U sabrsizlik bilan tutab turgan sigaretani qayta-qayta ichiga tortdi. So‘ng mashinadan shoshib tushgancha, uzoqlashayotgan kampirga:

— Hov, momoy, to‘xtang! — deya hayqirdi. Kampirga yetib olgach, cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib, uning qo‘liga tutqazdi.

— Meni kechiring. Xohlasangiz uyingizgacha oborib qo‘yaman.

Kampir unga tikilgancha, nima deyishni bilmay bir muddat qotib turdi. Faqat lablari bilinar-bilinmas titrardi. Xalil boyvachcha uning nigohiga dosh berolmadi, shartta o‘girilib, mashinasi tomon yurib ketdi.

Ortidan kampirning o‘zini duo qilganini eshitdi: “Bolang o‘lmasin”. “Kampirning hech kimi qolmagan ko‘rinadi, shu boisdan bu g‘amni boshqa birovga ham ravo ko‘rmaydi”, xayolidan kechirdi boyvachcha.

Kampirning duosidan so‘ng boyvachcha o‘zini yengil his etdi. Hatto ancha vaqt yo‘qolib ketgan haydovchisini ham koyimadi.

Mashina uyga yaqinlashganda darvozadan xizmatkor yigit uchib chiqdi. Uni ko‘rgan boyning yuragi qinidan chiqib ketayozdi.

— To‘xta! To‘xtat! — qichqirdi u va mashina to‘xtashini kutmay eshikni ochib, otilib chiqdi. Xizmatkor yigitning ko‘zi xonasidan chiqquday bo‘lib xo‘jayinining yonidan o‘tib ketarkan: “Ulguramiz, saqlab qolamiz!” deya qichqirdi.

— Nima gap?! — baqirdi uning qo‘lidan ushlab to‘xtatgan Xalil boyvachcha.

Xizmatkor yigit es-hushini yig‘ib oldi, shekilli, boyvachchani ko‘rib o‘zini yerga tashladi-da, o‘kirib yubordi:

— Xo‘jayin! Nilufar!.. Nilufar o‘layapti!!!

Uning yig‘lamsiragan tovushidan Xalil boyvachchaning tizzalari qaltirab ketdi, boshidan hushi uchib, darvozadan yugurib kirdi.

Katta eshikning bo‘sag‘asida Nilufar tipirchilab yotar, atrofida onasi girdikapalak bo‘lib aylanardi.

— Nima bo‘ldi?! — qichqirdi boyvachcha.

— Bilmayman! — erini ko‘rib o‘kirib yig‘lab yubordi xotini. — Ovqatini yedi-yu, birdan dumalab qoldi!

Boyvachcha boshqa gapirmadi. Yerda tipirchilab yotgan qizini dast ko‘tarib, darvoza tomon yugurdi. Ayni mahal haydovchi uddaburonlik qilib, mashinani o‘nglab turgan edi.

Yo‘l-yo‘lakay falokatga yo‘liqishlariga sal qoldi: qizil chiroqdan katta tezlikda o‘tib ketishayotganda so‘l tomondan pushtirang “Neksiya” chiqib, yo‘lini to‘sib qoldi. Xalilning haydovchisi tormozni bosmay, aksincha rulni aynan “Neksiya” chiqib kelgan tomonga burdi va uni aylanib o‘tib ketishga ulgurdi. Mashina yonboshga bir lahza og‘ib ketdi, to‘ntarilishiga bir bahya qoldi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (33-qism)