date
views 33

Odessada Ukraina prezidenti va NATO bosh kotibi uchrashdi

Odessada Ukraina prezidenti va NATO bosh kotibi uchrashdi
Foto: Ukraina Prezidenti matbuot xizmati
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va NATO bosh kotibi Mark Ryuttening ish yuzasidan uchrashuvi 15 aprel kuni Odessada bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ukraina prezidenti devonxonasi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Vladimir Zelenskiy uchrashuvda Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa qurol-yarog‘larga bo‘lgan ehtiyoji muhokama qilinganini ma’lum qilgan.

“Biz Yevropa va Amerikadagi hamkorlarimiz bilan havo hujumidan mudofaa bo‘yicha kelishuvlarimiz amalga oshishiga umid qilamiz. Bizga Patriot tizimlari zarur, biz ularni sotib olish uchun birlashishga va mablag‘ topishga tayyormiz. Dunyoda bunday tizimlar mavjud va bizda rossiyaliklarning ballistik raketalaridan yetarlicha himoya bo‘lishi faqat yetakchilarning qaroriga bog‘liq”, dedi u.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
Zelenskiy nafaqat Ukrainada, balki butun Yevropada ham barcha xavfsizlik maqsadida birlashishi, ko‘proq qurol ishlab chiqarishi, ko‘proq qo‘shma mudofaa korxonalarini tashkil etishi zarurligini ta’kidlagan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya, Fransiya va NATOning boshqa davlatlari allaqachon xavfsizlik kontingenti uchun poydevorni faol tayyorlamoqda va “bu jarayonda tez va samarali bo‘lish” muhimdir.

O‘z navbatida, NATO bosh kotibi Mark Ryutte NATO Ukraina bilan yonma-yon turishini ta’kidlagan.

“Bizning qo‘llab-quvvatlashimiz shubhasizdir. NATO Ukrainaga siyosiy va boshqa turdagi yordam ko‘rsatishni davom ettirmoqda. Visbadendagi xavfsizlik bo‘yicha mashg‘ulotlar orqali biz bir-birimizga yanada yaqinlashmoqdamiz. Joriy yilning dastlabki uch oyida NATO hamkorlari Ukrainaga 20 milliard yevrodan ortiq yordam ko‘rsatdi. Biz Ukraina suveren va kuchli bo‘lishini hamda bundan keyin ham har qanday tajovuzga qarshi tura olishini istaymiz. Bugun men Tramp urushni tugatish va tinchlikni ta’minlash uchun Ukraina va Rossiya bilan muzokaralar olib borayotganini aytdim”, dedi Ryutte.

“Bu oson emas, ayniqsa, bunday zo‘ravonlik sharoitida. Lekin barchamiz janob Trampni qo‘llab-quvvatlaymiz. Buyuk Britaniya va Fransiyadagi hamkorlarimiz ham Ukrainada tinchlikni ta’minlash uchun o‘z qadamlarini qo‘ymoqda”, deya qo‘shimcha qildi NATO bosh kotibi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Odessada Ukraina prezidenti va NATO bosh kotibi uchrashdi