“Ishdagi ishq” qaytdi: Shahzoda Muhammedova obraz bilan barchani hayratlantirdi (video)

Shahzoda Muhammadova "Ishdagi ishq" filmidagi Lyudmila Kalugina obrazini zamonaviy talqinda qayta ijro etib, muxlislarni hayratga soldi. Uning video ko'rinishida obrazni aniq va mahorat bilan yaratgani, kiyinish uslubi va harakatlari original personajga juda yaqin bo'lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu ijodiy yondashuv katta qiziqish uyg'otdi va ko'pchilik uning aktyorlik mahoratini yuqori baholadi. Bu video nafaqat nostalgiya uyg'otdi, balki yangi avlod tomoshabinlarini klassik kino asariga qiziqtirishga ham xizmat qildi.
Aktrisa, dizayner va boshlovchi Shahzoda Muhammedova ijtimoiy tarmoqlarda yangi videosi bilan yana bir bor muxlislar eʼtiborini oʻziga qaratdi. U mashhur "Ishdagi ishq" («Slujebniy roman») filmidagi Lyudmila Kalugina obrazini zamonaviy talqinda gavdalantirib, tomoshabinlarni hayajonga soldi.
Video kadrlaridan koʻrinishicha, aktrisa filmdagi mashhur “qattiqqoʻl, jiddiy rahbar ayol” obrazini juda aniq va mahorat bilan qayta yaratgan. Uning kiyinish uslubi, yurish-turishi va hatto mayda detallargacha boʻlgan harakatlari original personajga juda yaqin chiqqan.
Maʼlumki, ushbu filmda Moskvadagi statistika qoʻmitasi rahbari — turmush qurmagan, talabchan va qatʼiy harakterli Lyudmila Kalugina hamda uning qoʻl ostida ishlovchi oddiy iqtisodchi Anatoliy Novoseltsev oʻrtasidagi munosabatlar tasvirlangan. Ilkda sovuq va hatto nafratga yaqin munosabatlar vaqt oʻtishi bilan samimiy muhabbatga aylanadi. Ana shu syujet bugunga qadar koʻpchilikning yodidan chiqmagan.
Shahzoda Muhammedovaning mazkur obrazni qayta jonlantirishi ijtimoiy tarmoqlarda katta qiziqish uygʻotdi. Izohlarda foydalanuvchilar uning aktyorlik mahorati, tabiiy ijrosi va obrazga chuqur kirib borganini alohida taʼkidlashmoqda. Koʻpchilik “obraz juda ham zoʻr chiqqan”, “aynan Kaluginaning oʻziga oʻxshab ketgan” kabi fikrlarni bildirgan.
Ayrim kuzatuvchilar esa bunday ijodiy yondashuvlarni milliy shou-biznesda kam uchrashini aytib, aktrisaning bunday tajribalarini qoʻllab-quvvatlashmoqda. Shubhasiz, mazkur video nafaqat nostalgiya uygʻotdi, balki yangi avlod tomoshabinlarini ham klassik kino asariga qiziqtirishga xizmat qildi.






























Izohlar 0
…