Birinchi qism. Rivojlanish
Prezident: «Kelinglar, muammolarimiz yechimi haqida birgalikda o‘ylaylik, ko‘zimizdan yashirinib yotgan kamchiliklarimizni birgalikda topib, oshkor qilaylik», — deyapti. Joylarda esa ko‘p holatlarda katta-kichik rahbarlar kamchiliklarni yashirish bilan ovora. Nega?
Chunki kamchiliklarni oshkor qilish ularning yechimi to‘g‘risida fikrlashni va... eng muhimi, yuqoriga jo‘yali takliflar berishni taqozo qiladi. Buning uchun esa... miyani ishlatish kerak bo‘ladi.
Kuzatishimcha, hozir jo‘yali takliflarni oddiy odamlar, nodavlat tashkilotlar berayapti-yu, ammo mansabdorlardan hali aytarli taklif tushmayapti. Buning sababi haqida uzundan-uzoq gapirish va hatto... ilmiy ish yoqlash ham mumkin, lekin gapni qisqaroq qilsa ham bo‘ladi.
Bosh miyani o‘rganuvchi olimlarning ta’kidlashicha, u doim ishlab tursagina o‘zini yaxshi his qilar ekan. Ma’lum muddat ishlamay turgan miya esa ishlash qobiliyatini unuta boshlar ekan. Ammo bu hali hammasi emas. Undan ham muhimroq gap bor. Miya faoliyatini o‘rganuvchi olimlar, xususan, biologiya fanlari doktori Tatyana Chernigovskayaning ta’kidlashicha, miya o‘zi dioimiy rivojlanish uchun yaratilgan ekan! rivojlanishdan to‘xtasa miya o‘z ishini bajarmayotganini sezib... nobud bo‘la boshlar ekan!
Bu bunday, nobud bo‘layotgan miyada faqat primitiv (sodda) ishlarni bajarish qobiliyatidan boshqa qobiliyatlar qolmaydi degani.
Endi fikrlashda davom etamiz — mazkur bilganimizni hozirgi holatimizga tatbiq etishga urinib ko‘ramiz.
Masalan, odamlarga ijobiy ta’sir etib, ularning boshini qovushtirish, dunyoqarashini yaxshi tarafga o‘zgartirish kishidan yaxshigina saviya va miya faoliyatini talab etadi. Rivojlanishdan to‘xtagan miya uchun esa bu mislsiz mushkulotdir.
Bunday holatda mazkur miya egasi agar rahbar lavozimida bo‘lsa, unda o‘zining vazifasini o‘ziga xos tarzda tushunadi va o‘ziga xos tarzda yuritadi. Masalan, odamlarga ijobiy ta’sir etishning biron-bir yo‘lini bilmaganidan do‘q-po‘pisa qiladi, ularni haqorat qiladi va hatto uradi. Bularni u «chin dildan» qiladi. Chunki tushunish doirasi shuni taqozo etadi-da.
Ikkinchi qism. «Unda ayb yo‘q»
Aslida uning «aybi yo‘q». Nega?
Rivojlanishdan to‘xtagani bois u hayotning asl lazzati — ma’naviy yuksalish ta’mini unutgan bo‘lib, lavozim kursisini saqlab turishni o‘zining hayotiy mazmuniga aylantirgan bo‘ladi. Bunday mansabdor yuksak tushunchalarni, el-yurt manfaatini o‘zgacha — o‘zining tor tushunish doirasida talqin qiladi. Ya’ni bu tushunchalar, qanchalik yuksak bo‘lmasin, uning o‘sha bosh manfaati — amal kursisi atrofida aylanadi va o‘rgiladi, «xizmatkor» vazifasida bo‘ladi.
U o‘sha bosh manfaati yo‘lida yuqoridan kelgan topshiriqlarning mohiyatini tushunsa ham bajaradi, tushunmasa ham «bajaradi», to‘g‘risini ham bajaradi, egrisini ham bajaradi — farqi yo‘q. Muhimi — bajarish.
U hamma topshiriqlarni doim ham aslicha qabul qilolmaydi, balki o‘zicha tushunadi. Bu esa o‘sha «kalla desa salla» va boshqa maqollarni eslash uchun sabab bo‘ladi (masalan, «hududning eksport salohiyatini oshirish kerak» degan talabni ba’zi hokimlar o‘ziga xos tarzda «qondirishdi». Qanday deysizmi? Hududda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘sha hududdan olib chiqilishiga kuch ila to‘sqinlik qilishdi... «O‘zimizning viloyatdan eksport qilinsin!» deyishdi. Bu ish mamlakat miqyosida eksport hajmini ko‘paytirmasligini, aksincha, hudud dehqonlarining ishiga putur yetkazishini, dehqon zarar ko‘rishini, eksport evaziga viloyatga keladigan pul miqdori esa kamayishini — bularning hammasini yosh bola ham tushuna oladi. Ammo hokim foyda deganda boshqa narsani tushunsa, nima qilsin?!).
Bunday mansabdor jo‘yali takliflar bermaydi, zero, berolmaydi — bunday takliflar unda bo‘lmaydi. Ammo bunisi hali holva — taklif bilan chiqishni u katta xato deb biladi. O‘zining «kattalar oldida ortiqcha gapirib qo‘ymaslik» qobiliyatini esa o‘zi yuqori baholaydi. Uning «to‘xtab qolgan» miyasi voqelikni to‘g‘ri ilg‘ashga aslo imkon bermaydi.
Ammo biz ularni qanday tanib olamiz?
Har bir dardning o‘z belgilari bo‘ladi. Bu belgilarga qarab soha mutaxassislari o‘sha dard insonda mavjudligini bexato bilib olishadi.
Yillar davomida faoliyati bir xil topshiriqlarni bajarish bilan cheklanib qolgan, shaxsiy dunyosining to‘riga mansab kursisini o‘tqazib olgan bu toifaning ham, albatta, belgilari bor. O‘sha belgilar — simptomlar orqali biz ularni bemalol bilib olishimiz mumkin bo‘ladi. Demak...
Uchinchi qism. Simptomlar
Bu turdagi mansabdorlarni quyidagi belgilaridan bilib olsak bo‘ladi:
1. Kamchiliklar oshkor bo‘lishini yomon ko‘rishadi.
Oddiy haqiqat — yurt rivojini istagan rahbar kamchiliklarni topib, ularga barham berishni xohlaydi. Kamchiliklar oshkor bo‘lganda jazavaga tushgan hokimni ko‘rsangiz, bilingki, uning g‘ami yurt rivoji emas, balki lavozim kursisidir. Aynan shu matohni muhim bilgani bois kamchiliklarning oshkor bo‘lishini u salbiy holat deb tushunadi. Buni lavozimiga tahdid deb sanaydi.
2. Imkon paydo bo‘ldi deguncha odamlar bilan qo‘pol muomala qilishadi.
Oddiy haqiqat — odamlarni yaxshi ko‘radigan kishi ularni haqorat qilmaydi, xo‘rlamaydi. Biz o‘rganayotgan toifa esa, qanchalik o‘zini yaxshi qilib ko‘rsatmasin, egallab turgan lavozimiga soya tushganda asl qiyofasi ko‘rinib qoladi. Shunda biz uni tanib qolamiz. Bunday paytlarda u amal kursisiga xavf tug‘dirgan «aybdorlar»ni, qo‘yib bersangiz, yanchib tashlaydi.
3. Boya aytganimizdek, bundaylardan taklif, tashabbus chiqmaydi.
Birinchidan, ilg‘or g‘oyalar faqatgina el-yurt uchun jon kuydiradigan insonlarning xayoliga kelishi mumkin. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Bu toifa esa nima uchun jon kuydirishini bildik. Ikkinchidan, taklif bilan chiqish o‘sha taklifni tatbiq etishni taqozo qilib qolishi mumkin. O‘zi shundoq ham mansab yo‘lida halovatidan kechgan qahramonimizga bu hech ham kerak emas. Uchinchidan, taklif bilan chiqish uning tabiatiga umuman mos emas — uning intilgani rivojlanish emas, balki lavozim ila osuda «qo‘sha qarish».
4. O‘zi boshqarayotgan hududni o‘zining shaxsiy narsasidek tutadi.
Bu toifa rahbar o‘z hududida o‘zini podshohday tutadi. Birinchidan, ishlarini maslahat bilan yuritmaydi. Kengash qilish, hudud ahlining fikrini so‘rashni or biladi. Ikkinchidan, o‘zi boshqarayotgan hududni yoki tashkilotni o‘zining shaxsiyati bilan chambarchas bog‘laydi. Shuning uchun ham hududdagi kamchiliklarning oshkor bo‘lishini o‘zining shaxsiy hayotiga aralashuv deb, ichki sirlarining ochilishi deb, shaxsiga tahdid deb tushunadi. «Tumanimizni (yoki viloyatimizni) sharmanda qildinglar... undaylar, bundaylar» deb odamlarni haqorat qilishlar, quyushqondan chiqishlar shundan! Imkon bo‘lsa bu toifa kamchiliklarni oshkor qiluvchilarni albatta topib, o‘chini oladi. Faqatgina oshkoralik muhiti, jamoat nazorati institutlari bundaylarning qo‘lini bog‘lab turadi — istaklari ro‘yobga chiqishiga to‘sqinlik qiladi.
To‘rtinchi qism. Istaklar dunyosi
Bu turdagi mansabdorlarning o‘z orzusi bor. Keling, unga nazar tashlaymiz:
Sokinlik. Hamma jim. Hokim buvaning xizmatiga muntazir. U kishining bir ishorasi ila o‘qituvchi-yu shifokorga o‘xshagan «mayda-chuyda» qatlamlar har qanday yumushni bajarishga tayyor. Tadbirkoru dehqon hokim buvaning obro‘sini saqlashni muqaddas burchi deb biladi. Bu yo‘lda ular o‘z manfaatlaridan kechishga, yetishtirgan mahsulotini joyi kelsa tannarxidan-da arzon sotishga shay turadilar. Bu orzular dunyosida hamma hudud statistikasini yaxshilash uchun jon kuydiradi. Buning uchun hamma kelishib olib harakat qiladi — kamchiliklar yashiriladi, yutuqlar ko‘pirtiriladi, hisobotlar «yaxshilanadi».
Hududning eng og‘ir muammolari yuqoridan kelgan tekshiruvchilar bilan birgalikda «hal qilinadi» — mazkur orzu dunyosidagi tekshiruvchilar «tushungan» yigitlardir. Chaqaloqlar o‘limi, o‘smirlar ishtirokidagi qotilliklar, fohishaxonalarning gullab-yashnashi, poraxo‘rlik va hokazo muammolar tinchgina, hududning (ya’ni, hokim buvaning) obro‘si to‘kilmagan shaklda «hal qilinadi».
Dardi borlar hokim buva uchun og‘riqqa chidaydilar, o‘layotganlar Toshkentdan komissiya kelgani e’tiboridan o‘lmay turadilar. Bu «jannat» dunyoning jurnalistlari ham o‘ziga xos — ularning esu-dardi hokim buvani tarannum etish, kamchiliklar haqida esa churq etmaslik. Hududda yashayotgan har bir fuqaro o‘rni kelganda «hayotidan rozilar» rolini hokim buva uchun o‘ynab berishga, mingdan-ming rahmat aytishga tayyor turadi.
Bu xayoliy dunyoda hatto osmondagi bulutlar ham hokim buvaning andishasini qiladi — u kishi xohlaganda yomg‘ir yog‘adi. Ha, aytgancha, bitta-ikkita kamchiliklarni oshkor qilib, u kishining kayfiyatini tushirganlar zindonda yotib, qilgan ishidan ming pushaymon bo‘ladi. U yoq-bu yoqda qochib yurganlar esa ommaviy qarg‘ash yo‘li bilan kuli ko‘kka sovuriladi.
So‘ngso‘z
Uzoq yillar oshkoralik bo‘lmagan muhitda «katta bo‘lgan» mansabdorlarimizning aksariyati surunkali rivojlanishdan to‘xtab qolish dardiga chalinganini ko‘rayapmiz — belgilari aytib turibdi. Bu toifa kishilar o‘zlaridan bilib mansabdan ketmaydilar — buni ham tushundik. Ming xil sozga solib yangi sharoitga moslashganini ko‘rsatmoqchi bo‘layaptilar, xolos. Prezidentning ta’biri bilan atganda «kimdir eski zamon yana qaytishini kutib turibdi». Bu aynan o‘sha — tahlilimiz qahramonlaridir.
Ularni belgilariga qarab tanib, asl mohiyatini oshkor qilish — jamiyat o‘laroq burchimizdir. U yoq-bu yoqdan eshitilayotgan ishga eskicha yondashuv holatlari, gohida esa ochiqdan-ochiq rivojlanish jarayoniga teskari ishlar o‘sha toifaning kirdikorlaridir. Zero...
Zero, baxtli hayot doimiy rivojlanish bilan ta’minlanadi. Bu esa samimiy, miya nima uchun berilganini unutmagan kishilarning harakati bilan bo‘ladi.
Shokir Sharipov
Manba: xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi