
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Vengriya delegatsiyasiga esa OTP Group kompaniyasi bosh direktori Gergey Pokosh boshchilik qildi.
Suhbatda O‘zbekiston-Vengriya hamkorligining dolzarb masalalari, O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va mamlakatda xorijiy biznesni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, bunga keyingi yillarda ishonchga asoslangan oliy darajadagi munosabatlar yordam berayotgani alohida ta’kidlandi. Vengriya biznesi O‘zbekistonga katta ishonch bildirmoqda – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil oktyabr oyida Vengriyaga qilgan rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi.
O‘zaro tovar ayirboshlashning asosiy pozitsiyalari to‘qimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari, farmatsevtika, mexanik va elektr jihozlari va boshqa tovarlardan iborat. 2024 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Vengriya kapitali ishtirokidagi 12 ta korxona, jumladan, 7 ta qo‘shma va 5 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda.
Investitsiya loyihalari portfeliga Vengriyaning OTP Group tarkibiga kiruvchi OTP banki tomonidan Ipoteka-bankni xususiylashtirish, Meditop Pharmaceuticals bilan yuqori texnologiyali farmatsevtika korxonasini tashkil etish va boshqa loyihalar kiradi. Kompaniyaning Sirdaryo viloyatida parrandachilik klasterini tashkil etish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirish borasidagi navbatdagi choralari konstruktiv tarzda muhokama qilindi.
Hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar tafsilotlarini muhokama qilib, tomonlar hujjat almashish marosimiga o‘tdilar. Xususan, Investitsiya bitimi, Sirdaryo viloyatida yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi, O‘zbekiston To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bilan ta’sis va nizom shartnomalari imzolandi.
ZA-Invest kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida klaster hududida 130 gektar maydonda 8 ta parrandachilik fabrikasi, inkubator, so‘yish va qayta ishlash sexlari, ozuqa ishlab chiqarish korxonasi, muzlatkich va ma’muriy binolar quriladi. Loyihaning quvvati yiliga 16 million dona broyler tovuqlari va 120 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Loyiha OTP Green Fund tomonidan moliyalashtiriladi va OTP Group tarkibiga kiruvchi ZA-Invest Poultry kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar