273
Ihotalangan Rossiya va Xitoy valyutasi: yuan avtoritar davlatlar «qutqaruvchisi» bo‘la oladimi?
Yuan yangi mintaqaviy valyuta bo‘la oladimi? Fotograf: Kirill Kudryavsev / AFP/Getty Images
Xitoy valyutasi o‘z ta’sir doirasini kengaytirmoqda. Vashington global moliya tizimining quroliga aylanib borar ekan, unga qarshi yuandan vosita sifatida foydalanish tobora imkonli bo‘lib bormoqda.
Berlindagi Rossiya-Yevrosiyo Karnegi markazi birinchi direktori Aleksandr Gabuyev Bloomberg nashriga yangi sharoitlarda Xitoy valyutasining keyingi istiqbollari haqida so‘zlab berdi.
Xitoyning Rossiya bozoriga ta’siri yanada kuchayib bormoqda. Moskva birjasi tarixida ilk marta Xitoy yuani eng ko‘p sotilayotgan valyuta sifatida AQSH dollarini ortda qoldirdi. O‘tgan oyda yuan bozordagi ulushini savdo hajmining qariyb 40 foiziga yaqinlashtirdi.
Bu hol nechog‘lik e’tiborga molik bo‘lmasin, moliya bozorlarida umumqabul qilingan fikrlarga ko‘ra, toki Xitoy o‘z valyutasini to‘liq konvertlanadigan qilmas ekan, u dollar va yevro bilan jahon valyutasi sifatida baslasha olmaydi. Bu fikrga qo‘shilmaslik qiyin, SWIFT ma’lumotlari ham xalqaro to‘lovlarda 2016 yildan buyon Xitoy valyutasi Xalqaro valyuta fondining maxsus qarz huquqlariga qo‘shilganidan so‘ng ham yuan ulushi o‘rtacha o‘sishga erishganini ko‘rsatmoqda.
Biroq, mintaqa bo‘yicha olib qaralganda, yuanning xalqarolashuvi juda murakkab manzarani yaratadi. Kremlning Ukrainadagi urushi va g‘arb davlatlarining Rossiyaga nisbatan sanksiyalari tufayli xitoy yuani shimoliy Yevrosiyoda yetakchilik qiluvchi valyuta bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘lga tushib oldi.
Vladimir Putin qo‘shni davlatga keng miqyosda hujum qilgach, valyuta borasidagi qiyinchiliklar bozor mantig‘i ko‘p holda geosiyosatdan ustun kelishini namoyish etib berdi. Kreml tomonidan 2014 yilda Qrim anneksiya qilingach, Rossiya iqtisodiyotini dollardan xalos etish ham silliq kechmadi. Moskva mahalliy kompaniyalarni Xitoy bilan savdo-sotiqda rubl va yuandan foydalanishga chaqirdi. 2017 yilda AQSH Kongressi Amerika raqiblariga qarshi sanksiyalar vositasida kurashish to‘g‘risida qonun qabul qilgach, Rossiya Markaziy banki o‘z valyuta zaxiralari tuzilmasini jiddiy tarzda qayta ko‘rib chiqishga buyurdi. Xalqaro aktivlarning 15 foizi yuanga ko‘chirildi: bu har qanday global markaziy bankda yuan pozitsiyasining 10 barobar oshirilishini bildirar edi.
Kreml tomonidan berilgan turtkiga qaramasdan, to‘lovni konvertatsiya qilinmaydigan yuanda olishni istovchi kompaniyalar ko‘p bo‘lmadi. Moskva va Pekin o‘rtasidagi savdo-sotiq asosini tashkil etuvchi gaz va neftni olaylik. Rosneft Oil Co. kabi yirik davlat kompaniyalari Xitoy bilan shartnomalarni «zaharli» dollardan yevroga o‘tkazishdi. Rossiyaning ko‘plab energetika kompaniyalari Xitoydan neft konlari uchun burg‘ilash uskunlari kabi uskunalar sotib oladi. Shunda ham shartnomaning bir qismi uchungina yuanda to‘lov qilishga jazm etilgan: faqat o‘sha uskunalarni xarid qilish uchun. To‘lovning qolgan qismi Xitoydan tashqarida konvertlanadigan valyuta, asosan yevroda amalga oshirilgan.
Urush va uning ortidan kelgan sanksiyalar barchasini o‘zgartirib yubordi. Rossiyaning yuanga qaramligi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tezkorlik bilan o‘sib yubormoqda. Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 9 oyida yuanda hisoblangan Rossiya eksporti ulushi 0,4 foizdan 14 foizgacha o‘sgan. Yuandagi depozitlar barcha yirik banklarda mavjud, shuning uchun Rossiya uy xo‘jaliklarining yuandagi omonatlari noldan 6 milliard dollargacha sakragan: bu xalq qo‘lidagi xorijiy valyutalarning 11 foizi degani.
Rossiya Markaziy banki sobiq maslahatchisi Aleksandr Prokopenkoning Xalqaro tinchlik yo‘lida Kargnegi fondi uchun qilgan tadqiqotida ko‘rinishicha, Moskva birjasi ham yuanga haddan ziyod talab oshganini namoyon etmoqda. Yuandagi savdo hajmi urushgacha bo‘lgan 3 foizdan 33 foizgacha yetgan. Yuandagi savdolar dollar va yevrodagi savdodan oshib ketayotgan kunlar soni tobora ortmoqda.
Bu inqilobiy o‘zgarishlarni nafaqat Rossiyada sanksiyalar tufayli dollar va yevroga cheklovlar kiritilgani bilan, Rossiya savdosi geografiyasida tektonik siljishlar ro‘y bergani bilan ham izohlash mumkin. Sanksiyalar tufayli Moskvaning g‘arbdan importi qisqardi, g‘arbga eksport ham jabr ko‘rmoqda. Bu fonda Moskva o‘z savdosining katta qismini Xitoy tomon burishga majbur edi va 2022 yilda Rossiya importining 40 foizi, eksportining 30 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi.
Xitoydan bu qadar savdo qaramligi joriy yilda va keyingi yillarda ham ortib boradi, chunki Rossiya eksportiga g‘arb tomonidan neft va neft mahsulotlariga embargo va narx cheklovi joriy etilgani, boshqa sohalarga ham cheklovlar kengaytirilgani ta’sir qilmasdan qolmaydi. Import bilan ham shunday bo‘ladi, chunki AQSH va Yevropa Ittifoqi endi yangi sanksiyalar joriy etmasdan, joriy etilgan sanksiyalarning to‘laqonli amalga oshirilishi hamda unga og‘ishmay rioya qilinishini nazorat ostiga olmoqda. Rossiya importi va eksportining Xitoyga to‘g‘ri kelishi va oshib borishi RF moliya tizimi shiddat bilan davlat, korporativ va uy xo‘jaligi darajasida yuanlashayotgani o‘ta mantiqli ekanini ko‘rsatadi.
O‘lchami Rossiyaniki kabi iqtisodiyotlar uchun konvertlanmaydigan yuan ham mintaqaviy zaxira valyuta rolini o‘ynashi mumkinligi oydinlashmoqda.
Yevroosiyo qit’asining Xitoyga o‘sib borayotgan savdo-sotiq jihatdan bog‘langan Markaziy Osiyo davlatlari va Pokiston kabi ayrim davlatlari ham sekin-asta bundan namuna olishi mumkin. Saudiya Arabistoni kabi boshqa nodemokratik davlatlar Rossiya tajribasini diqqat bilan kuzatmoqda, garchi ular hamon dollarga ishonishsa-da, yuanning ulushini ehtiyotkorlik bilan oshirib borishadi. Bunday qilishdan maqsad AQSHning jahon moliya tizimiga aylanib qolishidan o‘zini sug‘urta qilish istagigina emas, Xitoyning o‘z savdo hamkorlarini ilg‘or texnologiyalar doxil ko‘plab zarur tovarlar bilan ta’minlay olish qobiliyati ham oshib borayotgani hamdir.
Geosiyosat, albatta, yaqin yillar ichida dollarning global taxtdan qulatilishiga olib kelmaydi. Biroq bu Xitoy atrofida sekin-asta yuanga asoslangan mintaqaviy moliyaviy arxitektura shakllanishi, jahon moliya tizimida «bolqonlashuv» yuz berishiga olib kelishi mumkin. Xitoyga yana bir geoiqtisodiy qudrat taqdim etish bilan birga, bu tendensiya kelgusida jahon iqtisodiyoti Pekin va Vashington tomonidan boshqariladigan qismlarga bo‘linishiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida avtoritar rejimlar uchun g‘arb sanksiyalari samaradorligini yo‘qqa chiqaradi, bunday davlatlar Xitoy bilan aloqalarni AQSH bosimiga qarshi chora sifatida ko‘ra boshlashadi. Rossiyaga bosim badali Vashingtonda reja qilinganidan qimmatrog‘ga tushishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?