
O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi qayta hisoblab chiqildi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil uchun YAIM 115 milliard dollardan 121,4 milliard dollarga oshdi.
Bunga Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan iqtisodiy ma’lumotlar qamrovi kengaytilishi va qo‘shimcha 81 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat hisobga olinishi tufayli erishildi. Bu ma’lumot 27 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida e’lon qilindi.
Shuningdek, hisobotda 2017 yilda 50 foizni tashkil qilgan yashirin iqtisodiyot hajmi 2024 yilga kelib 35 foizgacha qisqargani qayd etildi. Yaqin kelajakda yana 79 trillion so‘mni ’soya’dan chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkichni 29 foizga tushiradi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, 60 ta yangi raqamli integratsiya tufayli biznesning hisobot yuklamasi 27 foizga kamaygan. Endi statistika tizimi onlayn kassalar, elektr energiyasi va gaz iste’moli, ekin maydonlari va hosildorlik haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda qabul qilmoqda.
Prezident statistika tizimi elektron savdo, IT xizmatlari, masofaviy xizmatlar va frilanserlik kabi tez rivojlanayotgan sohalarni to‘liq qamrab olishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, iste’mol narxlari indeksini hisoblashda qo‘lda ma’lumot yig‘ishdan voz kechib, zamonaviy IT yechimlari va sun’iy intellekt texnologiyalariga o‘tish topshirig‘ini berdi.
Yig‘ilishda, shuningdek, 2026 yilning yanvar oyida boshlanadigan aholini ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik masalasi ham muhokama qilindi. Bu jarayon ilk bor elektron shaklda amalga oshiriladi: ma’lumotlar planshetlar orqali to‘planib, geografik axborot tizimi orqali nazorat qilinadi.
9 008 ta mahallani qamrab oladigan rejalar tasdiqlangan va 60 mingdan ortiq ishtirokchi maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.