Uyqu asab tizimiga orom beradi. Kishi uxlagan paytda kun bo‘yi ishlab charchagan bosh miya hujayralari dam oladi. Shuning uchun ham vaqtida uxlash uzoq umr ko‘rishga yordam beradi. Bulardan tashqari, sport bilan shug‘ullanish, toza havo, suv, quyosh inson salomatligi uchun zarurdir. Xursandchilik, ruh tetikligi, xushchaqchaqlik sog‘liqni saqlashga, uzoq umr ko‘rishga sabab bo‘ladi.
“Baxtli hayot sari” kitobidan
Tunda to‘satdan uyg‘onib ketdim. Odatimga ko‘ra yotog‘imdagi javon ustini paypaslab telefonimni oldim. Soat tungi 01:15. Internet moslamasini yoqib, feysbukdagi sahifamga kirdim. Menga o‘xshagan tungi bedorlar anchagina ekan. Sahifamdagi 1500ga yaqin do‘stlarimdan yuzdan oshig‘ining sahifasi onlayn holatda edi.
Sahifalardagi mulohaza va muhokamalarni kuzatib ikki soat ijtimoiy tarmoqda qolib ketganimni sezmay qolibman. Internetni o‘chirib, boshimga choyshabni o‘raganimdan keyin ham bir yarim soatlar uxlayolmadim. U yonboshdan bu yonboshga asabiy ag‘darilar ekanman, qayerdadir o‘qiganim — uyqusizlikka sabab bo‘ladigan holatlardan biri mobil telefondan foydalanish va ekranga uzoq tikilish ekanligi yodimga tushdi. Tongi beshga yaqin ko‘zim ilinibdi. Olti yarimlarda apil-tapil uyg‘onib, ro‘zg‘or ishlarini saranjomlab, nonushta qilishga ulgurmay, ishga kechikib keldim. Shu kuni ishimda unum bo‘lmadi. Boshim og‘rib, qovoqlarim tosh osilganday og‘irlashib qolgandi. Bu holatga tez-tez tushaman. Lekin bosh og‘rig‘i, kayfiyatsizlik, tushkunlik sababini uyqusizlikdan izlamagan ekanman.
Tuni bilan ijtimoiy tarmoqda vaqt o‘tkazib, kunim behuda o‘tgani va bosh og‘rig‘i jondan o‘tib, uyqusizlikning ijtimoiy zarari xususida jiddiy mulohaza qilishga qaror qildim. Bugun zamonaviy hayotda uyqu o‘z o‘rnini yo‘qotgandek, eng quyi darajalarga tushib qolgandek. Biz baxtli bo‘lish, uzoq umr ko‘rish, ozish, sog‘lom bo‘lish sirlarini bilishga haddan ortiq qiziqyapmiz, lekin bularning bari me’yordagi uyqu bilan bog‘liq ekanini mulohaza qilmayapmiz.
Uyqusizlikning ijtimoiy zararlari bormi? U qay ko‘rinishda va oqibati qanday bo‘ladi? Bugungi mulohazalar ayni mavzuda.
Uyqusizlikning men bilgan ijtimoiy xavfi shuki, ishxonadagi zerikarli, asabiy taranglikning xodimga salbiy ta’siridan yuzaga keladigan bu holat ish unumiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi,- deydi jurnalist Xurshida Abdullayeva. - Oqibatda o‘sha xodim ijodiy potensialidan yetarlicha foydalana olmaydi va jamiyat rivoji, yurt ravnaqiga yetarli hissa qo‘sha olmaydi.
Uyqusizlik qon aylanishi sustlashi, qon tarkibidagi xolesterinning ko‘payishi, hujayradagi modda almashinuvining buzilishi (O2 ning kirishi, SO2 chiqishi) ni olib keladi- deydi olim va yozuvchi Baxtiyor Abdug‘afur.
— Bunda odamning immun tizimi bo‘shashadi, stress (har qanday holdagisi) yuzaga keladi. Ana shunday sharoitda odam ishlay olmaydi, passivlashadi. Hamma narsa shundan boshlanadi.
Kuniga 13-14, hatto 20 soatlab ishlaydigan ayrim idoralar xodimlari 8-10 soat ishlab, kerak paytida dam olishsa, o‘zlarining ham, boshqalarning ham kayfiyatini buzishga va yana bir qator ijtimoiy tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sababchi bo‘lishmasdi,- deydi muhandis-dasturchi Rahimjon Turdiyev.
Mahfuza Erkinova, hisobchi: — Bir dugonam bor. O‘qituvchi. Sutkada 4 soat uxlaydi. Kundan kunga vazni oshib boryapti. Buning ustiga asabiy, injiq, yig‘loqi bo‘lib qolgan. Ozishga har qancha harakat qilmasin, foyda bermayapti. Dugonamga ruhiy holati va vazn ortishiga uyqu me’yoriga rioya qilmasligi sababligini aytsam, “Nima qilay, to‘rt soatdan ko‘p uxlolmayman. Shanba oqshomi uyqu dori ichib uxlayman” deydi. Aytishicha, maktabda uyqusirab yurmas ekan. “Ishim shu darajada ko‘pki, uyqusiraganimni bilmayman ham” deydi...
Mutaxassislar surunkasiga uyqusizlik yoki kam uxlash organizm uchun xavfli bo‘lgan jiddiy kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Me’yorida uxlamaslik organizmning himoya xususiyatini kuchsizlantirib, turli kasalliklarga chalinadigan qilib qo‘yadi. Oqibatda, organizmga har xil kasalliklar osonlik bilan o‘rnashib oladi.
Nega buncha asabiy bo‘lib qolyapmiz?
Bugungi zamonaviy odamlarni badqovoq, xo‘mraygan, jizzaki, asabiy ekani ko‘p mulohaza va muhokamalarga mavzu bo‘layapti. “Nega insonlar buncha qo‘pol va serzarda?” degan savolga aksariyat insonlar zamonaviy texnika vositalari, globallashuv jarayoni bilan bog‘liq holatlarni tilga oladi. Aslida, asabiylik va jizzakilikka uyqu me’yoriga amal qilmaslik sabab bo‘lmayaptimikan? Tunni internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqda o‘tkazgan bedor kun bo‘yi lanj, kayfiyatsiz yuradi, qulog‘iga gap yoqmaydi. Ish unumdorligi haqida-ku gap bo‘lishi mumkin emas.
Insomniya, ya’ni uyqusizlik kam uxlash bo‘lib, eng ko‘p uchraydigan uyqu buzilishi hisoblanadi. Kuzatuvlarda aniqlanishicha, rivojlangan mamlakatlar aholisining uchdan bir qismi insomniyadan qiynaladi. Aslida esa haqiqiy uyqusizlik bor-yo‘g‘i 10 foiz odamlarda qayd etiladi, qolgan holatlarda kam uxlashga turli-tuman kasalliklar yoki biror modda (qahva, dori, ayrim ozdiruvchi dorilar, psixotrop preparatlar)ning ta’siri sabab bo‘ladi.
Olimlar uyqusizlikka olib keluvchi ellikka yaqin sabablarni aniqlashgan, ular orasida asabiylik, stress, psixotrop preparatlarni qabul qilish, ichkilikbozlik, bosh miya kasalliklari, ish tartibi yoki yashash sharoitining o‘zgarishi kabilar bor.
Shunaqasi ham bo‘larkan
Xorij mutaxassislari tomonidan kuniga atigi 4 soat uxlaydigan bir ayolda uyqu bosqichlari to‘laqonli, biroq tezroq o‘tishi aniqlangan. Tarix dalolat qilishicha, taniqli insonlarning aksariyati kam uyqu bo‘lgan. Masalan: Napoleon, Pyotr I, Shiller, Gyote bir kunda 4-5 soat, mashhur fizik Edison esa atigi 2-3 soat uxlagan.
(Ol-la!) 1942 yilda tug‘ilgan vetnamlik Txay Ngok 31 yoshida bezgakni boshidan kechirgach, umuman uyqudan qolgan.
Tunda ishlab kunduzi uxlaydiganlar
Ayrimlar tuni bilan ishlab, kunduzi yotib uxlaydilar. Lekin mutaxassislarning fikricha, kunduzgi uyqu tungi uyquning o‘rnini bosa olmaydi. Qolaversa, insonning jismi va ruhiyati tungi uyquga moslashgan. Har qancha uxlab, dam olmasin, kunduzi inson organizmi tetik, uyg‘oq bo‘ladi. Bu holatda tiniqib uxlashning imkoni bo‘lmaydi.
Odam qancha uxlashi kerak?
Bu xususda tibbiyot fanlari doktori Dildora Haydarova shunday deydi:
O‘rta yoshdagilar uchun 6–8 soatlik (yoz oylarida 4–5 soat) tungi uyqu yetarlidir. Yosh bolalar esa ko‘p uxlashadi. Keksalik davrida uxlash davri ancha qisqaradi. Agar qariyalar kam uxlashlariga shikoyat qilishsa, ularga buning tabiiy hol ekanligini tushuntirish kerak. Aksincha, hadeb uyquga ketaveradigan qariyalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish lozim. Yosh bolalarda kam uxlash biror bir kasallik alomati bo‘lsa, qariyalarda ko‘p uxlash qaysidir bir kasallik alomati bo‘lishi mumkin. Agar inson olti soatlik uyqu bilan ham kunduzi uyqusiramay, asabiylashmay, tetik yursa, demak unga olti soat uyqu vaqti me’yorida bo‘ladi. Har kim uyqu vaqtini o‘zining holatiga qarab aniqlashtirib olishi mumkin. Uyqusizlikni o‘z-o‘zicha turli dorilar bilan davolashga urinish yaxshi emas. Albatta shifokor tekshiruvidan o‘tib, uning tavsiyalari aosida muolaja olib borish kerak.
Ahmadjon Hasanov, neropatolog – psixolog: Uyqu insonga Alloh tomonidan berilgan ne’mat. Tiniqib uxlaganida inson tanasidagi to‘qimalari bo‘shashib, organizmda moddalar almashinuvi yaxshilanadi. Uyqu mobaynida inson yangi kun uchun kuch-quvvat to‘playdi. Uyqu me’yoriga e’tibor berish kerak. Ortig‘i ham ziyon, kami ham zarar. Uyqusizlik yoki kam uyqulik oqibatida markaziy nerv sistemasi shikastlanadi. Uyqu vaqtiga rioya qilmaydigan insonlar tez asabiylashadigan, jahldor bo‘lib qoladilar. Oqibatda atrofdagilarning ham asabini buzishadi. Asabiylik esa hamma kasallikning boshi hisoblanadi.
Uyqu me’yori hammada bir xil bo‘lmaydi. Kuchli kaloriyali, yaxshi ovqatlanadigan, darmondorilarga boy yeguliklarni iste’mol qiladigan insonlar uchun sutkada 4-6 soat uxlasalar ham yetarli. Negaki, ularning organizmiga iste’mol qilgan mahsulotlari kuch-quvvat manbai bo‘la oladi. Kaloriyali ovqatlarni kam iste’mol qiladigan, ratsionida oqsil va uglevodlar yetarli bo‘lmagan kishilar tetik va sog‘lom yurishlari uchun zarur darmondorilarni uyqudan olishlari kerak. Ya’ni ular sutkada 8-9 soat uxlashlari kerak.
Xulosa
Uyqusizlikning eng katta ijtimoiy xavfi – asabiylik. Mutaassil asabiy holatda yurgan insonning immuniteti zaif, kasalliklarga chidamsiz bo‘ladi. Xotira sustligi, unutuvchanlik, hafsalasizlik va dangasalikdan qiynalayotgan insonlar uyqu rejimiga rioya qilmaydiganlardir. Hamma narsada bo‘lgani kabi uyquda ham me’yorni unutmaslik kerak.
Umida ADIZOVA
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?