Oxirgi yillarda O‘zbekistonda budjet taqchilligi va davlat qarzi miqdori eng yuqori darajada shakllanishda davom etmoqda. Joriy yilgi va kelgusi uch yillik prognozlar qanday bo‘ladi?
Budjet taqchilligi kutilgandek bo‘ladimi?
O‘tgan 2023 yilda O‘zbekiston budjeti uchun og‘ir kelgan davrlardan bo‘ldi. Mamlakatning konsolidatsiyalashgan davlat budjeti taqchilligi 59,2 trillion so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotning 5 foizini tashkil etgan. Bu yangi davr uchun mutlaq rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Taqqoslash uchun, oxirgi 5 yilda konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti quyidagicha bo‘lgan:
2019 yilda —13,2 trillion so‘m;
2020 yilda — 26,1 trillion so‘m;
2021 yilda — 40,8 trillion so‘m;
2022 yilda — 35,2 trillion so‘m.
Jadval: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
2024 yil uchun tasdiqlangan budjet qonuniga ko‘ra, joriy yilda mamlakatning konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 375 trillion so‘mni, xarajatlari 427,6 trillion so‘mni tashkil etishi belgilangan. Bunda budjet taqchilligi 52 trillion so‘mdan ortishi kutilmoqda.
Ammo joriy yil 29 oktyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan yangi prognozlarda bu ko‘rsatkichlarda o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi. Xususan, 2024 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 377,7 trillion so‘mni, xarajatlari esa 434,8 trillion so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan. Shu bilan birga, budjet taqchilligi miqdori 57,2 trillion so‘m bo‘lishi ko‘rsatilgan. Bu ham hali yakuniy ko‘rsatkich emas. Daromad va xarajatlar nomutanosibligi yil oxirigacha bundan-da katta bo‘lish ehtimoli mavjud.
Infografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Vazirlik sharhiga ko‘ra, joriy yilgi davlat budjeti xarajatlari qayta ko‘rib chiqilib, xarajatlar tasdiqlangan budjetga nisbatan 1,5 foizga oshishi kutilmoqda. Bunda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizdan oshmasligi ta’minlanishi qayd etilgan.
2025 yilgi konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431,1 trillion so‘mni, xarajatlari 480,3 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi kutilmoqda. O‘rtadagi defitsit miqdori 49,3 trillion so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan.
Infografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
2026 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 496,5 trillion so‘m, xarajatlari 551,9 trillion so‘m bo‘lishi mumkin. Oradagi taqchillik 55,5 trillion so‘mga yetishi kutiladi.
2027 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari esa 565 trillion so‘m, xarajatlari 629,1 trillion so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda defitsit miqdori 64,1 trillion so‘mga yetishi qayd etilgan. Vazirlik tahlilida konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 2025–2027 yillarda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik belgilanayotgani keltirilgan.
Davlat qarzi bo‘yicha prognozlar qanday?
2024 yil 1 iyul holatiga O‘zbekiston davlat qarzi 37 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 33,2 foizni tashkil qilgan. Shundan davlat tashqi qarzi 30,9 milliard dollar (YAIMning 27,7 foiziga teng), davlat ichki qarzi 6,1 milliard dollarga (YAIMga nisbatan 5,5 foiz) yetgan.
Infografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy yil 1 iyul holatiga davlat qarzi mablag‘lari quyidagi tarmoqlarga sarflanganini ma’lum qildi:
- davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash dasturlariga — 13 milliard dollar;
- energetika loyihalariga — 5,7 milliard dollar;
- qishloq va suv xo‘jaligi loyihalariga — 2,8 milliard dollar;
- transport loyihalariga — 2,7 milliard dollar;
- uy-joy kommunal xo‘jaligi loyihalariga — 2,7 milliard dollar;
- sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari loyihalariga— 2,3 milliard dollar;
- boshqa sohalarga — 1,7 milliard dollar.
Infografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘z hisobotida O‘zbekiston davlat qarzi va mamlakatning umumiy tashqi qarzi bilan bog‘liq xatarlarni past darajada baholangan.
Oxirgi 5 yilda respublikada davlat qarzi miqdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 30 foizdan yuqori darajada shakllanib kelmoqda. Prognozlarga qaralsa, bu tendensiya davomli bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, 2024 yil yakunida davlat qarzi YAIMga nisbatan 35,5 foiz, 2025–2027 yillarda 36,7–37 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Budjet qonunida davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Avvalroq 2023 yil noyabrda e’lon qilingan budjetnomada yuqoridagi prognozlardan farqli raqamlar ko‘rsatilgan. Ya’ni 2024 yilda davlat qarzining YAIMga nisbati 37 foiz bo‘lishi ma’lum qilingan. 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich 37,4 foizni, 2026 yilda 37,9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmalari mavjudligi qayd etilgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2024 yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston nomidan davlat kafolati ostida jami 2,8 milliard dollarlik tashqi qarz shartnomalari imzolanganini ma’lum qilgan. Shuningdek, davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, joriy yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalarni qayta moliyalashtirish maqsadida jahon moliya bozorlariga 1,5 milliard dollar miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar chiqarilgan.
Vazirlik prognozlariga ko‘ra, kelgusi 2025 yilda O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 milliard dollar miqdorida belgilanmoqda. Shundan 3 milliard dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, budjet taqchilligini moliyalashtirishga, qolgan qismi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi