23:47 / 27.07.2018
6 635

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (10-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (10-qism)
Yarim tun edi. Tashqarida kuchli shamol aralash qor gupillab yog‘ar, deraza tirqishlaridan kirgan sovuq etni junjiktirardi.

Men kayfim sal tarqagandan so‘ng, yelkamga yupqaroq ko‘rpacha topib yopib olgancha polga cho‘zildim.

Sharik ham qorni to‘ygach, old oyoqlariga boshini qo‘ygan ko‘yi uxlardi.

Shu payt Mariya uyqu orasida kimlarnidir baqirib koyigan bo‘ldi. O‘z ovozidan uyg‘onib ketdimi, dast o‘rnidan turib o‘tirdi-yu, men tomon o‘girildi.

— Nega uxlamayapsan? — so‘radi u. — Chanqadim. Iltimos, menga bir stakan muzday suv ber!

— O‘zing tura olmaysanmi? — qaysarligim tutib, atayin g‘ashiga tekkim keldi.

— Iltimos, bera qolgin! — yalina boshladi Mariya. — Hozir o‘rnimdan qo‘zg‘alsam, yiqilib tushaman.

Men sekin narigi xonaga o‘tdim-da, chelakdagi suvdan bir stakan keltirib uning qo‘liga tutqazdim. Mariya suvni bir ho‘plab, qolganini polga qo‘ydi.

— Endi yonimga o‘tir! — dedi u kutilmaganda oyog‘imdan mahkam quchib. — O‘tirmaguningcha qo‘yib yubormayman.

Ilojsiz Mariyaning yoniga o‘tirdim. U endi yelkamdan quchoqlab oldi.

— Menga yoqib tushding, mard yigit! — dedi u lablarini qulog‘imga juda yaqin olib kelib. — Eshityapsanmi?.. Nega indamaysan?..

Ayolning qaynoq nafasini dimog‘imda tuyib, xayollarim chalkashdi. Vujudim alanga bo‘lib yona boshladi.

Oxiri bo‘lmadi. Mariyani mahkam quchib, lablari-yu, siynalarini o‘pa ketdim…

* * *
Biz shu kecha deyarli mijja qoqmadik. Bir-birimizni yalab-yulqadik. Ora-sirada ichkilik ichdik. Xullas, yorug‘ dunyoning lazzatidan bahra oldik.

Qizig‘i, Sharikka bizning qilmishlarimiz yoqmadimi, tashqariga chiqib ketgancha qaytmadi. Lekin men it haqida qayg‘uradigan ahvolda emasdim. Ko‘zimni shira bosgan. Mariyaning qaynoq bag‘ridan bo‘lak hech narsani ko‘rmasdim.

Faqat… Erta tongda turib izg‘irinli o‘rmonga chiqqanimdan keyin hushyor tortgandek bo‘ldim. Qilib qo‘ygan ishlarimdan pushaymon yeya boshladim.

Ko‘z o‘ngimda Yelenaning mahzun chehrasi namoyon bo‘ldi. U xuddi meni kuzatib turgandek, yig‘lay-yig‘lay qarg‘ayotgandek tuyulib ketdi.

Ustiga ustak Saveliy amaki ko‘milgan tarafga ko‘zim tushdi-yu, ichim muzlab, qalbimni qo‘rquv hissi egalladi.

— Nimalar qilib qo‘ydim? — deya o‘yladim. — Men, axir, odam o‘ldirdim! Bu ham yetmagandek, Yelenaga xiyonat qildim. Nega? Nima uchun o‘zimni to‘xtata bilmadim? Endi nima bo‘ladi? Mariya bilan qolib ketamanmi? Bir kun kelib turmadagilar tutib olishsa-chi? Unda taqdirim qanday kechadi?

— Hoy, qochqoq, bu yerda nima qilib turibsan? — tanish ovozni eshitib shosha-pisha ortimga o‘girildim.

Mendan sal narida Mariya qalin paltosiga o‘rangancha qo‘lida bir shisha aroq tutib turardi.

— Qotib qolasan-ku sovuqda, jonim! — deya yaqin kelib yelkamga bosh qo‘ydi u. — Yuraqol, manavini ichaylik! Boshim tars yorilay deyapti!

Ha, men ich-ichimdan qancha afsus chekmay, baribir, shu kelishgan, jozibali ayol qarshisida ojiz edim.

Uni mahkam quchdim-da, ichkariga yetakladim.

* * *
Ichkariga kirgach, Mariyaning o‘zi shishadagi aroqni ikkita stakanga quyib birini mening qo‘limga tutqazdi. Ichib dasturxondagi qolgan-qutgan bodring bo‘laklarini gazak qildik. Ichkilik badanini qizdirib, ko‘zlari moshdek ochilgan ayol bir muddat menga tikilib qoldi-da, bosh chayqab o‘rnidan turdi.

— Qani, tur-chi! — dedi u bilagimdan tortib. — Turaqol!

— Nega? Tinchlikmi?

— Tursang-chi!

Men sakrab o‘rnimdan turib qaddimni g‘oz tutdim.

— Qara, — dedi Mariya egnimdagi paltoni g‘ijimlab. — Paltong ohori ketib kiyishga yaroqsiz bo‘lib qolibdi.

— Nima qipti? Bori-da!

— Yo‘q, to‘xta!.. — Mariya narigi xonaga chopib kirdi-da, zum o‘tmay qo‘lida deyarli yangi erkaklar paltosini ko‘tarib chiqdi.

— Manavini kiyib ol! — paltoni menga tutqazdi u. — Tez kiyib ol! Senga loyiq keladi.

Men hayron bo‘lib yelka qisib olgancha egnimdagi eski paltoni yechdim-u, yangisini kiydim.

— Yarashdi! — deya meni aylanib tomosha qila boshladi Mariya. — Juda yarashdi!.. Endi shu seniki. Senday yigit eski-tuskida yursa, uyat bo‘ladi!..

— Rahmat! — dedim xijolat tortib. — Shart emasdi… Eskiyam bo‘laverardi menga…

Shu payt sira kutilmagan hodisa sodir bo‘ldi.

Mariya beixtiyor qarshimda tiz cho‘kib, ikki qo‘li bilan yangi paltoning etaklarini mahkam g‘ijimladi… Va to‘satdan o‘kirib yig‘lab yubordi.

— Endi nima qilama-an?.. Misha qani? Qani Mening Misham?.. Nega bir o‘zim qolib ketdi-im?.. Misha!.. Shu paltoni o‘zing kiyib yursang bo‘lmasmidi?..

Mariya dast o‘rnidan turdi-da, xonani aylanib dod sola boshladi.

Men nima qilishni bilmasdim. Na ayolni tinchlantirishni, ovutishni bilardim. Turgan joyimda tosh qotgancha qolib ketgandim.

— Mixail! Kechir meni! Kechir men noshudni!.. Sening holingdan xabar ololmadim! Yo‘-o‘q! Chiday olmayman! Chidolmayman!..

Oxiri bo‘lmadi. Mariyaning qo‘llaridan mahkam tutib o‘rnidan turg‘azdim.

— Nega yig‘laysan? Kim o‘zi Misha? Nega dod solyapsan? Gapirsang-chi!..

Mariya qayta-qayta siltashlarimdan so‘ng sal o‘zini bosib kirlanib ketgan yakandoz ustiga o‘tirdi.

Yengiga ko‘z yoshlarini artib bosh egdi.

— Gapir! — dedim ro‘parasiga cho‘karkanman. — Yig‘lashlaringning sababi nima?

— Buning tarixi uzun. — gap boshladi Mariya hiqillay-hiqillay. — Bir paytlar men ham o‘zimni dunyodagi eng baxtli ayol deb hisoblardim. Misha bilan nikohdan ham o‘tgandik. Ruhoniyning o‘zi ham bizga boqib havas qilgandi. Afsuski, peshonamga sig‘magan. Baliq oviga borib… To‘yib ichgan-u, uxlab qolgan… Sovuqda…

— Tushundim. — dedim uning so‘zini bo‘lib. — Sovuqda qotib qolgan ekan-da!.. To‘xta, qachon bo‘lgan o‘zi bu voqea?

— O‘n sakkiz yoshimda… Shu voqeadan keyin sal o‘tmay, kechagi aytgan ishlar bo‘lib ketdi…

— Ha-a, — bosh irg‘ab qo‘ydim Mariyaga achinish bilan tikilib. — Demak, u ablahlar eringni tanisharkan-da!..

Mariya boshi bilan ma’qullab qo‘ydi.

— Xo‘p, mayli, — u lab tishlab qo‘liga aroq shishasini oldi. — Diydiyo qilgan bilan qaytib kelmaydi Misha… Shunchaki… Anavi paltosini ko‘rib ko‘nglim bo‘shab ketdi…

Ayol stakandagi qolgan aroqni bir ko‘tarishda simirdi-da, sekin kelib tizzamga boshini qo‘ydi.

— Bilasanmi, — erkalangan ohangda so‘z boshladi u. — Sen meni boyitib yuborishing kerak, ha, puldor bo‘lishni xohlayman.

— Qanday qilib boyitaman? Mening xazinam bormidi?..

Mariya bir chetda indamaygina yotgan Sharikka ishora qildi.

— Ana, ovchi iting bor. Oq kakliklar tutib beradi senga. Sen bo‘lsang, ularni so‘yib, ichidagi oltin zarralarini olasan.

— Oq kaklik dedingmi? Demak, o‘sha qushlarni kaklik deb atashadi-a, shundaymi?

— Ha-da, — jonlanib qaddini ko‘tardi Mariya. — o‘sha sen tutib ichidan oltin zarralarini topgan qush kaklik. Faqat ularning hammasiyam oltin yutavermaydi. Nima bo‘lmasin, baribir sen menga ko‘-o‘p oltin topib berishing shart.

— Topib bermasam-chi?.. — negadir qaysarligim tutib so‘radim men.

— Topasan. — dedi Mariya qat’iylik bilan. — Topmay qayerga ham borarding.

— Shunaqa degin? Sen hali meni faqat shu narsa uchun yoningda ushlab turibsanmi?

— Yo‘q, yo‘q, — Mariya kutilmaganda ikki yelkamdan tutib bir-ikki siltab qo‘ydi. — Sen menga erkak sifatidayam keraksan. Biroq… Bekor o‘tirgandan nima foyda? O‘zinggayam yaxshi-ku!

— Adashyapsan. Menga boylik kerak emas. Hali qiladigan ishlarim ko‘p. Bilasan-ku, turmadagilar baribir qidirishadi.

— Hoy, qanaqangi qaysar odamsan o‘zing?.. Bu uyda mening aytganim bo‘ladi. Aytganimni qilmagin-chi… Mana shu qo‘llarim bilan o‘zim tutib beraman seni.

— Yaxshi bo‘lardi tutib bersang. — dedim jahlim chiqib. — Shundoq ham Yelenani sog‘indim.

— Nima?.. Qanaqa Yelena? O‘chir ovozingni! Sen endi menikisan, bildingmi, meniki!..

Bu ayolning shunchalar o‘zgaruvchanligini so‘nggi daqiqalarda payqay boshlagandim. Undaylarga til bilan bas kelib bo‘lmaydi. Yaxshisi, indamasdan o‘z ishimni qilaverganim durust emasmi?..

Shularni o‘ylarkanman, indamadim. Janjallashishni o‘zimga ep ko‘rmay, Sharikni yetaklagancha tashqariga chiqib ketdim.

O‘rmon tomon ketib borarkanman, Mariyaning «Qani, mendan boshqasini deb ko‘r-chi, hammangni bo‘g‘izlab tashlayman!» deya baqirayotgani aniq eshitilib turardi.

* * *
Tunda yana yo‘talim qo‘zg‘ab tongga qadar mijja qoqmadim. Mariya esa pishillab uxlar, uyqu orasida qur-qur yo‘talganimni eshitib so‘kinib qo‘yardi.

Xo‘rligim keldi. Ko‘z o‘ngimda onadek mehribon Yelenaning yoqimtoy chehrasi har gavdalanganda polda boshini ikki old oyog‘i orasiga olgancha mudrayotgan Sharikni silab-silab oldim.

Ayniqsa, bu ayol kechagi gaplari, ustiga-ustak, tundagi suyuqoyoqlarga xos qo‘pol harakatlaridan so‘ng ko‘zimga shumshuk ko‘rinib qolgandi.

E’tiborsizligi oshib tushdi.

— Itdan tarqaganga picha oltin topib bersaydim, — o‘ylardim o‘zimcha. — Daf bo‘lardim shu sassiq uyidan. — Dunyoga kelib bu qadar yoqimsiz, so‘xtasi sovuq ayolni uchratmagandim. Peshonam qursin! Ha, tong otsa bas, kaklik ovlashga boraman. Ajab emaski, ertagayoq jo‘nab yuborsam. Shuning yonida azoblangandan ko‘ra, turmadagilarning qo‘liga tushib, kamerada o‘tirganim ma’qul edi…

Nihoyat tong otdi. Kechasi haddan ziyod ko‘p ichib yuborgan Mariya hamon xurrak otardi. Men u tomon nafrat aralash qarab qo‘ydim-da, Sharikni yetaklab tashqariga yo‘l oldim.

Qor deyarli tinibdi. Quruq sovuq badanning ochiq qolgan joylarini uzib olay derdi.

Men paltoning yoqasini ko‘tarib, quloqlarimni yopgancha tavakkal daryo tomon jo‘nadim. It oldinda go‘yoki yo‘l ko‘rsatib borardi.

Ikki chaqirimcha yo‘l bosgach, sokin oqayotgan daryo bo‘yiga ham yetib keldik.

Sohilda kakliklar sayr qilardi. Sharik kela solib ularni quvlashga tushdi. Uning ovchilik qobiliyatini ko‘rib sal bo‘lsin qayg‘ularim nari chekingandek edi. Sigaret tutatgancha vafodor itimning harakatlarini kuzatishda davom etdim.

— Eh, Yelena, Yelena! — sokin oqayotgan daryo, qirg‘oqdagi qushlarning chug‘ur-chug‘uri xayolimni yana olislarga olib keta boshlagandi. — Nega meni bu ko‘yga solding? Shu yo‘l bilan ozodlik tilaganmiding? Sensiz o‘tgan har kunim yillarga tatiyotganini nahot his qilmayotgan bo‘lsang? Sendek mehribon topa olmasligimni bilmasmiding? Uchratganim faqat razillar ekanini sezmayapsanmi? Shundan ko‘ra turmaning karserida kun o‘tkazsam yaxshi emasmidi? Har holda seni ko‘rish baxtiga muyassar edim… Bilmadim, meni sevasanmi-yo‘qmi… Bunisini idrok eta olmayman. Faqat ko‘nglim sezadi xolos. Ana shu ko‘nglim seni qo‘msaydi. To‘yib-to‘yib yig‘lagim keladi-yu, yigitlik g‘ururim yo‘l bermaydi. Axir, sengina ham otam, ham onam eding. Tepamda o‘tirib badanimga igna sanchganingda, qalbimda qayta-qayta qaynoq mehr tuyardim. Shu lahzalarda yorug‘ dunyoni unutib, osmonu falakda parvoz qila boshlardim…

Xayol bilan bo‘lib ikki soat vaqt qanday o‘tib ketganini payqamay qolibman. Sharik ro‘paramga yetti-sakkiztacha kaklikni keltirib tashlabdi. Seskanib o‘rnimdan turdim-u, cho‘ntagimdagi pichoqni qo‘limga olib birma-bir kakliklarning boshini kesib, patlarini yuldim. So‘ngra ichini yorib oltin qidira boshladim. Afsuski, bugun negadir omadim kelmadi. Kakliklarning birontasi oltin yutmabdi.

Hafsalam pir bo‘lib hammasini xaltachaga joyladim va itni ergashtirib Mariyanikiga yo‘l soldim.

Kelyapman-u, xayolan ayolning qay ahvolda qolishini tasavvur etyapman.

Ha, u jazavaga tushishi aniq. Aksiga olgandek, uyida ichkilik qolmagandi. O‘lganning ustiga tepgan qilib, men hech vaqosiz kirib boraman.

— Yo‘q, — dedim o‘zimga o‘zim. — Endi o‘zidan ko‘rsin. Ana, qushlarni oyoqlari ostiga tashlayman. «Daryoda oltin qolmabdi!» deyman-u, hayyo-huy deb yo‘lga tushaman. To‘xtatib ko‘rsin-chi…

Yetib kelganimda, Mariya hovlidagi to‘ngak ustida o‘tirgancha o‘y surish bilan band edi.

Menga ko‘zi tushib istar-istamas o‘rnidan turdi.

— Xo‘sh, kelishingdan bir qop oltin topdingmi deyman? — masxaralagan ko‘yi so‘radi u.

— Ikki qop. — deya oyoqlari ostiga kakliklar joylangan xaltachani irg‘itdim. — Ana, keragini olaver!

— Zarda qilma menga! Hech nima topolmaganingni ko‘nglim allaqachon sezgan.

— Sezgan bo‘lsa juda yaxshi. Ko‘rdingmi, men seni boy qilishga ojiz ekanman. Endi ketaversam ham bo‘ladi.

— Qayerga ketasan? Tag‘in eski ashulangni boshladingmi?

— Tushunsang-chi, — dedim kuyinib. — Men turmadan qochgan bir mahbusman. Bir joyda uzoq yashashim sira mumkin emas.

— Qo‘rqma, — dedi Mariya lab burib. — Bu yer tayganing deyarli inson qadami yetmaydigan bir burchagi. Hech kim seni topa olmaydi. Aytgancha… — Mariya nimadir yodiga tushgandek menga yaqin keldi-da, bo‘ynimdan quchishga chog‘landi. Men beixtiyor ijirg‘anib o‘zimni orqaga oldim.

— Bilaman sen erkaklarni, — xafa bo‘lib sannay ketdi Mariya. — Bir marta ko‘rdingmi, tamom, shu ayol yoqmay qoladi. Yoqmasam-chi, ajab bo‘pti!.. Baribir majbursan menminan yotishga!

— Vey, — azbaroyi jahlim chiqqanidan qo‘limni paxsa qildim. — Sen jinnimisan, sog‘misan o‘zi? Og‘zingga kelgan gapni gapiraverasanmi?

Mariya tez tusini o‘zgartirib, muloyimlashdi. Bu qilig‘i haqiqatan, sog‘lom odamning qo‘lidan kelmaydi.

— Turmaning ta’siri bo‘lsa kerak. — o‘yladim ayolning o‘zgaruvchanligidan yana bir bor hayratga tushib. — Yo odam o‘ldiraverib esini yeb qo‘ygan…

— Jonim, pulim qolmabdi. — go‘yo hech narsa bo‘lmagandek mayin ovozda so‘z qotdi Mariya. — Tillangni menga bersang, pulga almashtirib kelardim. Axir, ichkilik, yegulik kerak-ku!.. Yo bermaysanmi?..

— Bermayman! Sendan qarzim yo‘q!

— Nima? Kechadan beri menikida yeb-ichding, tekinxo‘r!..

— Kim tekinxo‘r! — mushtlarimni tugib unga yaqin bordim…

Ha, tag‘in bir og‘iz ortiqcha so‘z aytsa, uni urib tashlashga tayyor edim. Bazo‘r o‘zimni bosib turardim.

Ayolning o‘zi ham buni sezdimi, darhol past tushdi.

— Kechir!.. Bo‘pti, bermasang, o‘zim shaharga tushib ul-bul olib kelaman. Pulniyam topaman, ha topaman!.. Faqat… Ketma, iltimos!.. Ketsang, kechirmayman! Qarg‘ayman! Yomon qarg‘ayman!

Ha, ha, bu ayni muddao edi. Ketsin! Shu bahonada juftakni rostlayman-qo‘yaman. Yo‘qsa, bu ayol kanadek yopishib olaveradi. Ketishga qo‘ymaydi…

— Hech qayerga jilmayman, — dedim Mariyani tinchlantirib. — Ishon, uyda Sharik bilan qimirlamay o‘tiramiz. Kelguningcha, manavi kakliklarni kabob qilib qo‘yamiz.

— Rostdanmi? — Mariya chehrasi ochilib meni mahkam quchoqlab oldi.

G‘ijinim kelsa-da, indamadim. Yelkasiga qoqib-qoqib qo‘ydim.

— Bor, hali zamon kech tushadi. Tezroq borib kelaqol!..

Mariya ichkariga kirib kiyimlarini almashtirdi va so‘qmoq bo‘ylab chopa ketdi.

* * *
Yolg‘iz ham qoldim. Lekin shartta bu uydan chiqib ketishga o‘zimda jur’at topa olmasdim. To‘g‘risi, nimadandir qo‘rqar, qay manzilga borishni, nima qilishni bilmasligim qimirlashga qo‘ymasdi.

— o‘alati odamman-da! — o‘ylardim. — Tayyor ayol bo‘lsa, xotinim kabi atrofimda girdikapalak. Istaganimni muhayyo etishga shay turibdi. Yana menga nima kerak? Havo sovuq bo‘lsa, boradigan joyimning tayini yo‘q. Qolaversa, anavi qariyaning boshiga yetdim. U xohlagan vaqtda sotishi hech gapmas. Buyoqda turmadan qochganman. Baribir hayotim qil ustida. Ertami-kechmi, qo‘lga tushaman. Shunday ekan, hozircha kayf-safo qilib yursam nima bo‘pti? Birov meni urisharmidi?

Ana shunday xayollar bilan kunni kech qildim. Mariya shomga yaqin qo‘lida bir xalta yegulik, aroq ko‘tarib halloslagancha kirib keldi.

— Bilardim ketmasligingni! — yuzimdan o‘pib, qo‘lidagilarni dasturxonga qo‘ya boshladi u. — Yuragim sezgandi. Mensiz baribir adoyi tamom bo‘larding.

— Jahlimni chiqarma! — sir boy bermay uni urishdim. — Undan ko‘ra, kel, ichaylik. Negadir yuragim siqilyapti.

— Xo‘p, azizim, xo‘p! Ko‘rding-ku, sen uchun yelib-yuguryapman. Bo‘ldi, ichamiz!.. Yuragim yonib ketyapti!..

O‘rtaga jimlik cho‘kdi. Ikkalamiz ketma-ket qadahlardagi ichkilikni ko‘tardik. Mariya kolbasa ham keltirgan edi. Bir bo‘lak kolbasani og‘zimga solarkanman, bilmayman, o‘zim sezmagan holda unga ko‘zim tushdi. Aroqni ichib bitirgach, Mariya og‘zidan tupuk sachratib jonholatda gazakka yopishgandi. Shu ahvolda u ko‘zimga juda xunuk ko‘rinib ketdi. Azbaroyi g‘azablanganimdan stakanni to‘ldirib aroq quydim va ko‘tardim.

Stakanni joyiga qo‘yayotib esa mushtlarimni tugib ayolga nafrat aralash boqdim.

— Sen baribir menga yoqmaysan! — o‘shqirdim kutilmaganda. — Sen judayam jirkanch ayolsan! Eshityapsanmi, jirkanchsan!..

— Nima? — bu haqoratni kutmagan Mariya lab-lunji osilib bo‘shashgan ko‘yi qo‘lidagi kolbasa bo‘lagini idishga qo‘ydi-da, titray boshladi. — Shu gapni… Menga aytyapsanmi, jonim?..

— Kimga bo‘lmasa?.. Nega meni majburan ushlab o‘tiribsan?.. Kimsan o‘zing? Oynaga bir qara!.. Turqingni bir ko‘rgin!..

— Bilaman. — dedi shivirlab Mariya. — Jirkanchligimniyam, yoqimsizligimniyam bilaman… Faqat… Yo‘q, ishon, men albatta o‘zgaraman. O‘zimga qaraydigan bo‘laman… Faqat biroz kutgin, jonim!.. Ozgina sabr qilgin! Ketib qolmagin!.. Mayli, menga oltin topmasang ham roziman! Meni tashlab ketmasang bas! Seni yoqtirib qoldim, tushunyapsanmi?!.

— E, jonimga tegib ketding! — baqirdim tag‘in stakanni aroqqa to‘ldirish asnosida. — Odam deganiyam shunchalik past ketadimi?.. Bo‘ldi-da!.. Kanaday yopishib olganingni qara!.. Mana, ko‘rasan, shu kecha ketaman! Tongda uyg‘onasan-u, meni ko‘rmaysan.

— Yo‘q, — sovuq kulimsiradi Mariya. — Sen hech qayoqqa ketmaysan!.. Ketishingga yo‘l qo‘ymayman!.. Sen… Mana shu yerda, mana shu qalin o‘rmonda qolasan!..
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (10-qism)