date

Vinisius mish-mishlarga nuqta qo‘ydi: «Real»da uzoq vaqt qolaman...

Vinisius mish-mishlarga nuqta qo‘ydi: «Real»da uzoq vaqt qolaman...

Madridning «Real» klubi atrofida har mavsum ayni bir ssenariy: yulduz o‘yinchi porlasa — darhol “ketayotgan ekan” degan gaplar chiqadi. Bu safar ham xuddi shunday bo‘ldi. «Qirollik klubi» hujumchisi Vinisius Junior jamoani tark etishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarga o‘z munosabatini bildirdi.

25 yoshli braziliyalik futbolchi Chempionlar ligasida «Monako»ga qarshi bahsda (6:1) haqiqiy shou ko‘rsatdi: bir gol urdi, yana ikki marta sheriklariga assist berdi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Shu kabi o‘yindan keyin, tabiiyki, muxlislar va OAVda uning kelajagi haqidagi savollar yanada ko‘paydi.

O‘yindan so‘ng Vinisius bu mavzuda aniq va xotirjam pozitsiya bildirdi. Uning ta’kidlashicha, «Real»da uzoq yillar davom etish istagi bor va hozircha vaziyatni “sensatsiya”ga aylantirish uchun sabab ham yo‘q.

«Men “Real”da uzoq vaqt qolishni xohlayman. Shartnomamga kelsak, yana bir yil bor, biz mutlaqo xotirjammiz. Men Florentino Peresga ishonaman, u ham menga ishonadi, munosabatlarimiz juda yaxshi. Barchasini mos vaqtda hal qilamiz. Shoshilishga hojat yo‘q», — dedi Vinisius. Uning so‘zlarini jurnalist Fabritsio Romano keltirdi.

Shu bilan birga, avvalroq ayrim manbalar «Real» va Vinisius yangi shartnoma bo‘yicha moliyaviy shartlar masalasida hali kelishuvga kelmagani haqida yozgan edi. Ammo futbolchining o‘zi bu vaziyatga nisbatan ham ortiqcha shovqinsiz, sokin munosabatda: vaqt bor, muzokara bor, qaror esa to‘g‘ri paytda qabul qilinadi.

Qisqasi, Vinisius hozircha “chemodan yig‘yapti” degan gaplarga emas, maydondagi ishiga tayanyapti. «Monako»ga qarshi o‘yin esa bir narsani ochiq ko‘rsatdi: Vinisius “Real” uchun hozir ham, kelajakda ham asosiy figuralardan biri bo‘lib qolishga tayyor.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Vinisius mish-mishlarga nuqta qo‘ydi: «Real»da uzoq vaqt qolaman...