2025 yilda 6 bloger milliardlab daromaddan qancha soliq to‘ladi?

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarda millionlab kuzatuvchilarga ega mashhur blogerlarning daromadlari va soliq faoliyati tahlil qilindi. Soliq qo‘mitasida blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilinishicha, 3 milliondan ortiq obunachiga ega olti nafar top bloger 2025 yil davomida jami 2,7 milliard so‘m daromad topgan.
Rasmiy hisobotlarga ko‘ra, ular budjetga 110,4 million so‘m miqdorida soliq to‘lagan. Mazkur blogerlar bir yil davomida 360 ta storis va 184 ta reklama posti joylashtirgani aniqlangan. Bu esa reklama bozori va blogerlik faoliyati tobora katta daromad manbaiga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.
Qo‘mita tomonidan sohaning eng faol 110 nafar vakili o‘rganilgan. Tahlillarga ko‘ra, ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor maqomida faoliyat yuritmoqda. Yana 22 nafari esa oddiy jismoniy shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Mutasaddilar ayrim blogerlarning daromadi va faoliyat ko‘lami kengayganiga qaramay, ular hanuz soddalashtirilgan faoliyat shaklidan foydalanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim kontent yaratuvchilar administrator, yordamchi va boshqa mutaxassislarni jalb qilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida reklama daromadlarini soliqqa tortish tartibi, daromadlarni rasmiylashtirish hamda qonunchilik talablariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, blogerlar uchun maxsus o‘quv seminarlarini tashkil etish va ularning huquqiy savodxonligini oshirish taklifi ilgari surildi.
Soliq qo‘mitasi vakillari blogerlik faoliyatida moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, reklamalarni rasmiylashtirish va sohani qonuniy asosda tartibga solish muhimligini alohida qayd etdi. Kelgusida onlayn reklama va blogerlik kontentlarini markirovkalash tizimini joriy etish ham rejalashtirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!