SpaceXAI va Anthropic sunʼiy intellekt sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻydi

SpaceXAI kompaniyasi Anthropic bilan strategik hamkorlikni eʼlon qildi. Ushbu kelishuv doirasida Claude sunʼiy intellekt modeli ishlab chiquvchilari dunyodagi eng yirik va tezkor Colossus 1 superkompyuter klasteridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Mazkur platforma 220 mingdan ortiq NVIDIA grafik protsessorlari, jumladan, H100, H200 va yangi avlod GB200 tezlatgichlari bilan jihozlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Anthropic vakillarining taʼkidlashicha, qoʻshimcha hisoblash quvvatlari Claude Pro va Claude Max xizmatlarining samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Ushbu resurslar katta hajmdagi til modellarini oʻqitish, generativ sunʼiy intellekt va ilmiy simulyatsiyalar kabi yuqori unumdorlikni talab qiluvchi vazifalarni bajarish uchun moʻljallangan.
Kompaniyalar yanada ulkanroq loyiha — bir necha gigavatt quvvatga ega orbital sunʼiy intellekt tizimlarini yaratish ustida ham ishlamoqda. Mutaxassislarning fikricha, kelajakdagi sunʼiy intellekt modellari shunchalik katta energiya va sovutish tizimlarini talab qiladiki, yer usti infratuzilmasi bunga yetarli boʻlmasligi mumkin. SpaceX kosmik platformalardan foydalanish orqali deyarli cheksiz energiya manbalariga erishishni maqsad qilgan.
SpaceX oʻzining raketa uchirish tezligi va orbital guruhlarni boshqarish tajribasi bilan ushbu gʻoyani ilmiy konsepsiyadan amaliy muhandislik dasturiga aylantirmoqchi. Eslatib oʻtamiz, 2026-yil fevral oyida SpaceX xAI kompaniyasini toʻliq sotib olgan edi. Hozirda xAI alohida kompaniya sifatida faoliyatini toʻxtatib, SpaceX tarkibidagi SpaceXAI brendi ostida birlashtirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!