08:30 / 24.02.2019
6 113

Aslo bolaga qo‘l ko‘tarmang

Aslo bolaga qo‘l ko‘tarmang
Ruhshunoslarning aytishicha, yoshligida, ko‘p kaltak yegan bolalar, doimo ikkilanadigan, qo‘rqoq bo‘lib qolishar ekan. Jismoniy kuch vositasida «tarbiyalangan» go‘daklarning zehni umuman kaltaklanmay o‘sgan bolalarnikiga nisbatan sustroq rivojlanarkan. Kaltak yegan bola qo‘rquv, ruhiy tushkunlikni his qilishadi. Kaltaklanish oqibatida yuzaga kelgan qo‘rquv esa bolalardagi qiziqishning yemirilishiga olib keladi. Hech narsaga qiziqmaydigan bolaning aqliy rivojlanishi ham to‘xtab qoladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra bolani kaltaklash bilan uni yomon ishlarni qilishdan qaytarib bo‘lmaydi. Bu chora ma’lum muddat tinchlikni saqlashi mumkin. Biroq tarbiyada tez-tez kaltaklash va boshqa jazolarni qo‘llash, bolada qilgan ishidan afsuslanish o‘rniga qasos, ota-onasidan achchiqlanish va nafrat tuyg‘ularining paydo bo‘lishiga olib kelar ekan.

Qaynonam doim “Bolani ursang eti, so‘ksang beti qotadi”, deydi. Rostdan ham urib-so‘kib tarbiyalangan bolalar og‘zi qo‘pol, asabiy, betgachopar bo‘lib qolishi isbotlangan.

Bolaga bu so‘zlarni ayta ko‘rmang
“Odam bo‘lmaysan”, “falonchiga o‘xshamay ket”, “Qo‘lingdan hech narsa kelmaydi”, — deyish mumkin emas. Bu gaplar uning o‘ziga ishonchini so‘ndiradi va u rostdan ham qo‘lidan ish kelmaydigan bo‘lib qoladi.

Yoshligimda bir qo‘shnimiz bo‘lardi. Bir kuni bolasi to‘polon qilavergach qo‘lida turgan kaltakchani otib yuboradi. Kaltakchaning uchi qizchaning labini yirtib yuboradi. Qizining oydek husniga soya solib turgan bu kemtik uchun ona hozirgacha o‘zni aybdor sezadi. Haqiqatda ham kichkina bolaga jahlini sochgan, aqlini ishga sololmagan ona bu ishda bosh aybdor emasmi? «Bir tayoq-baxt, bir tayoq-badbaxt» degan maqol bejizga paydo bo‘lmagan. Otgan kaltagimiz birda tegmasligi mumkin, ammo falokat oyoq ostida bo‘lishi ham bor gap. Ona sho‘rlik ham unday bo‘lsin demagandir. Ammo aqlni, fikrni ishga solib o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, o‘zimiz voyaga yetgan, ma’lumoti bor, o‘qimishli bo‘la turib jahlimizni boshqara olmayotgan ekanmiz, kichkina, ojiz va tarbiyamizga, mehrimizga muhtoj boladan nimani talab qilyapmiz?

Hazrati Anas roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladilar:
Insonlarning eng go‘zal axloqi bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari edi. Men yoshligimda, ularning xizmatlarini bajarib yurgan paytimda bir ehtiyojlari uchun meni bir joyga yubordilar. Men esa (o‘sha paytdagi yoshligimga borib): “Men bu ishga bormayman”, dedim. Biroq ko‘nglimda Allohning Rasuli buyurgan ishga borishim kerak degan niyatim bor edi. Shunday deb xayolimdan o‘tkazib, yo‘lga chiqdim. Yo‘lda ketib tursam ko‘chaning chetida o‘ynab turgan bolalar bilan uchrashib qoldim. Ular bilan o‘ynab, ishimni esimdan chiqarib qo‘yibman. Ma’lum vaqt o‘tganidan keyin qarasam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortimdan boshlarini tutib kulimsirab, qarab turgan ekanlar. Menga boqib: “Ey Anas(jon), aytgan joyimga bormaysanmi?” dedilar. Men esa: “Ha Rasululloh, hozir boraman” dedim.

Hazrati Anas roziyallohu anhu rivoyatni davom ettirib: “Allohga qasamki, men u zotning yetti yoki to‘qqiz yil xizmatlarida bo‘ldim. Bajarilgan birorta ishim tufayli “Nega bunday qilding?”, bajarilmagan birorta ishim sababli esa “Nega bunday qilmading?” deb aytganlarini bilmayman” (Muslim rivoyati).

Otajon, men sizni yaxshi ko‘raman!
Bir kuni bir odam yangi olgan mashinasini sozlash bilan mashg‘ul bo‘lib turganda, olti yoshli o‘g‘li yerdan tosh olib, mashinaning yon tarafiga chizib, tirnadi. Buni ko‘rgan otaning g‘azabi toshib, o‘g‘lining qo‘lidan tutib, chizgan qo‘liga bir necha marta urdi. Otaning qo‘lida muruvvat (bolt-gayka)larni qotirib-bo‘shatadigan kalit (klyuch) bor edi. U o‘zi sezmagan holda o‘g‘lining qo‘liga o‘sha kalit bilan urgan edi. Buning natijasida o‘g‘ilning barmoqlari kesilib, shifoxonaga yotqizildi. Bolakay uni ko‘rgani kelgan otasidan: “Barmoqlarim qachon o‘sib chiqadi?” deb so‘radi. Bu gaplarni eshitgan ota esa, alamiga chiday olmay, mashinaning oldiga borib, uni tepa boshladi. Charchab, o‘tirib qolganda, mashinaning eshigiga chizilgan chiziqlarga nazar soldi. Yaxshilab qarasa, o‘g‘li “Otajon, men sizni yaxshi ko‘raman” deb yozgan ekan.

Muhabbat va g‘azabning chegarasi yo‘q. G‘azabimiz kelganda o‘zimizni bosishni o‘rganmasak, keyin butun umrimiz davomida shu qilgan xatolarimiz tufayli afsus chekib yurishimiz mumkin.

Bilasizmi?
1. Yuzga urish miyadagi 300-400 hujayrani o‘ldiradi.
Boshni silash esa miyada yangi hujayralar paydo qiladi.
2. Elektron o‘yinlar ijtimoiy aqlni, lug‘aviy ziyraklikni barbod qiladi.
3. Bolaning fikrlari ustidan kulish, u taqdim qilgan ishlarni taqdirlamaslik natijasida undagi motivatsiya pasayib ketadi.
5. Bolaning yoshligidan u bilan suhbat qurish eshigining yopiqligi.
6. Ta’lim berish davomida suv ichishni kamaytirishi (miyaning 85% i suvdan iborat. Har 45 daqiqada 1 stakan suv ichish zarur.)
7. O‘quvchining qobiliyati va qiziqishlarini hisobga olmay o‘qitish samarali natijaga olib kelmaydi.
Saida tayyorladi

Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Aslo bolaga qo‘l ko‘tarmang
[/banner_pushhouse