Ish kuni ertalab soat qo‘ng‘irog‘i – budilnik ovozi uyquni ayovsiz buzishi holati hammaga tanish. Dastlabki daqiqalarda qayerda ekaningizni va ovoz qayerdan kelayotganini hatto tushunmay qolasiz. Qo‘ng‘iroqni "to‘xtash" funksiyasiga qo‘yib, yana uxlashda davom etasiz.
Bunday holatga har kuni ertalab duch keladiganlar uchun bir qator ilovalar o‘ylab topilgan. Masalan, "Alarmy". Uni smartfonga yuklab olsangiz, budilnikni shunchaki o‘chira olmaysiz. Buning uchun matematik masalani yechish (murakkablik darajasi foydalanuvchi xohishiga ko‘ra tanlanadi), telefonni qattiq silkitish yoki oldindan tanlangan qandaydir ob’ektni suratga olishga to‘g‘ri keladi. Bularning barchasi odamni uyg‘otishda oddiy budilnikka qaraganda samaraliroq hisoblanadi. Uyg‘otadi, lekin oxirigacha emas, bu haqda quyida batafsil tanishamiz.
"Uyg‘onganingizdan keyin yana biroz uxlab olish orqali fikrlaringizni to‘plab, o‘zimga kelib olaman, deb o‘ylaysiz. Lekin aslida uyg‘onish jarayonini qiyinlashtirasiz, xolos, – deb yozmoqda "New Yorker". – Siz yana mudrashni boshlaysiz va uyqu sikli qaytadan boshlanadi".
Olimlarning ta’kidlashicha, bu fazada uyg‘onish eng yoqimsiz hisoblanadi. Budilnik vaqtlari orasida mudrab olish umumiy uyqu vaqtiga qo‘shib hisoblanmaydi. Organizmning esa tiklanuvchi chuqur uyquga ketishga vaqti yetmaydi. Ushbu tadqiqotga ko‘ra, budilniklar orasidagi qisqa uyqu xuddi uyqusizlik kabi kayfiyatga va diqqatni jamlashga ta’sir ko‘rsatadi.
Odamlar ertalab uyqudan uyg‘onish qanchalik qiyin bo‘lsa, shunchalik yomon uxlagan bo‘laman, deb hisoblaydi. Surrey universitetidagi britaniyalik somnologlarning fikricha, budilnikni pauzaga qo‘yish odam uyg‘ongandan keyin kun davomidagi uning kognitiv funksiyasiga ta’sir qiladi. O‘zingizni dam olgandek sezish o‘rniga diqqatni jamlashda va qaror qabul qilishda qiyinchiliklarga duch kelasiz.
Garvard universiteti tibbiyot maktabi somnologlarining fikricha, odam uyqu siklining ko‘zlar tez harakati fazasida (REM) yangi axborotni qayta ishlaydi va ko‘nikmalarni mustahkamlaydi. Agar budilnik signallari orasida yana mudrab olish uchun uni vaqtliroq qo‘ysangiz, bu muhim fazani tasodifan to‘xtatib qo‘yishingiz mumkin. Shuning uchun budilnikni aynan uyg‘onmoqchi bo‘lgan vaqtga moslab qo‘yish kerak.
Uyg‘onish – butun organizm uchun muhim hodisa, biroq u hali yaxshi o‘rganilmagan. Uyqudan uyg‘oqlikka o‘tishda ko‘plab psixo-fiziologik jarayonlar ishga tushadi va bunda eng muhimi – uyquga ketishning ham, uyg‘onishning ham o‘z vaqtida bo‘lishi.
To‘satdan erta uyg‘onishning oqibatlaridan biri uyqu inersiyasi fenomeni hisoblanadi. U birinchi marta 1976 yilda ilmiy kitobda tavsiflangan. Uning mohiyati shundaki, kognitiv qobiliyat va mexanik mahoratga javob beruvchi qisqa xotira darhol faollashmaydi. Sizni qanchalik erta uyg‘otib yuborishsa, bunday xotira turini "yoqish" shunchalik qiyin bo‘ladi.
Hatto tez uyg‘ondik, deb hisoblasak ham, organizm tetiklashishi asta-sekinlik bilan boradi. Uyqudan uyg‘onish ongning zudlik bilan tiklanishi va diqqatning sekin (20-30 daqiqa ichida) jamlanishini o‘z ichiga oladi. Uyg‘ongandan so‘ng dastlabki ikki daqiqada bizning xotiramiz, reaksiya qilish va matematik masalalarni yechish qobiliyatimiz unchalik yaxshi ishlamaydi. Hattoki chiroqni yoqish kabi odatiy ishlar ham qiyindek tuyuladi. Neyrobiolog Kennet Raytning aytishicha, kognitiv jarayonlar eng yaxshi ishlaydigan vaqt uyquga ketishdan bir necha soat avval va eng yomoni uyqudan uyg‘ongan vaqtdir.
Yana bir tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, uyqu inersiyasi 2 soatgacha va undan ortiq davom etishi mumkin. Garvard tibbiyot maktabi somnologlari tadqiqot ishtirokchilarini 3 kun davomida kuzatishdi va uyqu inersiyasi effekti uyg‘ongandan so‘ng 2-4 soat vaqt ichida tarqalishini aniqlashdi. Tajribada qatnashgan odamlar uyg‘ongandan keyin 40 daqiqa o‘tgach, o‘zlarini tetik his qilishlarini aytishgan, biroq ularning kognitiv funksiyasi yana ikki soat o‘tgach “yoqilgan”.
Odamlar ikki sababga ko‘ra budilniksiz o‘zlari uyg‘onishadi – quyosh nuri ta’sirida va ichki soatlar tufayli. Ma’lumki, insonning biologik ritmi uning kun tartibi, ish tartibi kabilarga doim bog‘liq. Bunday farqni Myunxen universitetining xronobiologiya bo‘yicha professori Til Renneberg “ijtimoiy jetlag” deb ataydi. Uning 65 ming odam ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, dunyo aholisining taxminan uchdan bir qismi ushbu jetlagning og‘ir darajasidan aziyat chekmoqda. Tabiiy uyg‘onish vaqti bilan bilan ijtimoiy asoslangani orasidagi farq o‘rtacha 2 soatni tashkil etadi. 69 foiz odam bu jetlagni o‘rta darajada o‘tkazadi (1 soat farq).
Renneberg va psixolog Mett Uittmann uyqu biologik va ijtimoiy vaqtining bir-biriga surunkali mutanosibligi organizmga qimmatga tushadi, degan fikrga kelishdi. Odam ko‘proq “stimulyatorlar”ni iste’mol qilishni boshlaydi (kofein, alkogol, tamaki). Bundan tashqari, “ijtimoy jetlag”ning har soati semirib ketish ehtimolini 33 foizga oshiradi.
Yana bir tadqiqotda ta’qidlanishicha, aynan uyqu va uyg‘onish vaqtini to‘g‘ri tanlash (uning sifati va davomiyligi emas) o‘quvchilarning o‘zlashtirishi va ishning samaradorligiga ta’sir qiladi. Ya’ni kam uxlash – zarar, undan ham zararlisi tong qorong‘isida uyg‘onishdir. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”